Birinchi sovuq tushishi bilan dorixona peshtaxtalari vitamin C idishchalari bilan tūladi, reklama esa shamollash va grippdan himoya qilishni va’da beradi. Immunitetni askorbinka bilan «oziqlantirish» odati kōpchilik uchun ertalab tish tozalash kabi tabiiy bōlib qolgan. Ammo bu odat juda oshirib yuborilgan ilmiy ma’lumotlar asosida paydo bōlganini kamdan-kam odam biladi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Laynus Poling, taniqli amerikalik kimyogar va Nobel mukofotini yakka ōzi ikki marta olishga muvaffaq bōlgan yagona inson (1954 yilda kimyo bōyicha va 1962 yilda tinchlik mukofoti), 1970 yilda vitamin C va shamollash haqida kitob nashr etdi. U parhezshunos ham, infektsionist ham emas edi, lekin yaxshi sogʻliq uchun kuniga 1 000−2 000 milligramm vitamin C qabul qilish kerakligini, shamollashning oldini olish uchun esa bundan ham kōproq ichish zarurligini ta’kidladi. Kitob bestsellerga aylandi va qōshimchalar sotuvining kōp marotaba ortishiga sabab bōldi, buning tōlqini hozirgacha sezilmoqda.
Sōzlarini va tavsiyalarini Poling asosan Alp togʻlaridagi changʻi lagerida bolalar ōrtasida ōtkazilgan bitta platsebo-nazoratli tadqiqotga asoslanib tuzgan edi, keyinchalik yana bir nechta sūnggi tadqiqotlarni qōshdi. Ammo uning ushbu ishlar bōyicha tahlili keyinchalik jiddiy tanqidga uchradi: olim matematik xatolarga yōl qōydi, past sifatli tadqiqotlarga tayandi va bitta kichik guruhga haddan tashqari e’tibor qaratdi.
Ōshandan beri ancha kōp ma’lumotlar yigʻildi va endi manzara boshqacha kōrinishga ega. 2023 yilda nashr etilgan, 2 736 nafar sogʻlom insonni (bolalar, kattalar va sportchilarni) ōz ichiga olgan ōnta platsebo-nazoratli tadqiqotning yirik sharhi kuniga kamida 1 000 mg vitamin C muntazam qabul qilinishining shamollash davomiyligi va ogʻirligiga ta’sirini baholadi. Vitaminni doim qabul qilganlarda ogʻir simptomlar taxminan 15% ga qisqargan — bu kōrsatkich «uyda ōtkazilgan kunlar» soni bōyicha ōlchangan, mualliflarning ōzlari buni mukammal bōlmagan metodika deb tan olishgan. Yengil simptomlarning davomiyligi esa ōzgarmagan.

2013 yildagi boshqa bir meta-tahlil shuni kōrsatdiki, pastroq dozalar (kuniga taxminan 200 mg) umumiy aholi orasida shamollashlar sonini kamaytirmagan. Biroz effekt faqat sportchilar va harbiy xizmatchilarda kuzatilgan — ularda shamollash kamroq uchragan. Shu bilan birga, bolalarda ham, kattalarda ham vitamin C ni muntazam qabul qilish simptomlarning namoyon bōlishini taxminan 8−14% ga kamaytirgan. Ammo askorbinkani «amal amalda», ya’ni tumovning birinchi belgilari paydo bōlganda qabul qilish hech qanday foyda keltirmagan.
Agar bu foizlarni odatiy kasallik muddatlariga ōgiradigan bōlsak, ancha kamtarona natija kelib chiqadi: ogʻir simptomlarning besh kunida ularning davomiyligi taxminan 12 soatga qisqaradi; agar kuchli holsizlik bir sutka davom etsa — bir-ikki soatga. Shu bilan birga, yuqtirish xavfi kamaymaydi: hech bir tadqiqot vitamin C shamollash ehtimolini kamaytirishini tasdiqlamagan.
Poling tomonidan tavsiya etilgan kuniga 1 000−2 000 mg doza xavfsiz dozirovkaning yuqori chegarasida joylashgan. Xususan, AQShda kattalar uchun askorbin kislotasining maksimal ruxsat etilgan dozasi — 2 000 mg, ammo mutaxassislar sutkasiga 1 000 mg dan ortiq qabul qilmaslikni maslahat berishadi. Bu tavsiya etilgan sutkalik normadan bir necha baravar yuqori: dunyodagi kōpchilik klinik tavsiyalarda kattalar uchun u atigi 45 mg ni tashkil etadi — shuncha vitamin C yarimta apelsinda, uch-tōrtta brokkoli tōpgulida yoki uchdan bir stakan apelsin sharbatida mavjud.

Askorbin kislotasining yuqori dozalarini (kuniga 1 000 mg dan ortiq) doimiy ravishda qabul qilish nojōya ta’sirlar xavfini oshiradi: me’da va ichak buzilishi, buyraklarda tosh paydo bōlishi, tashxis qōyilmagan gemoxromatozi bor odamlarda organizmda temirning haddan tashqari tōplanishi.
Agar siz baribir vitamin C qōshimchalarini qabul qilishni rejalashtirayotgan bōlsangiz, ularning dozirovkasini shifokor bilan muhokama qilish maqsadga muvfiqdir. Shu bilan birga, zamonaviy dunyoda askorbin kislotasi tanqisligi juda kam uchrashini va kōp hollarda sizni u bilan ta’minlash uchun hovuch-hovuch qōshimchalar emas, balki odatiy ratsion kifoya qilishini unutmaslik muhimdir. Ushbu vitamin tarkibi bōyicha «chempionlar» qatoriga faqat limon, apelsin va brokkoli emas, balki na’matak damlamasi, bulgʻor qalampiri, tuzlangan karam, klyukva va kōkatlar ham kiradi.
Poling va reklama tomonidan askorbin kislotasi uchun yaratilgan shamollashdan «mō me’jizaviy qalqon» obrazini zamonaviy fan tasdiqlamaydi. Vitamin C — ovqatlanishning muhim tarkibiy qismi, ammo mō’jizakor habdori emas: u kasallikning eng ogʻir kunlarini biroz yengillashtiradi, xolos, lekin shamollashning ōzini oldini olmaydi va kasallikning umumiy davomiyligini qisqartirmaydi.
Ilgari biz har kuni anor esak nima bōlishi haqida sōzlab bergan edik.

