Bolotanada yashovchi har yettinchi ayol 100 yoshni qarshi oladi. Bu bir qator omillar, jumladan, hududning geografiyasi bilan izohlanmoqda.
— Манба: «Daryo» нашри.

Olimlar Italiyaning Sardiniya orolidagi Bolotana qishlog‘ida “ko‘k zona” — g‘ayritabiiy darajada uzoq umr ko‘ruvchi odamlar ko‘p bo‘lgan hududni aniqladi. Bu yerda ayniqsa ayollar juda uzun hayot kechiradi. Bu haqda BILD xabar berdi.
Italiya va AQSH olimlarining tadqiqotiga ko‘ra, bu qishloqda yashovchi 70 yoshli ayolning 100 yoshga kirish ehtimoli 13,8 foizni tashkil etadi. Bu taxminan har yettinchi ayol 100 yoshni qarshi oladi deganidir.
Bolotana Sardiniyaning sharqiy qismidan taxminan 110 kilometr uzoqlikda joylashgan. Orolning o‘zi allaqachon odamlar juda uzoq umr ko‘radigan “ko‘k zonalar”dan biri sifatida tanilgan. Qishloqda 2300 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. 2025-yil oxiriga kelib, bu yerda 100 yoshdan oshgan 12 nafar uzoq umr ko‘ruvchi borligi qayd etilgan.
Tadqiqotchilar 1900–1925-yillarda Bolotanada tug‘ilgan odamlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. Jami 3060 nafar kishidan 38 nafari 100 yoshgacha yashagan. Olimlar uzoq umr ko‘rganlarning yoshini shahar reyestrlari, cherkov qaydlari va oilaviy arxivlar orqali tekshirib chiqqan.
Uzoq umrning siri nimada?
Bu holatning aniq sababi hozircha topilmagan. Olimlar buning ehtimoliy sabablari sifatida O‘rta Yer dengiziga oid parhez, jismoniy faollik, mustahkam oilaviy rishtalar va boy ijtimoiy hayotni ko‘rsatmoqda. Qishloq qir-adirlikda joyda joylashgan, shu sababli uning aholisi juda ko‘p piyoda yuradi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining salmoqli qismi shu yerning o‘zida yetishtiriladi.
E’tiborlisi, Sardiniyaning odamlar uzoq umr ko‘radigan boshqa hududlarida asosan erkaklar ko‘p yashaydi. Bolotanada esa rekord ko‘rsatkichlar asosan ayollar o‘rtasida kuzatilmoqda.

