Doimiy charchoq, mushaklar zaifligi va kayfiyat tushishi D vitamini yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo bu holatni alomatlar orqali aniqlash mumkinmi va qachon tahlil topshirish kerak?
— Манба: «Daryo» нашри.

D vitamini suyaklar va mushaklar salomatligi, shuningdek, immun tizimining me’yorida ishlashi uchun zarur. U organizmga oziq-ovqat orqali tushadi, bundan tashqari, quyosh nuri ta’sirida terida ham hosil bo‘ladi.
D vitamini yetishmovchiligi uzoq vaqt sezilmasligi mumkin. Quyida uning ehtimoliy belgilari, kimlarga tekshiruvdan o‘tish tavsiya etilishi va bolalarda bu holatning oldini olish usullari haqida so‘z yuritamiz.
D vitamini yetishmovchiligining qanday belgilari bor?
Dastlabki bosqichlarda D vitamini yetishmovchiligi aniq alomatlarsiz kechishi mumkin. Ayrim hollarda quyidagi belgilar kuzatiladi:

- doimiy charchoq va ish qobiliyatining pasayishi;
- mushaklar zaifligi;
- suyaklarda og‘riq;
- odatiy jismoniy mashg‘ulotlarni bajarishda qiynalish.
Ba’zida kayfiyat tushishi va tez-tez shamollash ham kuzatiladi. Biroq bu belgilar faqat D vitamini yetishmovchiligiga xos emas, ularga boshqa omillar ham sabab bo‘lishi mumkin.
Kattalarda D vitamini uzoq vaqt davomida keskin yetishmasa, suyaklar yumshab, mo‘rtlashadigan osteomalyatsiya kasalligi rivojlanishi mumkin. Bolalarda esa raxit yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Shuni unutmaslik kerakki, ushbu alomatlar asosida mustaqil tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Zarur bo‘lsa, shifokor tekshiruv tayinlaydi.
D vitamini darajasi qanday tekshiriladi?
Organizmdagi D vitamini miqdorini aniqlash uchun qonda 25(OH)D — 25-gidroksivitamin D ko‘rsatkichi tekshiriladi. U oziq-ovqat, qo‘shimchalar va quyosh nuri ta’sirida terida hosil bo‘lgan D vitamini miqdorini baholashga yordam beradi.

Biroq hamma ham muntazam ravishda ushbu tahlilni topshirishi shart emas. Sog‘lom va xavf omillari bo‘lmagan odamlarga D vitamini darajasini muntazam tekshirtirish, odatda, talab etilmaydi.
Kimlarga tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi?
D vitamini so‘rilishi yoki almashinuviga ta’sir qiladigan kasalliklari bor insonlar shifokor bilan tekshiruv zaruratini muhokama qilishi kerak. Bunga jigar, buyrak va ichakning ayrim surunkali kasalliklari kiradi.
Osteoporoz, yengil jarohat natijasida takroriy suyak sinishi, yaqqol semizlik yoki D vitamini almashinuviga ta’sir qiluvchi ayrim dorilarni qabul qilish holatlarida ham qo‘shimcha tekshiruv talab etilishi mumkin.
Yosh, homiladorlik, terining to‘q rangdaligi va quyoshli kunlar kam bo‘lgan hududda yashash ham organizmdagi D vitamini miqdoriga ta’sir qilishi mumkin. Ammo bu omillarning o‘zi har doim tahlil topshirish zarurligini anglatmaydi. Tekshiruvga ehtiyojni shifokor bilan birga aniqlash ma’qul.
Bolalarda D vitamini yetishmovchiligi qanday namoyon bo‘ladi?
D vitamini bolalik davrida, suyaklar shakllanib, skelet faol o‘sayotgan paytda ayniqsa muhim.
Mushaklar zaifligi, suyaklarda og‘riq va harakatlanish ko‘nikmalarining kech rivojlanishi ehtimoliy belgilar hisoblanadi. Og‘ir holatlarda oyoqlarning qiyshayishi, qovurg‘alar sohasida bo‘rtmalar va skeletning boshqa o‘zgarishlari kuzatilishi mumkin.

Bezovta uyqu, ishtahaning pasayishi yoki tez charchash esa D vitamini yetishmovchiligini aniq ko‘rsatuvchi belgilar emas.
Ayniqsa, chaqaloqlarda D vitamini yetishmovchiligining oldini olish muhim. Jumladan, faqat ona suti bilan oziqlanadigan bolalar ham qo‘shimcha D vitaminiga muhtoj bo‘lishi mumkin, chunki ona suti odatda ularning ehtiyojini to‘liq qoplamaydi.
Muddatidan oldin tug‘ilgan, jigar yoki buyrak kasalliklari, oziq moddalarining so‘rilishidagi buzilishlar mavjud bo‘lgan hamda ayrim tutqanoqqa qarshi dorilarni qabul qiladigan bolalar alohida nazoratga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Sog‘lom bolalarga profilaktika maqsadida D vitamini berish bilan qondagi uning miqdorini muntazam tekshirish bir xil narsa emas. Profilaktik doza qabul qilayotgan har bir bolaga tahlil topshirish shart emas.
Bolalarga qancha D vitamini kerak?
D vitaminiga bo‘lgan ehtiyoj bolaning yoshi va sog‘lig‘iga bog‘liq. Xalqaro tavsiyalarda kunlik iste’mol uchun quyidagi miqdorlar ko‘rsatiladi:
- Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 400 XB.
- Bir yoshdan katta bolalar va o‘smirlar — kuniga 600 XB.
Ayrim mamlakatlarda, jumladan, Rossiya tavsiyalarida muayyan yosh guruhlari uchun profilaktik dozalar yuqoriroq belgilanishi mumkin. Bunda kunlik tavsiya etiladigan miqdor bilan dori sifatida qabul qilinadigan doza o‘rtasidagi farqni hisobga olish kerak. Bolaga qo‘shimcha D vitamini berish va uning miqdorini pediatr belgilashi lozim.
D vitamini yog‘da eriydigan vitamin bo‘lgani uchun ortiqcha miqdorda qabul qilinganda organizmda to‘planib, zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli dozani o‘zboshimchalik bilan oshirish tavsiya etilmaydi.
D vitamini yetishmovchiligining oldini qanday olish mumkin?
D vitamini miqdorini me’yorda saqlash uchun to‘g‘ri ovqatlanish va zarur hollarda profilaktik qo‘shimchalarni qabul qilish muhim.

Ratsionga yog‘li baliq, tuxum sarig‘i va D vitamini bilan boyitilgan mahsulotlarni kiritish mumkin. Biroq faqat oziq-ovqat orqali organizmning ehtiyojini to‘liq qoplash har doim ham oson emas.
Quyosh nuri D vitamini hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Ammo uning yetishmovchiligini bartaraf etish uchun ataylab qorayish tavsiya etilmaydi. Ultrabinafsha nurlar teriga zarar yetkazishi va teri saratoni xavfini oshirishi mumkin. Bolalarni quyoshdan himoya qilish qoidalariga rioya etish ayniqsa muhim.
Agar D vitamini yetishmovchiligidan shubhalansangiz, o‘zingizcha yuqori dozali qo‘shimchalarni qabul qilishni boshlamang. Shifokor xavf omillarini baholab, tahlil yoki davolash zarurligini aniqlaydi.
Muhimi: D vitamini yetishmovchiligi har doim ham sezilarli alomatlar bilan namoyon bo‘lmaydi. Charchoq va kayfiyat tushishi esa o‘z-o‘zidan uning yetishmasligini tasdiqlamaydi. Muntazam tahlil hamma uchun zarur emas, biroq bolalarda va xavf omillari mavjud bo‘lganda profilaktikaga alohida e’tibor qaratish lozim.

