Magniyning aminokislota glitsin bilan birikmasi so‘rilish tezligi va samaradorligi jihatidan o‘rtacha o‘rinni egallaydi.
— Манба: «Daryo» нашри.

Magniy preparatlarining organizmga qay darajada samarali so‘rilishi uning tarkibidagi qo‘shimcha molekulaga bog‘liq. Mutaxassislar ushbu mineralning turli shakllari bir-biridan qanday farq qilishi va ularni to‘g‘ri tanlash bo‘yicha tavsiyalarini ma’lum qildi.
Tushuntirilishicha, magniyni sof holda tabletka shakliga keltirib bo‘lmaydi. U albatta boshqa bir molekula — “tashuvchi” yoki “tuz” bilan birikkan bo‘lishi kerak. Magniyning qon tizimiga qanchalik tez o‘tishi va undan qancha miqdori organizmga singishi aynan mana shu moddaga bog‘liq. Tuz oshqozon-ichak yo‘lida qanchalik yaxshi erisa, undagi foydali modda ham shunchalik ko‘p so‘riladi.
Masalan, magniyning limon kislotasi bilan birikmasi (sitrat) suvda juda yaxshi eriydi va qo‘shimcha parchalanishni talab qilmaydi. Shuning uchun u qonga tez so‘riladi.
Magniy shakllarining farqi nimada?
Mutaxassislarning bildirishicha, magniy oksidi o‘ta yomon eriydi. Uning parchalanishi uchun oshqozondagi kislotali muhit zarur bo‘lib, shunda ham mineralning katta qismi so‘rilmasdan, organizmdan chiqib ketadi.
Magniyning aminokislota glitsin bilan birikmasi (glitsinat) esa so‘rilish tezligi va samaradorligi jihatidan o‘rtacha o‘rinni egallaydi.
Qaysi shaklini tanlash kerak?
Shunga qaramay, magniy shaklini mustaqil ravishda emas, balki shifokor bilan maslahatlashgan holda tanlash lozim. Shifokorlar preparatni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad va bemorning umumiy holatiga qarab quyidagilarni tavsiya qiladi:
• Ehtiyojni qoplash va yurakni quvvatlash uchun: Biologik jihatdan yuqori singuvchanlikka ega bo‘lgan glitsinat va sitrat shakllari tavsiya etiladi. Ular mushaklardagi zo‘riqishni ham yaxshi bartaraf etadi.
• Qabziyat muammosi bo‘lganda: Sitrat yoki oksid shakllari buyurilishi mumkin. Bu turlar ichak faoliyatini yengil darajada rag‘batlantiradi.
• Sezgir oshqozon-ichak tizimi uchun: Ko‘pincha glitsinat shakli tayinlanadi. U ichak shilliq qavatini zararlamaydi va ich ketishiga sabab bo‘lmaydi.

