Kechqurun choy bilan ikki-uch bo‘lak qora shokolad iste’mol qilish stressni kamaytirishga va temir zaxirasini to‘ldirishga yordam berishi mumkin.
— Манба: «Daryo» нашри.

Ferritin miqdorining pastligi bugungi kunda ko‘plab ayollarda uchraydigan muammolardan biri. Bu yetishmovchilik nafaqat tashqi ko‘rinishga, balki umumiy salomatlik va kayfiyatga ham ta’sir qiladi.
Ferritin miqdorini oshirish va uni me’yorda saqlash uchun faqat dori vositalari yoki tomir orqali yuboriladigan preparatlarga tayanish shart emas. Kundalik ratsionga temirga boy ayrim mahsulotlarni qo‘shish ham yordam berishi mumkin.
Odatda shifokorlar grechka va jigar iste’mol qilishni tavsiya etadi. Shirinliklar esa ko‘pincha temirning dushmani sifatida ko‘riladi. Ammo temir zaxirasini to‘ldirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan shirin mahsulotlar ham yo‘q emas.
Taxini pastasi bilan xurmo

Xurmo tarkibida gemli temir va tabiiy glyukoza bor. U organizmni energiya bilan ta’minlaydi. Kunjutdan tayyorlanadigan taxini pastasi esa kalsiy va misga boy. Mis temir almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Mualliflarning tavsiyasiga ko‘ra, kuniga ikki dona xurmoni bir qoshiq taxini bilan iste’mol qilish mumkin.
Kakao miqdori 85 foiz bo‘lgan shokolad

Temirning organizmga yomon so‘rilishiga sabab bo‘ladigan omillardan biri stress hisoblanadi. Kakao tarkibida esa temir va magniy mavjud. Shokoladdagi kakao miqdori qancha yuqori bo‘lsa, unda temir shuncha ko‘p, shakar esa kamroq bo‘ladi. Kechqurun choy bilan ikki-uch bo‘lak qora shokolad iste’mol qilish stressni kamaytirishga va temir zaxirasini to‘ldirishga yordam berishi mumkin.
Shakarsiz olma qoqisi

Olma tarkibidagi C vitamini boshqa mahsulotlardan temirning o‘zlashtirilishini yaxshilaydi. Shakarsiz tayyorlangan tabiiy olma qoqisi tushlik yoki kechki ovqatda iste’mol qilingan temirning organizmga yaxshiroq singishiga yordam berishi mumkin. Uni bir hovuch yong‘oq bilan iste’mol qilish ham mumkin.
Kunjut holvasi

Kunjut temir va misga boy o‘simlik mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli tarkibi sifatli va ortiqcha qo‘shimchalarsiz tayyorlangan kunjut holvasi ushbu foydali moddalarning manbai bo‘lishi mumkin. Maqolada ta’kidlanishicha, holvaning kichik bir bo‘lagi ham organizmning misga bo‘lgan kunlik ehtiyojini qondirishga yordam beradi.
Zanjabil qoqisi

Zanjabil organizmdagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishga yordam berishi mumkin. U qondagi ferritin miqdori yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ladigan yallig‘lanish jarayonlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, zanjabil boshqa mahsulotlar tarkibidagi temirning o‘zlashtirilishiga yordam berishi aytiladi. Shu bois uning qand qo‘shib tayyorlangan qoqisini oz miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi.

