Источник: Google Gemini

Tadqiqot doirasida 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 205 ming nafar ishtirokchining ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Olimlar shakarsiz qora qahva Alsgeymer va Parkinson kasalliklari xavfini kamaytirishini aniqladi

Alsgeymer va Parkinson kasalliklari dunyoda eng ko‘p tarqalgan neyrodegenerativ (asab tizimi yemirilishi) kasalliklar sirasiga kiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 63 milliondan ortiq kishi ushbu xastaliklardan aziyat chekmoqda. Bu esa ularni keksalar o‘rtasida nogironlikning asosiy sabablaridan biriga aylantirgan.

Alsgeymer kasalligi — xotira, fikrlash jarayonlari va xulq-atvorning yomonlashishi bilan tavsiflanuvchi rivojlanib boruvchi nevrologik xastalikdir. Miyada amiloid quyqalari va tau tugunlarining to‘planishi oqibatida hujayralar nobud bo‘ladi va kognitiv funksiyalar yo‘qoladi. Parkinson kasalligi esa dofamin ishlab chiqaruvchi hujayralarning yemirilishi tufayli harakat funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning alomatlariga qaltirash, mushaklar qattiqlashishi va harakatlarning sekinlashishi kiradi. Vaqt o‘tishi bilan ularga kognitiv buzilishlar, depressiya va uyqu muammolari ham qo‘shilishi mumkin.

Xitoylik mutaxassis Tinszin Chjan rahbarligida 2025-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda iste’mol qilinadigan qahva turi, miqdori va ushbu kasalliklarning rivojlanish xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganildi. Ishning o‘ziga xosligi shunda ediki, unda birinchi marta qahvaning har xil turlari, jumladan, shakarsiz, shakarli va sun’iy qo‘shimchali variantlarining ta’siri solishtirildi.

Tadqiqot doirasida 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 204 847 nafar ishtirokchining ovqatlanish va ichimliklar iste’moli bo‘yicha ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.Image

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilarning qariyb 54 foizi shakarsiz qahvani ma’qul ko‘rgan, 16 foizi qahvani shakar bilan, 7 foizi sun’iy shirinlashtiruvchilar bilan ichgan, 24 foizi esa qahva o‘rniga choy ichishni afzal bilgan. Shakarsiz qahva ichganlarda Alsgeymer kasalligi, demensiya va Parkinson kasalligi rivojlanish xavfi qahva ichmaydiganlarga qaraganda 29–30 foizga past bo‘lib chiqdi. Shuningdek, ularda ushbu kasalliklardan o‘lim xavfi 43 foizga kamaygan.

Kofeinsiz qahva ham ijobiy natija ko‘rsatib, neyrodegenerativ kasalliklar xavfini 34–37 foizga, bu kasallik tufayli o‘lim holatlarini esa 47 foizga kamaytirgan. Biroq bunday natijalar faqat shakarsiz qahva ichuvchilar orasida kuzatilgan. Qahvaga shakar yoki shirinlashtiruvchilar qo‘shilishi ichimlikning ijobiy ta’sirini butunlay yo‘qqa chiqargan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, shakarsiz qahva (kofeinli yoki kofeinsiz) miya kasalliklarining oldini olish va salomatlikni saqlashda foydalidir. Biroq mutaxassislar ushbu tadqiqot kuzatuv xarakteriga ega ekanini, shu tufayli sabab-oqibat bog‘liqligini to‘liq isbotlay olmasligini ham qayd etgan. Qahva iste’moli kasalliklar xavfiga ta’sir qilishi istisno etilmaydi, ammo ushbu kasalliklarning boshlang‘ich alomatlari ichimlik borasidagi afzalliklarni o‘zgartirishi yoki ikkala omilga ham uchinchi bir o‘zgaruvchi ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Shunga qaramay, natijalar shakarsiz qahva iste’mol qilish miya salomatligini saqlash va neyrodegenerativ kasalliklar xavfini kamaytirishning oddiy va hamyonbop usuli ekanini tasdiqlamoqda.

#Suv#altsgeymer#parkinson#qahva#salomatlik

Asila Aliboyeva

muxbir

Asila Aliboyeva

От qwert.uz