Источник: Google Gemini

Nemis olimlari mingdan ortiq odamning DNK namunalarini tahlil qilib, eng sezilarli o‘zgarishlar o‘smirlarda kuzatilganini aniqladi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Koronavirus pandemiyasi biologik qarishni tezlashtirdi — tadqiqot
Foto: pixabay.com

COVID-19 pandemiyasi odamlarning nafaqat ruhiyatida iz qoldirdi, balki ko‘pchilikda qarish jarayonlarini ham tezlashtirdi. Eng sezilarli o‘zgarishlar o‘smirlarda aniqlandi. Ular cheklovlar va ijtimoiy izolyatsiyani boshqalarga qaraganda og‘irroq boshdan kechirgan.

Nemis olimlari o‘tkazgan ushbu tadqiqot natijalari PNAS jurnalida e’lon qilindi. Myunxendagi Maks Plank nomidagi psixiatriya instituti mutaxassislari boshchiligidagi tadqiqotchilar 1028 kishining ma’lumotlarini o‘rgandi.

Ular orasida 359 nafar bola, 385 nafar o‘smir va 284 nafar katta yoshli inson bor edi. Ishtirokchilardan pandemiya boshlanishidan oldin, keyin esa 2021-yil sentyabrdan 2022-yil maygacha bo‘lgan davrda takroran so‘lak namunalari olingan. Olimlar epigenetik yosh va biologik qarish tezligini baholash imkonini beruvchi DNKning kimyoviy markerlarini tahlil qildi.

O‘smirlar — eng ta’sirchan guruh

Qo‘llanilgan to‘rtta o‘lchov usulidan uchtasi qarish tezlashgani belgilarini ko‘rsatdi. Eng yaqqol o‘zgarishlar o‘smirlarda kuzatildi — ularda bu holat to‘rtta usuldan uchtasida aniqlandi. Kattalarda esa ikkita, bolalarda faqat bitta usulda shunday o‘zgarish qayd etildi.

O‘smirlarda stressni shaxsan his qilish darajasi va qarish tezligi o‘rtasida ayniqsa kuchli bog‘liqlik kuzatildi. Ular pandemiyani, xususan, lokdaundagi yaqinlaridan ayriliq va shaxsiy erkinlik cheklovlarini qanchalik og‘ir qabul qilgan bo‘lsa, biologik markerlardagi o‘zgarishlar shunchalik sezilarli bo‘lgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy mavqeyi pastroq oilalardagi o‘smirlarda bu o‘zgarishlar kuchliroq namoyon bo‘lgan. Natijalarga boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, tadqiqotchilarning aytishicha, ushbu o‘zgarishlarga 100 foiz bevosita pandemiya sabab bo‘lgani hali to‘liq isbotlanmagan. Bu o‘zgarishlar uzoq muddatli istiqbolda saqlanib qoladimi yoki sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga olib keladimi, buni hozircha aniqlab bo‘lmaydi. Buning uchun qo‘shimcha kuzatuvlar zarur.

Dilafruz Mirzayeva

muxbir

Dilafruz Mirzayeva

От qwert.uz