Bundan 22 yil muqaddam — 1999-yilning 16-fevral kuni Toshkentda ketma-ket besh portlash yuz bergan edi. Ushbu qo‘poruvchilik harakatlari O‘zbekiston rahbariyati hayoti va amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz deb baholangan edi. Toshkent shahar IIBBning Shon-sharaf muzeyi portlash oqibatlari aks etgan ayrim suratlarni “Daryo”ga taqdim etdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
O‘sha kuni O‘zbekiston hukumatining o‘tgan — 1998-yildagi iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan majlisi o‘tkazilishi kerak edi. Dastlab, majlis boshlanishi arafasida Vazirlar Mahkamasi binosi oldida prezident qo‘riqlash xizmati va jangarilar o‘rtasida otishma yuz bergan.
Otishmadan ko‘p o‘tmay, birin-ketin portlashlar yuz bera boshlagan. Ilk portlash soat 10:40 da Yusuf Xos Xojib ko‘chasida, respublika Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida yuz bergan — portlovchi uskuna o‘rnatilgan ZAZ-968M (“Zaporojets”) avtomobili portlab ketgan.

Yusuf Xos Xojib ko‘chasida sodir etilgan birinchi portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
Soat 10:55 da Sharof Rashidov ko‘chasida, “Mustaqillik maydoni” metro bekatidan 20 metr masofada ikkinchi portlash yuz bergan — bu yerda ham portlovchi uskuna o‘rnatilgan “Zaporojets” portlatilgan.

Sharof Rashidov ko‘chasidagi “Nodirabegim” (sobiq “Iskra”) kinoteatri yonida sodir etilgan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi

Sharof Rashidov ko‘chasidagi “Nodirabegim” (sobiq “Iskra”) kinoteatri yonida sodir etilgan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
Oradan uch daqiqa o‘tib Vazirlar Mahkamasi binosi burchagi oldida GAZ-21 “Volga” avtomobili portlagan — bu ketma-ket portlashlarning uchinchisi edi. Oradan hech qancha o‘tmay, prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasi binosi oldiga yetib kelgan va shu yerning o‘zida televideniye orqali xalqqa murojaat qilgan.

Vazirlar Mahkamasi binosi yonida sodir etilgan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
Aynan xalqqa murojaat yo‘llanayotgan vaqtda, soat 11:20 da Yunusoboddagi Milliy bank binosi yonida to‘rtinchi portlash amalga oshirilgan — ushbu holat prezident Islom Karimovning intervyusida ham aks etgan. “Zaporojets” avtomobiliga o‘rnatilgan portlovchi uskunaning harakatga keltirilishi oqibatida 23 qavatli bank binosiga zarar yetgan, uning oynalari sinib ketgan edi.

Milliy bank binosi yonidagi avtoturargohda sodir etilgan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi

Milliy bank binosi yonidagi avtoturargohda sodir etilgan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
So‘nggi, beshinchi portlash soat 12:00 da Abdulla Qahhor ko‘chasida, yahudiylarning “Soxnut” agentligi yaqinida joylashgan xususiy hovlining garajida yuz bergan.

Abdulla Qahhor ko‘chasidagi xonadonda yuz bergan portlash oqibatlari.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
Ushbu teraktlar seriyasi oqibatida 13 kishi (ayrim manbalarga ko‘ra, 16 kishi) halok bo‘lgan, 100 dan ortiq fuqaro tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lganlarning bir nafari IIB xodimi edi.

Prezident Islom Karimov portlash sodir etilgan Vazirlar Mahkamasi binosi oldida.
Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi
Hukumatning o‘sha kungi majlisi Oliy Majlis binosiga ko‘chirilgan. O‘shanda chiqish qilgan prezident Islom Karimov uni bunday teraktlar bilan qo‘rqitib yoki o‘zgartirib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.
Muallif:Musulmonbek Ibrohimov