Bagram havo bazasi, Afgʻoniston. Avvaliga sovetlar, soʻng NATO koalitsiyasi uchun platsdarm sifatida xizmat qilgan obyektdan “Tolibon” dunyoga signal yuborish uchun foydalandi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Toliblar baza hududida gʻalaba paradi oʻtkazib, AQSH kuchlari tomonidan tashlab ketilgan umumiy qiymati 7 milliard dollarlik harbiy texnika va qurol-yarogʻlarni o‘zining qudrat timsoli sifatida namoyish qildi. Ushbu vaziyatga qanday kelib qolinganini tushunish uchun esa bir necha yil ortga nazar tashlash kifoya.

2021-yil. Qoʻshma Shtatlarning qariyb 150 milliard dollar mablagʻi hisobiga 20 yil ushlab turilgan Afgʻon hukumati yashin tezligida quladi. 80 milliard dollar evaziga oʻqitilgan va qurollantirilgan armiya esa deyarli jangsiz tarqab ketdi. Bularning bari ogʻir qurollarga ega boʻlmagan “Tolibon”ga hokimiyatni qoʻlga olish imkonini berdi. AQSH oʻz qoʻshinlarini Kobuldan olib chiqar ekan, dunyo jarayonlarni diqqat bilan kuzatdi.

Kobuldagi prezident saroyini egallagan “Tolibon” kuchlari

“Tolibon” mamlakat poytaxtini egallaganidan 4 yil oʻtdi. Ular Afgʻonistonga deyarli yarim asr kutilgan neʼmat, yaʼni tinchlikni olib keldi. Biroq toliblarning mutaassib boshqaruvi hamda ayrim siyosiy qarorlari xalqaro hamjamiyatga kirishib ketishdan toʻsmoqda. Yangi hukumatni hozirga qadar faqat Rossiya tan oldi, O‘zbekiston esa vaqti soati hali kelmaganini qayd etdi. Gʻarb esa inson huquqlarini roʻkach qilib, Kobulga nisbatan qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashdan bosh tortyapti. Bu esa iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni ogʻirlashtirgan.

Taassufki, Afgʻonistonda hukm surayotgan murakkab vaziyat toliblarni islohotlar oʻtkazish, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni iliqlashtirishga undagani yoʻq. Ular buning oʻrniga oʻz mushaklarini kuchaytirish, shu orqali ichki norozilik toʻlqinini bosib turishga harakat qilmoqda. Maʼlum maʼnoda bunga erishishdi ham.

Pentagon tomonidan 2022-yili Kongressga taqdim etilgan hisobotiga koʻra, amerikaliklar qoldirib ketgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarning umumiy qiymati taxminan 7 milliard dollarga baholanadi. Boshqacha aytganda, toliblar sobiq afgʻon hukumatiga tegishli 20 mingdan ziyod turli modeldagi zirhli transport vositalari, 40 mingdan ortiq pikap va yengil taktik avtomobil, 8 mingta yuk mashinasi, 20 mingga yaqin tungi koʻrish ashyolari hamda qariyb 400 ming oʻtochar qurolni qoʻlga kiritgan. 


Mamlakatning turli sekta va guruhlari 1979-yildan buyon tashqi oʻyinchilar tomonidan dastaklab kelinganini hisobga olsak, Afgʻonistonda had-hisobsiz qurol-yarogʻ bor. Markaziy hukumat ularning barchasini ham nazorat qila olmaydi. Shu bois vaqti-vaqti bilan chekka hududlarda terrorchilarning maxfiy yacheykalari koʻrinish berib turadi.

“Tolibon” harbiy salohiyati

“Tolibon” harakatiga 1994-yili Mulla Muhammad Umar tomonidan asos solindi. Ular oʻsha yilning oʻzidayoq Qandahor shahrini egallab, birinchi yirik gʻalabasini qoʻlga kiritishdi. Oradan ikki yil oʻtib, poytaxt Kobul ham “Tolibon” nazoratiga oʻtdi.

Mulla Muhammad Umar tarafdorlari Qoʻshma Shtatlar Afgʻonistonga bostirib kirgunga qadar mamlakatning katta qismini nazorat qildi. 2001-yili Pokiston va u bilan chegaradosh hududlarga chekinib, amerikaliklarga qarshi kurash boshladi. Asosan pushtunlardan tashkil topgan tuzilma pistirmalar uyushtirish, xudkushlik aktlari va yoʻllarni minalashtirish kabi taktikalarga tayanardi.

“Tolibon” hujumida shikastlangan AQSH harbiy texnikasi


Bu esa AQSH va ittifoqchi davlatlardan 3500 nafar harbiyning qurbon boʻlishiga olib keldi. Qolaversa, NATO qoʻshinlarini taʼminlash uchun jalb etilgan qariyb 3600 nafar pudratchi ham halok boʻldi. Afgʻoniston hukumati hamda “Tolibon” taxminan bir xil koʻlamda – 60 mingdan ziyod talafot koʻrdi.

AQSH qoʻshinlari mamlakatni tashlab ketishi ortidan “Tolibon” murakkab siyosiy va texnologik vazifa bilan yuzlashdi. Boisi uning qoʻshinlari partizanlik asosida jang qilishga oʻqitilgan boʻlib, zamonaviy armiyalardan keskin farq qilar edi. Shu tufayli, birinchi navbatda, Afgʻon hukumatidan qolgan harbiy texnika va qurol-yarogʻlar ustidan nazorat oʻrnatildi.

Amerikaliklar evakuatsiyadan avval ularning aksariyatini demontaj qilgani sabab bu oson kechmadi. Mutaxassislar, ehtiyot qismlari bilan bogʻliq muammo kuzatildi. Baʼzi holatlarda muayyan detalni olish uchun boshqa texnikani qurbon qilishga toʻgʻri keldi. Harbiy muhandislikda “kannibalizm” deb atalgan jarayon sabab aktivlarning faqat bir qismini jangovar safga qaytarishga muvaffaq boʻlindi. Shunga qaramay, “Tolibon” qisqa vaqt ichida yuzlab harbiy texnikalarni oʻz inventariga qabul qilib oldi.

“Tolibon” jangovar safga qaytargan harbiy texnikalar

Biroq gap faqat moddiy taʼminot bilan bogʻliq emas. 40 yil davom etgan mojaro sabab mamlakatda qurol-yarogʻ muammosi deyarli yo‘q. Qolaversa, yarim asrdan buyon ilk bor tizimlashgan markaziy hokimiyat mavjud. Biroq bu faqat dastlabki bosqich boʻlib, oldinda partizan tashkilotdan zamonaviy davlatning muntazam, optimal va eng asosiysi, professional qurolli kuchlarini yaratishdek murakkab vazifa turibdi.

Bu uchun, birinchi navbatda, tajribali mutaxassislar, ayniqsa malakali ofitserlar tarkibi yetishmayapti. Boisi sobiq hukumat davrida xizmat qilgan harbiylarning katta qismi mamlakatni tashlab qochgan. Qolganlari ham radikal oʻzgarishlar qila oladigan sonda emas. Qolaversa, zamonaviy qurolli kuchlarni qurish juda qimmat jarayon hisoblanadi. Afgʻoniston ogʻir iqtisodiy muammolar bilan yuzlashayotgan bir vaqtda buni amalga oshirish imkonsiz.

Bundan tashqari, “Tolibon” salbiy reputatsiya ham qozongan. Shu bois Kobul tashqi dunyo bilan harbiy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻya olmaydi. Yaʼni Kobul ularga xayrixoh mamlakatlardan qurol-yarogʻ sotib olishi, hatto instruktorlar jalb etishi mumkin emas. Eski ittifoqchi – Pokiston bilan esa aloqalar sovuqlashgan. Ikki mamlakat bir necha bor qurolli nizoga ham kirishga ulgurdi.

“Tolibon” kuchlari maxsus ekipirovka bilan


Mana shunday toʻqnashuvlarning eng soʻnggisi joriy yilning 10-oktyabr sanasida boshlanib, olti kun davom etdi. Chegaraoldi hududlarda boshlangan otishma qisqa vaqt ichida yirik mojaroga aylandi. “Tolibon” professional armiyaga xos harakatlar bilan oʻz kuchlarini safarbar etib, raqib tomonga talafot yetkazdi. Hatto baʼzi holatlarda Ukraina urushidan olingan tajribalarga murojaat qilib, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan ham foydalandi.

Biroq mazkur toʻqnashuv Kobul oldida hali ham jiddiy muammolar borligini koʻrsatib qoʻydi. Pokistonliklar oʻzining texnologik ustunligidan foydalanib, tungi sharoitda ham jang olib bordi. Pokiston harbiy havo kuchlari esa Afgʻonistonning yirik shaharlarini bombardimon qildi. Zamonaviy havo mudofaa tizimlari yoʻqligi bois “Tolibon” hujumlarni qaytara olmadi. Bundan tashqari, mutanosib javob qaytarishning ham imkoni boʻlmadi. Boisi Kobulda buning uchun na harbiy havo kuchlari, na uzoq masofaga parvoz qiluvchi raketa va dronlar bor edi.

“Tolibon” qurollari

AQSH qoʻshinlari Afgʻonistonni tark etganining 3 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan parad “Tolibon” ixtiyorida qanday qurollar borligini bilib olishga yordam berdi. Bagram bazasi boʻylab turi rusumdagi zirhli transport vositalari, T-62 tanklari, BM-21 “Grad” yalpi oʻt ochish tizimlari olib oʻtildi. Toliblar, qolaversa, Sovet Ittifoqining 9K52 Luna-M raketa artilleriya tizimlarini ham namoyish etdi. Ular 1960-yillarda ishlab chiqarilgan boʻlib, maksimum 65 km masofadagi nishonlarga zarba beradi. Biroq aniqligi past: belgilangan koordinatalardan 700 metrgacha ogʻib ketishi mumkin.

9K52 Luna-M raketa artilleriya tizimi Bagram bazasida
Foto: Videodan kadr

Ammo “Tolibon” bundan ham qudratliroq qurolga ega. Uning nomi Scud boʻlib, Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan. Mazkur raketa ballistik trayektoriya boʻylab parvoz qilib, 300 km masofadagi nishonlarga zarba beradi. Biroq u ham 450-900 metrgacha ogʻib ketishi mumkin. Shunga qaramay, Scud oʻzining qariyb bir tonna ogʻirlikdagi jangovar kallagi bilan vayronkor oqibatlarga olib kelishi muqarrar. Qolaversa, u soatiga 5 max tezlikda parvoz qilishi, boshqacha aytganda, bir soniyada 1,4 kilometrni bosib oʻtishi mumkin. Shu bois aksar havo mudofaa tizimlari uchun muammo tugʻdiradi.

“Tolibon” Bagram bazasidagi parad vaqti har ikki raketa tizimini ham namoyish qildi. Biroq ular oʻzlari mustaqil harakatlanmay, yuk mashinalarida olib oʻtilgani ayrim savollarni paydo qildi. Toliblar ixtiyorida ularni jangovar holatda ushlash uchun texnik tajriba yoki ehtiyot qismlar boʻlmasligi mumkin.

“Tolibon” ixtiyoridagi Scud-B ballistik raketa tizimi

Foto: Videodan kadr

Biroq “Tolibon”ni professional qurolli kuchlarni tashkil etishdan toʻsib turgan eng jiddiy omil samolyotlar boʻlib turibdi. Ular sobiq Afgʻon hukumatidan Mi-17, UH-60 va MD530 vertolyotlari, shuningdek, C-130 transport samolyotlarini qabul qilib olgan. Qolaversa, Embraer EMB Super Tucano va Cessna AC 208 kabi uchoqlar ham ularning nazoratiga oʻtgan. Toliblar nomaʼlum sondagi vertolyotlarni jangovar safga qaytarishga muvaffaq boʻldi. Ammo ehtiyot qismlari taʼminoti uzilgan sharoitda vertolyotlarni qachongacha havoda saqlab qola olishi nomaʼlum.

“Tolibon” mavjud inventarni saqlab qolishga qiynalayotgan bir vaqtda hech qaysi davlat yangi samolyotlar, ayniqsa, qiruvchilarni sotmaydi. Havo mudofaa tizimlari bilan ham xuddi shunday deyish mumkin. Afgʻoniston oʻz osmoni ustidan nazoratni qoʻldan boy bergan taqdirda, bu jiddiy talafotlarga olib keladi. Toliblar esa yana partizanlik taktikalariga tayanishiga toʻgʻri keladi. Qolaversa, Kobulni tiyib turish uchun kuchli mexanizmlarga ega emas. Ular murakkab relyefdan foydalanib, oʻz zaminida yaxshi jang olib borishi mumkin. Ammo javob qaytarish uchun na qiruvchi samolyotlar, na uzoq masofali dronlarga ega.


Agar gap faqat raqamlar haqida ketsa, Afgʻoniston hozir mintaqaning eng qudratli armiyalaridan biriga ega. Biroq harbiy salohiyat faqat tanklar soni bilan oʻlchanmaydi. Yuqorida qayd etilganidek, “Tolibon” hozircha qurolli kuchlarning murakkab institutini shakllantira olgani yoʻq. Qolaversa, izolyatsiya sabab yuqori texnologiyalar bozoriga kira olmaydi. Toliblar bir necha oʻn yillar davomida orttirgan jangovar tajriba esa professionalizmdan uzoq boʻlib, partizanlikka asoslangan. Ular keng koʻlamli urush sharoitida qoʻshinlar oʻrtasidagi muvofiqlikni qay darajada taʼminlay olishi bahsli masaladir.

Shunga qaramay, “Tolibon” oʻz ichki imkoniyatlaridan foydalanib, qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga urinmoqda. Bunda unga baʼzi davlatlar yeng ichida yordam berayotgan boʻlishi mumkinligini ham istisno qila olmaymiz. Boshqa tarafdan, Kobul usiz ham cheklangan resurslarning katta qismini ijtimoiy maqsadlar uchun emas, balki harbiylarga sarflamoqda.

“Tolibon” Afg‘oniston ko‘chalari bo‘ylab parad o‘tkazmoqda


Bu iqtisodiy qiyinchiliklar sabab oshib borayotgan ichki norozilikni bosib turish uchun qilinayotgan boʻlsa-da, masala “Tolibon”ning mohiyatiga ham borib taqalishi mumkin. Chunki u urush vaqtida, urush uchun tugʻildi. Bunday tuzilmalar barqaror tinchlik zamonida oʻz taʼsirini yoʻqotib, yuz minglab tarafdorlarini saqlab qolishda qiynaladi.

От qwert.uz