Shunday dardlar borki, ular haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lmaganimiz bois ularga jiddiy qaramaymiz (bu esa og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin), yoki bo‘lmasa kasalning o‘ta “nozik”ligi bois u haqda birovga aytishga uyalamiz. Jinsiy xastaliklardan tashqari, oshqozon-ichak tizimi buzilishi bilan bog‘liq kasallliklar ham shu ro‘yxatga kiradi. “Daryo” kolumnisti Sarvar G‘aniyev o‘z maqolalarida ana shunday xastaliklar haqida qisqacha ma’lumot berib turadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . Navbatdagi maqola shunday kasalliklardan biri — ta’sirlangan ichak sindromiga bag‘ishlanadi.

Foto: “HelloDoctor.com”

Har birimiz hayotimiz davomida hech bo‘lmaganda bir marta qorindagi og‘riq yoki ichaklarimizdagi buzilishlar sababli barcha rejalarimizni yig‘ishtirib, uyda qolishimizga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, bu holat bir necha soat ichida o‘tib ketgan. Bunday vaziyatda vrachga murojat qilish g‘alati — o‘zi o‘tib ketdi. Ammo bu kabi xurujlar doimiy takrorlanaversa, shifokor ko‘rigi haqida o‘ylab qo‘yaverish kerak. Vrachlarning aytishicha, taxminan har o‘n kishidan biri oy davomida bir necha marta ichaklarning “o‘zboshimchaligi”dan aziyat chekadi. Odamlar bu sindrom haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lmagani uchun o‘zlariga davo izlab shifoxonama-shifoxona yuraveradi. Ming taasuf-ki, ayrim “vrachlar”ning o‘zlari ham ta’sirlangan ichak sindromi haqida tushunchaga ega emas.

Ta‘sirlangan ichak sindromi (TIS) — funksional buzilish bo‘lib, bunda organik o‘zgarishlar bo‘lmaydi, qorinda og‘riq, noqulaylik hissi defekatsiya aktidan keyin kamayadi. Axlat konsistensiyasi va defekatsiya aktlari soni o‘zgaradi va ular oxirgi 3 oyda har oy  kamida 3 kun mobaynida belgi berib turishi, shikoyatlarning umumiy davomiyligi kamida 6 oy davom etishi kerak.

Ayollar bundan erkaklarga qaraganda ikki barobar ko‘proq aziyat chekadi. Keltirib chiqaruvchi omillar sifatida ruhiy-emotsional stress, ginekologik va endokrin kasalliklar, klimakssemizlik, buqoq, ichak infeksiyalari va sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘rsatish mumkin.

TIS najasning shakli o‘zgarishiga qarab quyidagi turlari bor:

  • Qabziyat bilan kechuvchi TIS;
  • Diareya bilan kechuvchi TIS;
  • TISning aralash turi;
  • Tasniflanmagan TIS.

Ta’sirlangan ichak sindromini tasdiqlovchi simptomlar:

  • Meteorizm (qorin dam bo‘lishi);
  • Stulning patologik xarakteri (qattiq yoki suyuq);
  • Stul sonining patologik ravishda o‘zgarishi (haftasiga 3 martadan kam yoki kuniga 3 martadan ko‘p);
  • Defekatsiya vaqtida kuchanish;
  • Defekatsiyaning o‘ta zarurlik hissi;
  • Ichakning to‘liq bo‘shalmaslik hissi.

Bundan tashqari, bu belgilar oxirgi 3 oy davom etishi kerak. Stress simptomlarni chuqurlashtiradi, bemorda normal hayot kechira olmayotgani tufayli bezovtalik va depressiya paydo bo‘ladi.

Ta’sirlangan ichak sindromini davolash

Birinchi o‘rinda parhez va hayot tarzini o‘zgartirish zarur. Buning uchun kasallikning diareya bilan kechadigan turida bemorlarga qiyin hazm bo‘ladigan uglevodlar, mevalar, ich qotishi bilan kechadigan turida esa eruvchan tolali mahsulotlarga boy parhez tavsiya qilinadi. Eruvchan tolalarga boy va umuman olganda sog‘lom ovqatlanishda tavsiya qilinadigan oziq ovqat mahsulotlarini quyidagi suratda ko‘rishingiz mumkin.

Foto: “UofmHealth.com”

Hayot tarzini o‘zgartirish va parhez uchun zarur tavsiyalar:

  • Ovqatni alohida ajratilgan doimiy bir vaqtda iste’mol qilish, ovqatlanish vaqtida shoshmaslik va eng muhimi ish vaqtida ovqatlanmaslik. Ovqatlanishingiz kerakmi? Faqat shu bilan mashg‘ul bo‘ling. Qolgan ishlarni chetga surib qo‘ying;
  • Gazli ichimliklar, chekish, alkogol miqdorini cheklash;
  • Ovqat ratsionidan laktozani olib tashlab test o‘tkazish;
  • Qorin dam bo‘lgan vaqtda hayvon yog‘lari va ulardan tayorlangan mahsulotlar, karam, sut va gazli ichimliklardan voz kechish;
  • Diareya vaqtida yangi uzilgan mevalarni 3 porsiyaga (har birida 80 grammdan) bo‘lib iste’mol qilish. Tarkibida sorbitol mavjud bo‘lgan ozish uchun vositalar, rezinkali saqich, ichimliklarni qabul qilmaslik;
  • Bemor ovqatlanish mundaligini tutishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu orqali simptomlar kuchaygan kunlari qaysi mahsulotlarni iste’mol qilgani ayon bo‘ladi va keyinchalik ularni ovqat ratsionidan chiqarib tashlab, xurujlar sonini kamaytirish, hattoki sindromning o‘zini ham butunlay yo‘qotib yuborish mumkin.

Dori vositalari bilan davolash

Dori preparatlari faqat vrach tomonidan buyuriladi va quyidagi guruh vositalaridan foydalaniladi:

  • Spazmolitik preparatlar;
  • Diareya yoki qabziyatni bartaraf qilish uchun dori vositalari;
  • Ichaklar motorikasini stimullaydigan, osmotik va kal massasini oshiruvchi ich yurgizuvchi preparatlar;
  • Antidepressantlar;

O‘tkazilgan tekshiruvlar  natijalariga ko‘ra TIS bilan qiynaladigan insonlarning 50–90 foiz qismi psixik buzilishlardan aziyat chekadi. Ba’zida bu sindromni davolash uchun bir necha marta psixoterapevtga tashrif buyurishning o‘zi kifoya qiladi.

Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi, shunday ekan maqolaning so‘nggi qismi kasallikning profilaktikasiga bag‘ishlanadi.

  1. Ko‘p miqdorda suyuqlik iching;
  2. Oddiy uyda tayyorlangan qatiqni ovqat ratsionining ajralmas bo‘lagiga aylantiring;
  3. Gaz hosil qiluvchi mahsulotlarni cheklash;
  4. Yog‘li ovqatlarni kamaytirish;
  5. Alkogol, kofein saqlovchi ichimliklar va koladan butunlay voz keching;
  6. Oshqozon va ichaklaringizni qiynab, “yotib qolguncha otib qol”, demasdan haddan tashqari ko‘p ovqat yemang;
  7. Ovqatni sekin, yaxshilab chaynab yeng;
  8. Tarkibida sorbitol saqlovchi va fruktoza qo‘shilgan mahsulotlar haqida unuting;
  9. O‘zbekiston tabiiy quruq va ho‘l meva-cheva, sabzavot va ko‘katlarga boy davlat. Ovqatdan keyin desertga shu ne’matlardan iste’mol qilganingiz oshqozon-ichak tizimi uchun shirinliklardan ko‘ra foydaliroq;
  10. Stressni nazorat qilishni o‘rganing va unga olib keluvchi holatlardan qochishga harakat qiling.

От qwert.uz