2021-yil uchun Green Card lotereya dasturi 2019-yil 2-oktabr kuni boshlanib, 5-noyabr kuni tugaydi. Bu haqda AQSh davlat departamenti ma’lum qildi.
Foto: Depositphotos
Bu galgi Green Card dasturiga yangi talablar kiritilgani ariza beruvchilar soni keskin kamayishiga olib kelishi mumkin — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . Xususan, endi talabgorlar o‘rta maktabni bitirgan bo‘lishi yoki so‘nggi 5 yilda kamida 2 yillik ish stajiga ega bo‘lishi shart etib belgilangan.
Bundan tashqari, international travel passport — xalqaro sayohat pasporti raqamini kiritish talabi ham qo‘shilgan. O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatda bu xorijga chiqish pasporti (“qizil pasport”) tushuniladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozishlaricha, lotereya 2021-yil uchun o‘ynalyapti — bu vaqtga borib O‘zbekistonda “yashil pasport”ga yopishtirish uchun berilgan xorijga chiqish ruxsatnoma-stikerlarining eng so‘nggisining ham muddati tugab bo‘lgan bo‘ladi.
Tasodifiy kompyuter dasturi 2020-yil 1-oktabrdan 2021-yil 30-sentabrga qadar lotereya g‘oliblarini aniqlaydi. Quyidagi davlatlar bu yilgi registratsiyada qatnasha olmaydi:
Bangladesh, Braziliya, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi, Salvador, Gvatemala, Gaiti, Hindiston, Yamayka, Meksika, Nigeriya, Pokiston, Filippin, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va unga tegishli hududlar (Shimoliy Irlandiyadan tashqari) hamda Vyetnam.
AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmati saytida Green Card bilan bog‘liq maxsus sahifa bo‘lib, unda ushbu lotereyada ishtirok etish, uning hujjatlarini to‘ldirish bilan bog‘liq barcha savollarga to‘liq va batafsil javob olish mumkin.