Surxondaryo viloyati hokimligi jigar sirroziga uchragan, jigar transplantatsiyasi uchun ko‘plab tashkilotlardan hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘ragan Feruza Ramazonovaning videomurojaatiga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

Surxondaryo viloyat hokimligining xabarida shunday deyiladi:

“Feruza Ramazonova 1984-yilning 17-martida tug‘ilgan. Sho‘rchi tumani “Navro‘z” mahallasi, J.Ashurov ko‘chasi 14-uyda istiqomat qiladi. II guruh nogironi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi  .

Feruza Ramazonova 1999-yildan buyon tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida dispanser nazoratiga olingan. O‘tgan yillar davomida dispanser kuzatuvida tuman, viloyat shifoxonalarida, respublika klinikalarida ambulator va statsionar sharoitda davolanib keldi.

2019-yilning sentabr oyida tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi hamda Toshkent shahridagi Endokrinologiya bo‘limida davolanib chiqdi.

2019-yilning 26-sentabrida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tuman bosh vrachi va mutaxassislari bemor Feruza Ramazonovaning uyida bo‘lishdi. Tibbiy ko‘rik davomida bemorning ahvoli nisbatan qoniqarli ekanligi, donordan jigar ko‘chirib o‘tkazilishi uchun bemor va donorning tibbiy tekshiruvdan o‘tmaganligi aniqlandi.

V.Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy markazi mutaxassislari bilan bog‘lanib, bemor va donor to‘liq tekshiruvdan o‘tishi, donordan jigar ko‘chirib o‘tkazish mos kelishi to‘g‘risida tibbiy xulosa olingandan keyin belgilangan summaga shartnoma olib kelishi, viloyat hokimligi va homiylar tomonidan ushbu summa to‘lab berilishi tushuntirildi”

Surxondaryo viloyati hokimligi

От qwert.uz