Ko‘pgina G‘arb davlatlarida yil davomida tilga shiddat bilan kirib kelgan, odamlar orasida ommalashgan va ma’lum ma’noda ijtimoiy hayotga ta’sir o‘tkazgan so‘zlar aniqlanadi. Aslida bu o‘ziga xos reytingning ijtimoiy konteksti juda kuchli – so‘z jamiyatda ro‘y bergan muhim jarayonlarni aks ettiradi. Ya’ni, bu ijtimoiy-siyosiy hayotga til orqali qarashday gap — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Yil so‘zlarini odatda doimiy yangilanib, nashr etiladigan lug‘atlar ekspertlari yoki mashhur saytlar e’lon qiladi. Ularning reytinglari bir-biridan farq qilishi mumkin. Deylik, 2017-yilda Merriam-Webster lug‘ati AQShda feminism (fenimizm) yil so‘zi bo‘ldi degan qarorga kelgandi. Ayollar marshlari, xususan, #metoo heshtegi tarqalgani bunga sabab bo‘lgan edi. Ayni paytda, Collins English Dictionary lug‘ati noshiri – HarperCollins nashriyoti fake news so‘z birikmasini yil so‘zi deb topgan edi. Yil davomida bu so‘zning ingliz tilida ishlatilish chastotasi 365 foizga o‘sgani bunga sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda bunday lug‘atlar, nashriyotlar yo‘q. Lekin o‘zbek tilidagi internetni, sayt va ijtimoiy tarmoqlarni doimiy kuzatish imkoniga ega internet-jurnalistlar bor. O‘zimizdagi vositalar yordamida shu kamchilikni to‘ldirib, yil so‘zini aniqlashga harakat qildik. Bunda quyidagi omillar inobatga olindi:

  • 2019-yil davomida bu so‘zning o‘zbek tilidagi matnlarda ishlatilishi keskin oshgan bo‘lishi lozim. Afsuski, buni o‘lchash uchun HarperCollins yoki Merriam-Webster’dagi kabi zamonaviy vositalar hozircha O‘zbekistonda yo‘q yoki keng qo‘llanmaydi. Shunga qaramay, oddiy usuldagi hisob-kitoblar (konkret matn ichidagi so‘zlarni hisoblash, Google qidiruvi natijalari va h.k.) taxminiy natijalarni berdi;
  • yuqoridagi omilni tasdiqlaydigan empirik kuzatuv natijasi – yil so‘zi bo‘lishga da’vogar so‘z maxsus terminologiyani qo‘llamaydigan, cheklangan lug‘at boyligidan foydalanadigan odamlarga ham yil davomida tanish bo‘lib qolishi lozim;
  • nihoyat, bu so‘z yil davomidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni aks ettirishi, eng katta rahbarlar tilidan yangrashi, jamiyatdagi ma’lum o‘zgarishlarni ko‘rsatib berishi lozim.

Mana shu omillar asosida yil so‘zini aniqladik. 2019-yilda oddiy xalq tiliga kirib borgan, o‘zbek tilidagi matnlarda ishlatilish chastotasi keskin ko‘tarilgan, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni aks ettirgan, eng oliy martabali rahbarlar tilidan yangragan so‘z qaysi?

“Daryo” versiyaga ko‘ra, bu “bloger” so‘zidir.

To‘g‘ri, “bloger” tushunchasi o‘zbek tiliga kirib kelganiga ancha bo‘ldi. Lekin aynan 2019-yilda u o‘zbek tilida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, keng ommaga tanildi. Bu o‘zbek blogerlarining faoliyati bilan bog‘liq, albatta.

Bir necha yillar muqaddam o‘qimishli, mulohazali, ammo rasmiy diskursga moslasha olmagan yosh o‘zbek mutaxassislari o‘zini blogerlikka urdi. Ular sekinlik bilan torroq davra yaratdi. Rasmiy shablonlarsiz, o‘zlari tushunadigan mavzularda yozadigan blogerlar o‘z auditoriyasini shakllantira boshladi.

Oxirgi 2–3 yilda blogerlar tor doiradan chiqib, O‘zbekiston axborot maydonida o‘rniga ega bo‘ldi. Gapirish va yozish mumkin bo‘lgan mavzular doirasi kengayishi bilan ularning tematikasi ham kengaydi, xilma-xillashdi, auditoriyasi keskin ortdi. Blogerlar Twitter va Facebook’dan chiqib, Telegram’da o‘n minglab, hatto yuz minglab obunachilarni birlashtirgan kanallarni tuzdi; YouTube’da videokontent ko‘paydi; ular TVda, internet-nashrlarda doimiy chiqadigan bo‘ldi. Bu platformalar orqali bildirgan fikrlari, muhokamalardagi ishtiroki, surishtiruvlari, tanqidlari bilan ular xalq ishonchini qozondi. Ko‘plab yangi blogerlar paydo bo‘ldi.

Davlat tashkilotlari, xususiy kompaniyalar, rasmiy shaxslar blogerlarga e’tibor qarata boshladi, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib bordi. Tadbirlar blogerlarsiz o‘tmay qoldi. Matbuot anjumanlari endi jurnalistlar uchun emas, blogerlar va jurnalistlar uchun o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Shunday qilib, o‘zbek blogerlari chinakamiga trendsetterlarga aylandi. Yuz minglab o‘zbekistonliklar ularni o‘qib, fikrlarini inobatga ola boshladi, ya’ni blogerlar ma’lum ma’noda ijtimoiy fikrga ta’sir o‘tkaza oladigan shaxslarga aylandi. Davlat idoralari ularning fikrlarini kuzatidagan va reaksiya bildiradigan bo‘ldi.

Blogerlar ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishda faol bo‘ldi. “Munosabat”, “Fikrlar chorrahasi” singari TV-shoularda ular bildirgan fikrlar iqtiboslarga bo‘linib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. Obidjon Latipov, Nozimjon Safarov kabi blogerlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda dadil tanqidiy fikrlari ularning reytingini yanada oshirib yubordi.

Bloger Nurbek Alimov yosh jurnalist qiz Dilbar Ismatullayeva bilan birgalikda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida surishtiruv olib borib, trollar fabrikasini fosh etishi shovshuvga sabab bo‘ldi.

2019-yilda blogerlarning xizmatlari eng yuqori darajada e’tirof etildi. 2-avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev selektor majlisida hokimlarni keskin tanqid ostiga olib, ulardan xalq oldida kechirim so‘rashni talab qildi. Bu so‘zlar aks etgan audioyozuv internetga chiqib ketdi. Audioyozuv oxirida prezident hokimlarga ular blogerlarga hisobot berishi lozimligini aytgani aks etgan edi.

Bu — madaniyatsizlik, Ermanovning qilgan qilig‘i, Ro‘ziyevning qilgan xiyonati… Ro‘ziyev qilgan ish — xiyonat!

Uchalasi internetda murojaat qilsin. Ro‘ziyev ham, Ermanov ham, G‘aniyev ham. Butun elga aytsin, ‘mening ahmoqligim uchun, mening xiyonatim uchun O‘zbekistonni bunaqa o‘ylamanglar, men ahmoqman, men xiyonat qilganman, millat emas, mamlakat emas, davlat emas’, deb.

Kerak bo‘lsa, butun blogerlarning hammasini yig‘sin ular. Yig‘sin, blogerlarga o‘zlari hisobot bersin.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Bu audio internetda ulkan shovshuv keltirib chiqardi. Blogerlar ularning ijtimoiy muammolarni ko‘tarish borasidagi sa’y-harakatlari davlat rahbari tomonidan e’tirof etilganidan ilhomlandi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta bir guruh blogerlar nufuzli davlat mukofotlarini oldi: 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni asosida Xushnudbek Xudoyberdiyev “Kelajak bunyodkori” medali bilan, “Davletov.uz” kanali ma’muri Qobil Hidirov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Foto: Telegram / “Xushnudbek.uz”

Bu medallarni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov topshirdi. Lekin blogerlarning Prezident bilan yuzma-yuz uchrashuvi ham tez orada ro‘y berdi. Avgust oyida bir guruh o‘zbekistonlik va xorijlik blogerlar Samarqand shahrida, Registon maydonida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev davlat rahbari bilan selfi tushdi.

Foto: Telegram / “Xushnudbek.uz”

Bu Prezidentning O‘zbekiston tarixidagi birinchi selfisi bo‘ldi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bu uchrashuv haqida fikr bildirar ekan, uni “tarixiy” deb atadi.

Prezidentning blogerlar va jurnalistlar bilan bugungi tarixiy uchrashuvi ham axborot sohasidagi, so‘z va fikr erkinligini ta’minlashdagi ijobiy o‘zgarishlarni namoyish etishga xizmat qiladi.

Saida Mirziyoyeva, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktor o‘rinbosari

2019-yili e’tiroflar bu bilan yakunlanmadi. Qobil Hidirov “Oltin kabutar – 2019” taqdimotida “Yil blogeri” deb e’lon qilindi. “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tuzilgan OAV va internet tarmog‘idagi jamoatchilik faollari reytingida blogerlar ko‘pchilik o‘rinlarni band etdi.

Foto: “Yuksalish”

“Sof.uz” nashri 2019-yilning eng mashhur Telegram-kanallari va blogerlari top-o‘ntaligini taqdim etdi. Blogerlar Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida abituriyentlarni imtihon qilishda qatnashdi.

Nihoyat, blogerlar parlament saylovida juda faol bo‘ldi. Ular o‘z platformalarida saylovoldi kampaniyasini, bevosita saylov jarayonini yoritib bordi. O‘zbekistonda birinchi marta saylovoldi bahslarida partiyalar tushirgan “qovun”lar-u, saylov kunidagi qonun buzilishlari bu qadar keng muhokama etildi.

Bir qator blogerlar – Obidjon Latipov, Nozimjon Safarov, Rustam Ashurov, Adham Arslonov, Abdulazizxon Akramov va boshqalar tuman kengashlari deputatligiga nomzodini qo‘yishi ham katta yangilik bo‘ldi.

Foto: “Gazeta.uz”

O‘zbekistondagi saylovni diqqat bilan kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti blogerlarning bu jarayondagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.

Mustaqil blogerlar ancha faol va ular mustaqil fikrning eng muhim manbai hisoblanadi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi

Blogerlar yil davomida faqat maqtov eshitmadi. Ayrim davralarda ular g‘iybatchi, fitnachi, xaypchi nomini oldi. Ba’zi qiziqchilar ular haqida latifalar to‘qib chiqardi.

Blogerlar faoliyatidan norozi bo‘lgan amaldorlar chiqdi. Masalan, Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyev bir blogerning “janozasini o‘qish”ni talab qildi. Shunga qaramay, 2019-yil blogerlarga omadli keldi deb aytishimiz mumkin.

Blogerlar ko‘targan eng dolzarb masalalar:

— propiska;

— uylarning buzilishi;

— amaldorlar OAVga va blogerlarga bosim o‘tkazishi;

— monopoliya;

— majburiy obuna.

Yilning eng faol blogerlari:

— Xushnudbek Xudoyberdiyev (“Xushnudbek.uz”);

— Qobil Hidirov (“Davletov.uz”);

— Umid G‘afurov (“Troll.uz”);

— “Qo‘shni mahalla”;

— Nurbek Alimov (Alimoff);

— Nozimjon Safarov (Safari);

— Muhrim A’zamxo‘jayev (“Muhrim”);

— “Fayzbog.uz”;

— Farhod Fayzullayev (“Zambarakning o‘qi”);

— Qahramon Aslanov (“Aslanovdan iqtiboslar”);

— Nikita Makarenko (“Effekt Makarenko”);

— Feruzxon Yoqubxo‘jayev (“Nablyudeniya pod chinaroy”);

— Musannif Adham;

— Sardor Salim;

— Shahnoza To‘raxo‘jayeva (Bloger Shahnoza);

— Eldar Asanov (“Asanov formati”);

— Sasha Ivanyujenko (“Insider.uz”);

— Aziza Qurbonova (“Mikrofon ko‘targan ayol”);

— Aziza Umarova (“Aziza Umar kundaligi”);

— “Dobriy piarshik”.

От qwert.uz