Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

AQSh va Venesuela o‘rtasiga suqilgan Rossiya

Tramp ma’muriyati Venesuela hukumati rahbariyati boshida turgan Nikolas Maduroga qarshi iqtisodiy jazo choralarini qo‘llay boshlaganidan bir yil o‘tdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  AQSh iqtisodiy jazo choralari Maduro hukumatiga neft embargosini joriy qildi va bu embargodan faqatgina Rossiya foyda ko‘rmoqda, deb yozadi The Washington Post nashri.

Foto: BBC

Amerikalik siyosatchilar fikricha, neft sanoati vakillari va sharhlovchilari Moskva va Karakas o‘rtasidagi maxfiy kelishuv neft savdosi rivojlanishiga to‘siq bo‘lmagan va bu faqat rasmiy Kreml manfaatlariga qo‘l kelmoqda. Rossiya bundan 120 million dollar foyda ko‘rayotgani aytiladi.

1999-yilda Ugo Chaves Venesuela sotsialistik davlatini barpo etganini e’lon qilganidan buyon Rossiya Lotin Amerikasidagi Venesuelani harbiy texnika bilan ta’minlash va xalqaro tashkilotlarda yonini olish bilan shug‘ullanib keladi. Natijada neft zaxirasiga boy Venesuela Rossiya panjasiga tushib qoldi.

Hozirda Rossiya AQSh iqtisodiy jazo choralari natijasida “burchakka qisilgan” Venesueladan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Qanday deysizmi? U iqtisodiy pishanglarni ishga solgan holda bosim o‘tkazishni yaxshi uddalamoqda.

AQSh Venesuela Madurosining va unga bog‘liq kompaniyalarga nisbatan iqtisodiy jazo ko‘rilishi borasida qaror qabul qilgan. Bu esa o‘ziga xos “Venesuela neft koronavirusi”ni yuzaga keltiradi. Arzon neftga hamma ega bo‘lmoqchi-yu, amerikaliklarning  jazo choralaridan qo‘rqadi.

Rossiya esa AQSh e’lon qilgan jazo choralari oqibatlaridan xavotirga tushgani yo‘q va bor jazo choralarni qabul qilib olishga shay. Bir narsani nazarga olish lozim: Rossiya hukumati Venesuelaga nisbatan qo‘llanilayotgan jazo choralarini o‘z zimmasiga olar ekan, o‘z navbatida Maduro hukumatidan ancha ko‘p narsa talab qilayotgani ham rost. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, Rossiya neft kompaniyasi “Rosneft” Venesuela neft konlari foydasining 70–80 foiziga egalik qilayotgani ham bor gap.

Sovuq urush davrida Kuba Sovet Ittifoqi gardaniga yuk bo‘lib tushgan bo‘lsa, Venesuela bugungi Rossiya uchun ancha foydali mamlakatga aylandi. Buni esa Rossiya hukumati sharhlashdan yiroq.

Maduro yanvar oyida The Washington Post nashriga bergan intervyusida “Rosneft” Venesueladagi neft konlarini o‘zlashtirish ulushi 15–20 foizni tashkil qiladi degan bo‘lsa-da, neft mahsulotlarini kim tashiydi, kim bunga bosh bo‘ladi kabi savollarni ochiq qoldirdi. Maduro intervyu jarayonida “AQSh Venesuelani energitika borasida qamalga olgan bo‘lsa-da, biz bu qamalni bartaraf qilmoqdamiz. Biz ko‘p tomonlama aloqalarga ochiqmiz. Biz hech bir davlatga qaram bo‘lmaymiz”, deya ta’kidladi.

Rossiya tarafi esa Venesuela bilan o‘rnatayotgan hamkorligini yashirgani ham yo‘q. 7-fevral sanasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Karakasga rasmiy tashrif bilan bordi. Tashrif davomida neft, tog‘-kon sanoati, transport, qishloq xo‘jaligi, dori-darmon va harbiy sanoat borasida  bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Bu nimadan dalolat? Ruslar bu safar sobiq Sho‘ro davridagidek zarariga emas, foydasiga ishlamoqchi, chunki bozor iqtisodiyoti iqtisodiy manfaatlarni ustun biladi.

Rus neft sanoati Venesuelada bir oyda 120 million dollar foyda olmoqda, garchi Venesuela neft sanoati embargo natijasida 35 foiz qisqargan bo‘lsa-da.

Ispanlarning Repsol, hindlarning Reliance va amerikaliklarning Chevron neft kompaniyalari Venesuelada ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.

Rossiya hukumati Venesuelani o‘zi sotib olayotgan neft embargosi siyosatidan xalos etayotgani haqida bayonot berayotgan bo‘lsa-da, ruslar Venesuela qarzini neft hisobiga undirayotgani haqida lom-mim demaydi.

AQSh hukumatining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen Rossiya hukumatining Venesuela nefti borasida tutayotgan ishi venesuelaliklarning manfaatlariga zidligini uqtirib keladi va vaziyat shunday davom etsa, yanada keskin choralar ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Boshqa tomondan, Rossiya AQSh neftni qayta ishlovchi zavodlarining asosiy ta’minotchisi ekan, Vashingtonning Venesuelaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishi mantiqiy asosga ega bo‘lmay qoladi.

Ruslar esa Venesuela neftini jazo choralari tatbiq etilmaydigan holatlar ustida bosh qotirmoqda. Bu borada ruslat hattoki Venesuelaga neft tankerlarini rus bayrog‘i ostida tashilishini ham taklif qilmodaki, bu neft biznesiga AQSh aralashuvining oldini oladigan tadbir sifatida ko‘rilmoqda.

Shu tariqa Rossiya Venesuelada o‘z ta’sir doirasini yanada kuchaytirishni ko‘zlagan.

AQSh va SSSRning Oy uchun kurashi

Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqi ham, AQSh ham Oyda atom urushini amalga oshirishni niyat qilgan va buning uchun harakat ham qila boshlagan edi, deb yozadi The National Interest nashri.

Foto: The National Interest

1957-yilda Sovet Ittifoqi fazoga birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirdi. Pentagon esa bu voqeadan ancha tahlikaga tushdi. Natijada fazoviy musobaqa boshlanadi.

Sovuq urush davrida G‘arb va Sharq texnologiyalar borasida kim ustun ekanini ko‘rsatishga bel bog‘ladi. Bu yakuni yo‘qdek bir hodisa edi.

Oyga birinchi bo‘lib uchish AQSh va SSSR nazarida ulkan yutuqdek ko‘rinar, kim oyga birinchi bo‘lib uchsa, u dunyoning yetakchisi ekanini isbotlar edi. 1950-yillarning sovuq urushi manzarasida Oyda yadro qurolini sinab ko‘rish asosiga ega edi. 1958-yilda Illinoys texnologik instituti AQSh harbiy havo kuchlari buyurtmasi asosida Oyda yadro qurolini sinab ko‘rish borasida ruxsat oldi.

Bu loyiha A119 nomini oldi. Illinoys universiteti tadqiqotchilari 1949-yildan 1963-yilgacha oyda yadro bombasi portlatishning ehtimoliy oqibatlarini o‘rgana boshladi. Bir tarafdan bu tadqiqotlar yadro bombasining atmosferadagi salbiy ta’sirini ham o‘rganishi lozim edi.

Loyiha rahbari The Nature jurnaliga bergan intervyusida AQSh harbiy kuchlarining Oydagi yadro bombasi postlashlarini uyushtirish natijalari sovuq urush jarayoniga qay tarzda ta’sir qilishini ham o‘rganmoqchi bo‘lganini aytdi. Oyda yadro bombasi portlatilishi dushman tarafga, qolaversa, jamoatchilikka “Oydagi qo‘ziqorin” qanchalik ta’sir qilishi-yu, jamoatchilik fikrini o‘zgartirishga yordam berishini aniqlashdan iborat edi. Bundan tashqari, Oydagi yadro portlashi olimlarga fazoviy urush naqadar samarali ekanini ham aniqlashga yordam berardi.

Hozirda A119 loyihasi maxfiy loyiha sifatida qolayotgan bo‘lsa-da, bu haqda dunyo jamoatchiligi Karl Sagan tufayli bilib oldi. 1959-yilda Sagan Berklida ilmiy izlanishlari natijasida ilmiy nomzod darajasini qo‘lga kiritmoqchiydi. Sagan hattoki ilmiy ishini “Oydagi yadro portlashlari Yerdagi ayrim muammolarni hal qilishiga yechim” deb nomlagan edi. Bu ilmiy tadqiqot ishi keyinchalik Saganning 1996-yildagi vafotidan so‘ng ayon bo‘lgach, ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Pentagon esa haligacha Oyda yadro bombasini portlatish loyihalari haqida sukut saqlaydi.

Yaxshiyamki aql kirib, AQSh Oyga insonni yuborishga ahd qildi. Aslida Sergey Pavlovich Korolyov va Mstislav Vsevolovich Keldish kabi rus olimlarida ham Oyda yadro bombasini portlatish fikri bor edi. Bu bilan ular butun dunyoga ruslarning harbiy taraqqiyoti haqida bong urmoqchi bo‘lgandi. Ularning “E loyihasi” 1-bosqichidan Oyga kosmik kema uchirish, 2- bosqichidan Oyni aylanib, uni rasmga olish, 3- bosqichidan kichik yadro bombasini portlatish o‘rin olgan edi.

Shu tariqa 1961-yilda ruslar oyga Yuriy Gagarinni uchirdi, keyin amerikaliklar Oy sari “Apollon” kemasini yubordi. “Apollon” AQShga cheksiz texnologik sharaf keltirgan bo‘lsa-da, sovuq urush sharoiti davrida Oy sathi yadro bombalaridan shikastlanmay qoldi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

От qwert.uz