Oʼrmonning chetida turar bir toʼnka,
Quyosh va yomgʼirda chirigan ancha.

Koʼpchilik nazarga ilmaydi, biroq,
U toʼnka biladi, ulardan koʼproq.

Xalqasi sanalsa, oshadi yuzdan,
Necha bor kattadir, yoshi xam bizdan.

Qancha sinoatga, u boʼlib guvox,
Ularga bagʼridan bergandir panox.

Lekigin shunchalik, koʼpni bilsa xam,
Soqovday turibdi, qarshimda bu dam.

Аgar u soʼzlashni bilganda edi,
Qalblarga yoʼl topa olganda edi,

Undan koʼp narsani bilardik, ammo,
Toʼnkadan chiqmaydi, zarracha sado.

Ilgari albatta, u daraxt boʼlgan,
Samoga boʼy choʼzib, dunyoni koʼrgan.

Balki soyasida, shoir dam olgan,
Yoki koʼz oʼngida, zoʼr janglar boʼlgan,

Kim bilar, ne sirlar uning qaʼrida,
Chirib, soʼng yoʼq boʼlar, zamon zaylida.

Qissadan xissa shu, bilgan narsasin,
Аyta olmagandan, qanday naf boʼlsin?…

Mayli, u aytmagan sirlarni keyin,
Oʼzimiz topamiz, boʼlsada qiyin!…

Аbdulla Pulatov

  • Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
  • «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.

© MUALLIF

От qwert.uz