Bosh prokuratura “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jinoyat kodeksining yangi tahririda davlat xizmatchisining noqonuniy boylik orttirishiga qarshi modda ham paydo bo‘ladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Taklif etilayotgan moddada davlat xizmatchisining daromad va mol-mulk deklaratsiyasida nazarda tutilganidan ortiq pul mablag‘lari yoki mol-mulkka noqonuniy ega bo‘lishi yoki shunday mulkni orttirishi ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki uch yilgacha ish haqidan ushlab qolish bilan jazolanadi.

Qonun loyihasining izohida ta’kidlanishicha, BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasida (20-modda) noqonuniy ravishda boylik orttirish jinoyatlar qatoriga kiritilgan va bunga qarshi Litva, Yevropaning boshqa davlatlari, Hindiston, Xitoy, Argentina va Gonkongga jinoiy javobgarlik mavjud.

Jinoyat kodeksining yangi tahririda “korrupsion jinoyat” tushunchasi joriy etilib, ushbu sohadagi javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish borasidagi da’vo muddatini 1,5 baravarga oshirish va moddiy manfaat bilan birga, nomoddiy foyda hisoblanuvchi pora vositalari uchun tegishli normalarni joriy etish taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif 2020-yilning noyabrida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2-yig‘ilishida ilgari surilgandi.

От qwert.uz