Ushbu muammo ko‘plab ayollarga tanish, ayniqsa, yoz mavsumida bu yanada kuchayadi. Buning uchun kasal bo‘lish yoki qandaydir yosh chegarasidan o‘tish shart emas. Ishdan keyin oyoqlaringiz og‘riyaptimi? Bu boradagi tavsiyalarimizga amal qiling.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Kechqurun oyoq og‘rishi: sabab va yechimlari

Noto‘g‘ri poyabzal

Ba’zan oyoqlar noto‘g‘ri poyabzaldan aziyat chekadi, natijada ular juda charchaydi va kechqurun bezovta qiladi. Tor poyabzalda yurmasdan turib ham tovonga og‘irlik tushadi, bu keyinchalik oyoq barmoqlari deformatsiyasiga olib kelishi mumkin. Baland poshnali poyabzal tufayli oyoqda qadoq paydo bo‘ladi va yassioyoqlik kabi patologiyaning rivojlanish xavfi ortadi. Ammo faqatgina tekis taglikdagi modellarni kiyish ham tavsiya etilmaydi.

Qanday qilib to‘g‘ri poyabzal tanlash mumkin?

Poshna balandligi 2-4 santimetr bo‘lgan, old qismi keng, tovoni mustahkam oyoq kiyim eng yaxshi variant hisoblanadi. Bunday poyabzalga fiziologik stressni kamaytiradigan maxsus ortopedik tagliklarni tanlashingiz mumkin. Bunday tagliklarni o‘zingiz bilganingizcha xarid qilmang, buning uchun ortopedga murojaat qiling. Oyoqlar xususiyatlariga asoslanib, shifokor individual tagliklarni tavsiya qiladi. Bunday tagliklari bo‘lgan qulay poyabzalda oyoqlaringiz og‘rimaydi.

Foto: Getty Images

Harakatning kamligi

Kun bo‘yi ofisda o‘tirish og‘riq va shishishni keltirib chiqaradi. Agar kechqurun oyoqlar shishib og‘risa, bu qon aylanishi buzilganini bildiradi. Qon tomirlarda pastdan yuqoriga qarab harakatlanadi. Vena tizimining klapanlari qon oqimining yo‘nalishi uchun javobgardir. Ular qonning yurakka oqishini ta’minlaydi va uning teskari yo‘nalishda harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ushbu venoz klapanlarning aksariyati pastki oyoqda joylashgan. Biz harakat qilsak, undagi mushaklar qisqaradi, qonni tomirlardan siqib chiqaradi va uning yurakka chiqishini rag‘batlantiradi. Agar klapanlar yetarlicha yopilmasa, qon oqimi teskari harakatlanadi, venoz tizimdagi bosim ko‘tariladi, tomirlarning devorlari deformatsiyalanadi va cho‘ziladi. Natijada varikoz tomirlari rivojlana boshlaydi.

Nima qilish kerak?

Maxsus trikotaj paypoq bunday muammolardan qochishga yordam beradi. U oyoqning turli qismlariga kerakli bosimni beradi, shunda hech bir joyda qon harakatiga to‘sqinlik bo‘lmaydi va taqsimlangan siqilish ta’siri tufayli uning pastki qismlardan yurakka oqimini rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, ish kuni davomida yengil mashq qilish uchun vaqt topishga harakat qiling: tortishish mashqlari, hech bo‘lmaganda ofis atrofida kichik sayr. Qon yurishini rag‘batlantirish uchun tez-tez oyoqlarni ko‘tarib o‘tiring. Ishdan keyin kontrast dush qabul qiling: bunday dush qon aylanishini yaxshilaydi va hujayralarning kislorod bilan to‘yinishiga yordam beradi.

Foto: Getty Images

Kuchli bosim

Juda faol sport turlari, masalan, yugurish, doimiy tik turish bilan bog‘liq ishlar tufayli kechga borib oyoqlar charchaydi, tovonlarda og‘riq paydo bo‘ladi. Bir holatda turish tufayli oyoqlardagi qon aylanish yomonlashadi, chunki qon tomirlar tortishish kuchini yengib, pastdan yuqoriga qarab harakatlanadi. Bunday turmush tarzi varikoz tomirlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Qanday oldini olish kerak?

Oyoqlarda stress kuchaygan hollarda maxsus paypoqni ortopedik tagliklar bilan birgalikda kiyish tavsiya etiladi. Bu noxush alomatlarni yo‘qotishga yordam beradi. Tanangizni juda og‘ir jismoniy ish bilan haddan tashqari qiynamang.

Jismoniy holatning yomonligi

Oyoqlar jismonan zaif bo‘lishi mumkin. Mushak va paylar doimo chiniqtirilishi kerak, aks holda yurish yoki yugurish charchoqni keltirib chiqaradi. Agar mushaklar zaif bo‘lsa, bu oyoqlarning amortizator funksiyasiga ta’sir qilishi mumkin, natijada yassioyoqlik paydo bo‘ladi.

Qanday shug‘ullanish kerak?

Bunday hollarda oddiy mashqlar ham yordam beradi: oyoq uchi va tovonda, oyoqning ichki va tashqi tomonlarida navbatma-navbat yurish, oyoq mushaklari massaji samara beradi. Bunday klassik mashqlar mushaklar faoliyatini rag‘batlantiradi, pay va bo‘g‘imlarni kuchaytiradi.

Oldini olish har doim davolashdan yaxshiroq. Fitnes-zalda muntazam ravishda optimal jismoniy mashqlar qilish butun tanaga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy mashqlar dasturini to‘g‘ri ishlab chiqish uchun murabbiy bilan maslahatlashgan ma’qul.

От qwert.uz