Zamonaviy texnologiyalar sharofati bilan mevalarni yilning istalgan vaqtida iste’mol qilish imkoniyati mavjud ekaniga qaramay, mutaxassislar har bir mevani o‘zi pishib yetiladigan mavsumda iste’mol qilish kerakligini ta’kidlaydi. Issiqxonalarda pishgan mevalar mavsumiylari singari oziqa moddalarini o‘zida mujassam qilgan bo‘lmaydi. Iyun oyi so‘ngiga yetishi bilan organizmning barcha tizimi uchun foydali bo‘lgan o‘rik mavsumi boshlanadi. Ushbu meva yurak salomatligi, hazm va asab tizimini yaxshilaydi, erta qarishning oldini oladi. Ushbu mahsulotni iste’mol qilsa, organizmda qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Harper’s Bazaar

Antioksidantlar bilan to‘yinish

Antioksidantlarning koni bo‘lgan o‘rik hujayralarning shikastlanishidan hamda zararli radikallardan himoya qiladi. beta-karotin, A, C, E vitaminlari va flavonoidlarning koni hisoblanadi. Antioksidantlik xususiyati yuqori bo‘lgan mazkur moddalar yallig‘lanish jarayonlarining oldini oladi, immunitetni mustahkamlaydi, qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi

O‘rik tarkibida bo‘lgan karotinoidlar ko‘rish qobiliyati yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Mevadagi faol moddalar hujayralarning oksidlanish jarayoni, ko‘zlardagi yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlarning oldini oladi.

Tiniq va tarang teri

Go‘zallik vitaminlari hisoblangan A, C va E vitaminlari terining ichki tomonidan namlantirib, tarang hamda sog‘lom yaltirashini ta’minlaydi. Qolaversa, A va E vitaminlari tirnoq va sochlar salomatligi uchun juda ham foydali hisoblanadi.

Oshqozon-ichak trakti salomatligi

Hazm jarayoni bilan bog‘liq muammolar nafaqat hayot tarziga, balki kayfiyatga ham ta’sir qiladi. O‘rikda birvarakayiga ikki xil kletchatka bo‘ladi. Birinchisi oshqozondagi to‘g‘ri kislota muhitini ta’minlaydi, shuningdek, qondagi qand va xolesterin miqdorini nazorat qiladi. Ikkinchisi esa ichaklar mikroflorasi salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Minerallarning koni

O‘rik — markaziy nerv sistemasi va bosh miya uchun muhim bo‘lgan kaliyning koni. Uning yetishmasligi xotira susayishi, ish samaradorligining pasayishi va lohaslik ortishiga olib keladi. Bundan tashqari, ushbu mazali mevada magniy va fosfor ham bisyor bo‘ladi.

От qwert.uz