Mazali va vanilin ta’miga ega bo‘lgan ponchiklarning ustidan shakar kukuni sepiladi. Uning ichiga solingan krem ponchiklarning yanada ishtaha ochuvchi bo‘lishini ta’minlaydi. Krem o‘rniga o‘zingizga yoqqan murabboni ham qo‘shish mumkin.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Lifehacker

Kremi uchun kerakli masalliqlar:

  • tuxum sarig‘i — 6 dona
  • jigarrang shakar — 250 g
  • un — 2 qoshiq
  • sut — 500 ml
  • vanilin — 1 qoshiq

Xamiri uchun kerakli masalliqlar:

  • un — 450 g
  • makkajo‘xori kraxmali — 2 qoshiq
  • shakar — 70 g
  • tuz — 1 qoshiq 
  • tez ta’sir qiluvchi xamirturush — 1 qoshiq
  • tuxum — 2 dona
  • sut — 170-200 ml
  • sariyog‘ — 45 g
  • o‘simlik yog‘i — 1 l
  • shakar upasi — ta’bga ko‘ra

Tayyorlanishi:

  1. Tuxum sarig‘ini shakar bilan ko‘pirtiring. Massaga un qo‘shib yana aralashtiring.
  2. Sutga vanilin qo‘shib, 50-60 daraja haroratda qizdiring. Aralashtirish paytida tuxum sarig‘ini qo‘shing.
  3. Massani idishga soling. Kremni past olovda, aralashtirib, qalinlashguncha 5-10 daqiqa davomida pishiring.
  4. Kremni elakdan o‘tkazing, yopishtiruvchi plyonka bilan yoping va 3-4 soatga muzlatgichga qo‘ying.
  5. Unni elakdan o‘tkazing va kraxmal, shakar, tuz va xamirturush bilan aralashtiring. Tuxumni iliq sut bilan silliq bo‘lguncha ko‘pirtiring.
  6. Tuxum aralashmasini quruq mahsulotlarga soling va silliq, yopishqoq xamirni hosil qiling.
  7. Yumshatilgan sariyog‘ni kub shaklida kesib oling va asta-sekinlik bilan xamirga soling.
  8. Xamirni to‘p shakliga aylantiring va katta idishga soling. Xamirning ustini yopishqoq plyonka bilan yoping va 1 soat davomida iliq joyda qoldiring.
  9. Xamir ikki baravar kattalashganda, uni teshib, 12-15 ta teng bo‘laklarga bo‘ling. Ularni tekis to‘plarga aylantiring.
  10. Xamirni plyonka bilan yoping va 50-60 daqiqa davomida iliq joyda qoldiring. Plyonkani olib tashlang va yana 15 daqiqaga qoldiring.
  11. Chuqurroq idishda o‘simlik yog‘ini qizdiring. Ponchiklarni har tomondan 2-3 daqiqa davomida qizargunga qadar qovuring.
  12. Ponchiklarni qog‘oz sochiqqa qo‘ying va ozgina sovuting. Har bitta ponchikning yon tomonida chuqur, kichikroq teshik oching.
  13. Sovutilgan kremni qandolatda ishlatiladigan paketga soling. Ponchiklarga krem soling va ustidan shakar kukunini seping.

Yoqimli ishtaha!

От qwert.uz