Xalqaro olimlar guruhi tomonidan kamharakat hayot tarzi, xususan, stulda uzoq vaqt o‘tirish yurak-qon tomirlari kasalliklari hamda bevaqt o‘lim xavfini oshirishi aniqlandi. Achinarlisi, bo‘sh vaqtda hatto ma’lum jismoniy harakatlar bilan shug‘ullanish ham foyda bermasligi mumkin. Bu haqda yangi tadqiqot natijalariga tayanib CNN xabar bermoqda.
— Manba: «Daryo» nashri.
“O‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, kundalik jismoniy faol bo‘lish yoki bo‘lmaslikdan qat’i nazar, haddan tashqari ko‘p o‘tirish jiddiy muammo ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Bostondagi Brigham and Women’s shifoxonasining kardiologiya bo‘limi ilmiy xodimi doktor Ezim Adjufo.
“Uzoq o‘tirishning sog‘liqqa zarari haqida avval ham ko‘plab ilmiy maqolalar yozilgan, biroq mazkur mavzu yuzasidan qo‘shimcha va batafsil ma’lumotlar olish uchun yana bir nechta tadqiqotlar o‘tkazish zarur”, deydi Kolumbiya universiteti Tibbiyot markazining xulq-atvor tibbiyoti kafedrasi dotsenti doktor Kit Dias. U tadqiqotda ishtirok etmagan.
Amerika kardiologiya kolleji jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda aytilishicha, olimlar bir hafta akselerometr taqib yurgan qariyb 90 ming ishtirokchining ma’lumotlarini o‘rgandi. Ular tajriba ishtirokchilarining o‘tirgan va faol holatda o‘tkazgan vaqtlarini keyingi yillarda aniqlangan insult, yurak xurujlari va yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklar bilan taqqoslab chiqdi. Tadqiqotga ko‘ra, kam harakatli turmush tarzi nafaqat yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi, balki ortiqcha o‘tirishning muayyan zararlari haqida umumiy tasavvur beradi.
“Biz odamlarga kuniga imkon qadar 10,6 soatdan ortiq o‘tirmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz. Bu qat’iy chegara emas, lekin buni jamoat salomatligi uchun birinchi oqilona qadam deb hisoblaymiz”, dedi Ajufo.
Nega o‘tirishning ziyoni juda ko‘p?
Tadqiqotda foydalanilgan ma’lumotlarda ayrim cheklovlar mavjud. Ular Buyuk Britaniyaning Biobank ma’lumotlaridan ham olingan. U yirik biotibbiyot ma’lumotlari bazasi bo‘lib, unda uzoq muddat davomida odamlarni kuzatib boradigan tadqiqot resurslari mavjud. Adjufoning aytishicha, tanlanma asosan oq tanli va kelib chiqishi yevropalik bo‘lgan odamlardan iborat edi, shuning uchun u Osiyo yoki Amerika aholisini to‘liq aks ettirmaydi.
Ammo kun davomida haddan tashqari uzoq vaqt o‘tirish salbiy oqibatlarga olib kelishi haqiqat. Chunki mushaklar qondagi shakar va yog‘ miqdorini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi. Ular o‘z vazifasini yaxshi bajarishi uchun esa harakat zarur.
“Kompyuter qarshisidagi ishdan bo‘sh vaqtni jismoniy faollik bilan o‘tkazish mushaklarga o‘z vazifasini bajarish uchun zarur rag‘batni beradi, buning uchun ko‘p kuch sarflash shart emas”, dedi Dias.
Harakatni nimadan boshlash kerak?
Agar kun bo‘yi ofisda o‘tirsangiz va asosiy harakatlanish ishga borib-kelishdan iborat bo‘lsa, o‘tirishning chegarasi 10 yarim soatlik vaqtga tezda yetib olishingiz mumkin.
“Tik turib ishlaydigan stol sotib olish muammoning yechimi bo‘lmaydi. Bir joyda qimirlamasdan turish mushaklarga shakar va yog‘larni samarali parchalash uchun zarur bo‘lgan harakatni ta’minlamaydi”, deya qo‘shimcha qildi Dias
Mutaxassisning aytishicha, velosiped yoki yugurish yo‘lakchasi o‘rnatilgan ish stoli foyda berishi mumkin. Ayrim uchrashuvlarni sayr qilish tarzida o‘tkazishni ham sinab ko‘rish mumkin. Har yarim-bir soatda bir necha daqiqa turib yurishni yoki bir vazifani tugatgach, keyingisiga o‘tishdan oldin qisqa tanaffus qilish ham foyda beradi.
“Uzoq vaqt o‘tirish turmush tarziga amal qilsangiz ham, yuqorida ta’kidlangan tartib va yo‘llar orqali mashq qilsangiz, kun bo‘yi o‘tirib, sport bilan shug‘ullanmagan odamga qaraganda ancha sog‘lomroq bo‘lasiz”, deydi mutaxassis.