Olimlar 40 yoshdan oshgan insonlar ishtirokida tadqiqot o‘tkazib, qiziqarli xulosaga kelishdi: oddiy piyoda yurish umr ko‘rish davomiyligini sezilarli darajada — hatto 11 yilgacha uzaytirishi mumkin. Bu haqda “Zakon.kz” nashri xabar berdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Tadqiqotda kuniga 160 daqiqa, ya’ni qariyb 2,5 soat davomida soatiga 4,8 kilometr tezlikda piyoda yuradiganlar jismoniy faol toifaga kiritilgan. Biroq bu raqamlar hech kimni cho‘chitmasligi kerak. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har kuni kamida bir soat sayr qilishning o‘zi ham umrga kamida uch yil qo‘shishi mumkin.

Reabilitolog-shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor Aleksandr Shishoninning aytishicha, yurishning asosiy foydasi tanamizdagi hujayraviy jarayonlar bilan bog‘liq.

“Inson organizmidagi hujayralar doimiy ravishda eskiradi. Bizning uzoq umr ko‘rishimiz ularning o‘z vaqtida yangilanib turishiga bog‘liq. Yangi hujayralar esa suyak iligida hosil bo‘ladi”, deydi mutaxassis.

Inson tanasidagi qon taxminan ikki oy ichida to‘liq yangilanadi. Suyak iligining asosiy qismi tos va oyoq suyaklarida joylashgan. Demak, yurish, oyoqlarni faol harakatga keltirish orqali suyak iligi hujayralarining kislorod va ozuqa moddalari bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Bu esa hujayralarning ko‘payishi va organizmning yangilanishiga xizmat qiladi.

Foto: iStock

Shu bois, tashqi tomondan organizmni yoshartirish samarasiz. Inson avvalo o‘z tanasidagi tabiiy zaxiralardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishi lozim.

Turli manbalarga, suyak iligining og‘irligi 1,5 kilogrammdan 5 kilogrammgacha yetadi. Bu esa tanamizda yangilanishga tayyor, nima qilishni “biladigan” juda katta miqdordagi o‘z ildiz hujayralarimiz borligini anglatadi. Piyoda yurish aynan shu tabiiy mexanizmni ishga tushiradi.

Surunkali kasalliklar xavfini kamaytirish uchun har qanday miqdordagi yurish foydali. Biroq qancha ko‘p yursangiz, foyda shuncha ortadi.

“Uxlashdan oldin yarim soatlik sayr qilish juda foydali, bir soat bo‘lsa yanada yaxshi. Ertalab esa ochiq havoda, uyda yugurish yo‘lakchasida yoki sport zalida yurish tavsiya etiladi. Tezlik shunday bo‘lishi kerakki, yurak urishi daqiqasiga 120 martadan kam bo‘lmasin, ammo 140 martadan oshib ketmasin“, deydi shifokor.

​Agar inson ilgari jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa, mutaxassislar sekin yurishdan boshlashni, biroq asta-sekin bir soat davomida to‘xtamasdan yurishni maqsad qilib qo‘yishni tavsiya etadi.

Ayniqsa, 40 yoshdan keyin piyoda yurishning ahamiyati yanada ortadi. Bu davrda ko‘pchilikning hayot tarzi o‘zgaradi: odamlar “to‘q”, xotirjam hayotga ko‘nikib, kamroq harakatlana boshlaydi. Muntazam yurish esa aynan shu harakatsizlikning oldini olib, sog‘lom va faol hayotni saqlab qolishga yordam beradi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz