Raqs bilan muntazam shug’ullanadigan odamlar his-tuyg’ularga boy vaziyatlarda o’z harakatlarini yaxshiroq boshqarishlari mumkin — hech bo’lmaganda gap ijobiy hissiyotlar haqida ketganda.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Allaqachon boshlangan jismoniy harakatni to’xtatish qobiliyati reaksiyani tormozlash deb ataladi. Bu miyaning biz har kuni foydalanadigan asosiy ijro etuvchi funktsiyasidir. Masalan, aynan reaksiyani tormozlash avtomobil qizil chiroqqa o’tib ketgani sababli piyodalar o’tish joyi oldida tezda to’xtashimiz kerak bo’lganda ishlatiladi. Kundalik hayotda odamlar ko’pincha miya tomonidan signallarni qayta ishlashni tezlashtirishi, shuningdek, jismoniy diqqatni jamlashni buzishi mumkin bo’lgan his-tuyg’ularga boy vaziyatlarda o’z reaksiyalarini tormozlashlariga to’g’ri keladi.
Raqs — harakat va hissiyotlar kombinatsiyasini o’rganish uchun qulay modeldir. Yugurish yoki kuch mashqlaridan farqli o’laroq, raqs aniq musiqiy koordinatsiyani va faol hissiy ifodani talab qiladi. Raqqoslar o’z tuyg’ularini harakatlarda uzatib va tomoshabinlar yoki hamkorlarning hissiyotlariga munosabat bildirib, o’z jismoniy harakatlarini uzluksiz to’g’rilab boradilar.
Bombaydagi Hindiston texnologiya instituti mutaxassislari Stuti Mehta va Rashmi Gupta 83 nafar yoshlar — kamida yarim yil raqs bilan shug’ullangan 45 nafar raqqos va raqs tajribasiga ega bo megan 38 kishi ishtirokida eksperiment o’tkazishdi. Umumiy jismoniy tayyorgarlik natijalarga ta’sir qilmasligi uchun tadqiqotga faqat muntazam jismoniy faollik darajasi past yoki o’rta bo’lgan ishtirokchilar kiritildi.

Ishtirokchilar ikkita kompyuter testini bajarishdi. Birinchisida ular X yoki O harflari paydo bo’lganda tugmani bosishgan, lekin harf ustida yashil doira paydo bo’lganda to’xtashlari kerak edi. Ikkinchi testda yashil doira o’rniga baxtli, jahldor yoki neytral yuz ifodasiga ega odamlarning fotosuratlaridan foydalanildi. Hissiy yuzlar asosiy vazifaga aloqador emas edi — ish mualliflari hissiy axborot jismoniy harakatlarni to’xtatish qobiliyatiga ta’sir qilish-qilmasligini tekshirish uchun ulardan foydalanishdi.
Birinchi testda raqqoslar ham, raqqos bo’lmaganlar ham bir xil natijalarni ko’rsatishdi. Biroq, ikkinchi testda raqqoslar baxtli yuzlarni ko’rganda, jahldor yoki neytral yuzlarga qaraganda kamroq xatolarga yo’l qo’yib, o’z harakatlarini ancha yaxshi to’xtatishdi. Raqs tajribasiga ega bo’lmagan ishtirokchilar barcha turdagi yuzlar uchun bir xil natijalarni ko’rsatishdi — hissiy mazmun ularning jismoniy nazoratiga hech qanday ta’sir qilmadi.
Raqqoslar, shuningdek, stress va depressiyaning pastroq darajasi hamda ijobiy hissiyotlarni tez-tez boshdan kechirishlari haqida xabar berishdi. Olimlarning taxmin qilishicha, raqs tayyorgarligi odamlarni ijobiy hissiyotlarga sezgirroq qilishi mumkin. Diqqatning psixologik modellari nuqtai nazaridan, ijobiy tuyg’ular odatda idrok etish doirasini kengaytiradi, salbiylari esa uni xavf-hatar manbaigacha toraytiradi. Agar baxtli yuz raqqosning miyasi tomonidan tezroq va kamroq resurs sarfi bilan qayta ishlansa, unda harakatni o’z vaqtida tormozlash uchun ko’proq imkoniyatlar qoladi.

Boshqa guruhlarning neyrovizualizatsion tadqiqotlari ham raqqoslarda miyaning hissiyotlarni tartibga solish va ijro etuvchi funktsiyalar bilan bog’liq bo’lgan sohalari — dorsolateral prefrontal qobiq va bodomchasimon tana faolligi oshganini ko’rsatgan edi. Bularning barchasi bir vaqtning o’zida his-tuyg’ularni uddalash va tanani aniq boshqarish kerak bo’lgan vazifalardagi ularning afzalligini tushuntirishi mumkin.
Kelajakda olimlar raqs mashg’ulotlari boshlanishidan oldin va keyin bir xil odamlardagi o’zgarishlarni kuzatishni, shuningdek, miya vizualizatsiyasi yordamida qaysi neyron tarmoqlari raqqoslarga hissiyotga boy vaziyatlarda afzallik berishini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq olimlar raqs miyani yoshga bog’liq kasalliklardan hifz qilishini aniqlashgan edi.
