Источник: Google Gemini

Ozdiruvchi dorilar tufayli restoran va fastfud biznesi zarar koʻrmoqda. AQSHda taxminan 30 mln kishi GLP-1 asosidagi preparatlarni qabul qiladi.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

AQSH restoranlari Ozempic sabab menyularini o‘zgartirmoqda
Foto: The New York Times

Ozempic, Zepbound, Wegovy kabi GLP-1 asosidagi ozdiruvchi dorilar AQSHda umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun muammo tug‘dirmoqda. Bu yirik fastfud tarmoqlaridan tortib premium restoranlargacha mijozlar ehtiyojiga moslashish uchun menyularini o‘zgartirishga undamoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

AQSHda GLP-1 asosidagi dorilarni katta yoshli aholining 11 foizi, ya’ni 30 millionga yaqin kishi qabul qiladi. Kelajakda bunday odamlar soni yanada oshishi kutilmoqda. Bunday dorilarni qabul qiladigan odamlar restoranlarga kamroq boradi, kamroq pul sarflaydi va taomlarni oxirigacha yemaydi.

“Biz har doim mehmonlardan nima uchun taomni oxirigacha yemaganini so‘raymiz va ular bunga preparatlar sababligini tan oladi”, deydi Atlantadagi Twisted Soul Cookhouse & Pours restoranining bosh oshpazi va egasi Debora Vantres.

GLP-1 agonistlari va boshqa shunga o‘xshash dorilarni qabul qiladigan odamlar ko‘proq oqsil iste’mol qiladi. Shu sababli restoranlar taomlardagi oqsil miqdorini oshirib, porsiyalarni kamaytirishi mumkin. Ammo qo‘shimcha tovuq yoki mol go‘shti taom narxini 5–7 dollarga oshiradi. Restoranlarga menyu ishlab chiqishda yordam beradigan Sysco kompaniyasi vakili Nil Doertining fikricha, oqsil miqdorini oshirishning yana bir usuli yasmiq, tuxum va tvorog kabi arzonroq masalliqlardan foydalanishdir.

“Agar bu steyk-xaus bo‘lsa, sakkiz unsiyalik (taxminan 226 gramm) goʻsht boʻlagi o‘rniga to‘rt unsiyalik (taxminan 113 gramm) goʻshtni krevetka bilan birga tortish mumkin. Hozirda krevetka juda hamyonbop mahsulot”, dedi Doerti.

Chikagodagi Foodservice Results konsalting firmasi rahbari Darren Tristanoning fikricha, porsiyalar hajmi ikki baravar kamaytirilsa ham, ular 50 foizga arzonlashmaydi. Restoranlar bunday taomlarni asl narxining taxminan 75 foiziga sotishi mumkin. Chunki ular xodimlar maoshi, ijara va mahsulot xarajatlarini ham qoplashlari kerak.

William Blair investitsiya banki tahlilchilarining aytishicha, fastfud tarmoqlaridagi burger va qovurilgan taomlar kabi yuqori kaloriyali mahsulotlarga vazn yo‘qotish uchun dori qabul qiladigan odamlar orasida talab pasaygan.

Burger King‘ga egalik qiluvchi Restaurant Brands International bu yilgi moliyaviy hisobotlarida vazn yo‘qotish dori-darmonlarini o‘z biznesi uchun xavf sifatida sanab o‘tdi. 2026-yilda tashrif buyuruvchilar soni kamaygan McDonald’s hozircha hech qanday ta’sir yo‘qligini aytmoqda. Ammo Burger King allaqachon kichikroq porsiyalarni, masalan, Whopper Bites’ni sinovdan o‘tkazishni boshlagan. McDonald’s esa taomnomasiga tovuqli McCrispy salati va gril tovuqli rollni qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Shake Shack tarmog‘i 2025-yilda Good Fit menyusini taqdim etgan. Unda tovuqli burgerlar nonsiz beriladi, shuningdek, taomlardagi oqsil miqdori ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, salat bargiga o‘ralgan SmokeShack burgerining narxi bulochkali burger bilan bir xil.

Ozempik – aslida 2-tur diabetni davolash uchun qo‘llanadigan preparat bo‘lib, uning tarkibidagi semaglutid moddasi organizmda GLP-1 gormoni ta’sirini taqlid qiladi. U qondagi qand miqdorini nazorat qilishga yerdam beradi, ishtahani kamaytiradi va oshqozon bo‘shashishini sekinlashtiradi. Shu sababli so‘nggi yillarda u ortiqcha vaznni kamaytirish vositasi sifatida ham keng qo‘llanmoqda. Wegovy esa shu moddaning aynan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan varianti hisoblanadi.

Zulfiya Karimova

muharrir

Zulfiya Karimova

Barcha maqolalar

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo’nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

От qwert.uz