Sharoiti ogʻir hududlarda yashash miya salomatligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin – tadqiqot

Manba: Euronews

Iqtisodiy-ijtimoiy sharoiti ogʻir hududlarda yashash miya salomatligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin: eng nochor hududlar  aholisining miyasi tezroq “qarishi”, uning umumiy hajmi kichikroq boʻlishi va qon tomirlarda shikastlanishlar koʻproq uchrashi aniqlandi.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Shimoliy Amerika Radiologiya jamiyatining Radiology jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot odamlar istiqomat qiladigan joy ularning miyasida iz qoldirishi mumkinligini koʻrsatdi.

Tadqiqotchilar 18—96 yosh oraligʻidagi 3000 ga yaqin bemorning bosh miyasi MRT tasvirlarini tahlil qildi. Olingan koʻrsatkichlar hududlararo qashshoqlik indeksi (Area Deprivation Index, ADI) bilan solishtirildi. Ushbu indeks daromad, taʼlim, bandlik va uy-joy sharoitlariga koʻra hududlardagi sharoitlarni baholaydi.

Aniqlanishicha, eng nochor hududlar aholisining miyasi qariroq, uning hajmi esa boy hududda yashovchilar miyasiga qaraganda kichikroq boʻladi.

“Siz yashaydigan joy miyangizda oʻz izini qoldiradi”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri Jon-Pol J. Yu. Uning soʻzlariga koʻra, insonni oʻrab turgan muhit miyaning yoshi va bilvosita miya salomatligiga taʼsir qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Olingan maʼlumotlar odamlarning oʻzi tugʻilib –oʻsgan, yashaydigan, ishlaydigan va keksayadigan sharoitlar ularning uzoq muddatli nevrologik salomatligiga taʼsir qilishi haqidagi dalillarga qoʻshimcha boʻldi.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng noqulay hududlarda yashovchilarning miyasida oq moddadagi giperintensiv oʻchoqlar hajmi kattaroq ekanini aniqladi. Bular MRT tasvirlarida yaqqol koʻrinadigan va miyaning mayda qon tomirlari shikastlanishi bilan bogʻliq boʻlgan sohalardir.

“Oq moddadagi giperintensiv oʻchoqlar, aslida, miyadagi yurak-qon tomir shikastlanishlarining izi”, dedi Yu.

U yuqori qon bosimi, yomon uyqu va surunkali stress kabi omillar vaqt oʻtishi bilan miyada qon aylanishini buzishi mumkinligini taʼkidladi.

Shu sababli sogʻliqni saqlash choralari va davlat siyosatini ishlab chiqishda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan noqulayligini ham hisobga olish kerak, deb xulosa qildi Yu.

Avvalroq olimlar bogʻdorchilikning salomatlikka foydalarini aniqlagandi. Surunkali kasalliklarga chalingan odamlar bogʻdorchilik yordamida xavotir va depressiyani yengishi mumkin.

author info

Surayyo Majidova

От qwert.uz