
OpenAI kompaniyasi ChatGPT ichida salomatlik masalalariga bag‘ishlangan alohida bo‘lim — ChatGPT Health’ni taqdim etdi. Yangi bo‘lim foydalanuvchilarga tibbiy tahlil va sog‘liqqa oid alomatlarni yaxshiroq tushunish, shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rish, treker ilovalaridan olingan ma’lumotlarni izohlash hamda umumiy holatini baholashda yo‘l-yo‘riq berishga mo‘ljallangan.
— Manba: «Daryo» nashri.
OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq ChatGPT’dan sog‘liq bilan bog‘liq savollar uchun har hafta taxminan 230 million kishi foydalanadi. Kompaniya foydalanuvchilarga iloji boricha ishonchli va aniqlashtirilgan ma’lumotlar taqdim etishga intilib kelgan, biroq to‘liq kontekst bo‘lmagan holatlarda buni amalga oshirish murakkab bo‘lgan. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, xizmat ichida alohida salomatlik bo‘limi yo‘lga qo‘yiladi.
Salomatlikka oid barcha muloqotlar ChatGPT Health doirasida qoladi va boshqa chatlarda ishlatilmaydi. Foydalanuvchi sog‘liqni yanada aniqroq baholash uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, tibbiy hujjatlarini yuklashi mumkin. Shuningdek, ChatGPT doimo dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun Apple Health yoki MyFitnessPal kabi tashqi manbalarni ham ulash imkoniyati mavjud.

Bu yondashuv botga umumiy va mavhum tavsiyalardan ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlarga tayangan holda javob berish imkonini yaratadi. Masalan, so‘nggi tahlillar natijalari, kundalik odatlar, jismoniy faollik darajasi yoki ovqatlanish rejimiga asoslanib tavsiyalar berilishi mumkin. Bu esa tekshiruv natijalarini to‘g‘ri va xotirjam tahlil qilish, shifokorga beriladigan savollarni oldindan shakllantirish yoki holatning vaqt sayin qanchalik o‘zgarayotganini tushunishga yordam beradi.
Shu bilan birga, OpenAI foydalanuvchilarga alohida eslatma beradi: ChatGPT Health shifokor o‘rnini bosa olmaydi. U tashxis qo‘ymaydi va davolash bilan shug‘ullanmaydi. Bo‘limning asosiy vazifasi kundalik savollar bo‘yicha foydalanuvchini qo‘llab-quvvatlash hamda muhim tibbiy suhbatlarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishdir.
Maxfiylik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Yangi bo‘lim kuchaytirilgan ma’lumotlar himoyasi bilan ta’minlangan: salomatlikka oid chatlar va fayllar alohida saqlanadi, maxsus shifrlashdan foydalaniladi.

Loyiha shifokorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan. So‘nggi ikki yil davomida OpenAI o‘nlab mamlakatlar va turli yo‘nalishlardan yuzlab amaliyotchi mutaxassislar bilan ishlagan. Ular javoblarga qanday yondashish, qaysi holatlarda foydalanuvchini mutaxassisga yo‘naltirish, murakkab tushunchalarni sodda tilda izohlash bo‘yicha tavsiyalar bergan.
ChatGPT Health bosqichma-bosqich ishga tushiriladi: dastlab foydalanuvchilarning kichik guruhi uchun ochiladi. Yaqin haftalarda kirish imkoniyatini kengaytirish hamda bo‘limni barcha foydalanuvchilar uchun veb-versiya va iOS’da taqdim etish rejalashtirilgan. Bo‘lim to‘liq ishga tushgach, uni ChatGPT’ning chap tomondagi chatlar menyusidan topish mumkin bo‘ladi.

