Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida Nipah virusi tarqalgani qayd etildi. Hududdagi sog‘liqni saqlash idoralari xabariga ko‘ra, bugungacha beshta kasallanish holati aniqlangan, ulardan uchtasi ayni shu hafta ro‘y bergan. Virusning tarqalishi aholi orasida xavotir uyg‘otmoqda, chunki u yuqori o‘lim darajasi bilan mashhur va kasallikka qarshi maxsus davolash vositalari mavjud emas.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Nipah virusi haqida

Nipah — zoonoz xarakterga ega bo‘lgan yangi virus bo‘lib, hayvonlardan, ifloslangan oziq-ovqatdan yoki bevosita odamdan odamga yuqishi mumkin. Virusni yuqtirgan odamda kasallik turlicha kechadi: ba’zida alomatlar sezilmaydi, ba’zida esa og‘ir nafas yo‘llari infeksiyasi yoki o‘limga olib keluvchi ensefalit (bosh miya to‘qimalarining yallig‘lanishi) shaklida namoyon bo‘ladi.

Asosiy virus tashuvchilar bu meva bilan oziqlanuvchi ko‘rshapalaklardir. Ular infeksiyani boshqa hayvonlarga, masalan cho‘chqalarga yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlarga yuqtirishi mumkin. Virus ifloslangan oziq-ovqatlar orqali, shuningdek, odamlar o‘rtasida bevosita aloqa orqali ham tarqaladi. Yuqtirish manbai sifatida kasallangan hayvonlarning so‘lagi, siydigi, najasi yoki qoni xizmat qiladi. Virus markaziy asab tizimi va bosh miya to‘qimalarida mavjud bo‘lgan maxsus retseptorlardan foydalanadi, shu sababli bemorlarda nevrologik belgilar paydo bo‘ladi.

Foto: “RIA Novosti”

Virusning kelib chiqishi va tarqalishi

Nipah virusi ilk bor 1999-yilda Malayziyada Nipah daryosi atrofida ro‘y bergan kasallik avj olish jarayonida aniqlangan. O‘shandan beri Janubiy Osiyoda virus bir necha marta qayd etilgan. Masalan, 2018-yilda Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi 17 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2021-yilda yana shu shtatda 12 yoshli bola virusdan vafot etgan, 11 kishida esa kasallik alomatlari aniqlangan. 2023-yil sentyabrda esa virus yana ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Kasallik alomatlari

Nipah bilan kasallanishning eng keng tarqalgan belgilariga quyidagilar kiradi:

• yo‘tal;

• nafas olish qiyinlashishi;

• yuqori harorat;

• bosh og‘rig‘i;

• ich ketishi va qusish;

• mushaklar og‘rishi;

• umumiy holsizlik.

Virusni yuqtirgandan keyin alomatlar bir necha kundan ikki haftagacha, ayrim hollarda esa 45 kungacha davom etishi mumkin.

Asoratlar

Nipah virusi asosan o‘pka va bronxlarni zararlaydi, ammo virus boshqa organlarga ham tarqalishi mumkin. Kuchli infeksiya oqibatida kasallik tutqanoq, o‘tkir nafas yetishmovchiligi sindromi, komaga tushish va virusli meningoensefalit shaklida rivojlanishi mumkin. Hatto kasallikdan sog‘aygandan keyin bemorda falajlik, ruhiy o‘zgarishlar va kognitiv qobiliyatning yomonlashishi kabi nevrologik asoratlar qolishi ehtimoldan xoli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Nipah virusi o‘lim darajasi 40–75 foizgacha bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlariga va epidemiyaning nazorat darajasiga bog‘liq.

Kasallikni davolash

Hozirgi kunga qadar Nipah virusiga qarshi maxsus dori yoki vaksina ishlab chiqilmagan. Shu sababli virus inson sog‘lig‘i uchun katta xavf tug‘diradi. Kasallikni davolash asosan simptomatik terapiya orqali amalga oshiriladi: bemorlarda nafas olish, suv-tuz balansini ushlab turish va og‘riqni kamaytirish orqali umumiy ahvol yaxshilanadi.

Nipah virusining insoniyat uchun xavfi shundaki, u nafaqat yuqori o‘lim darajasi bilan, balki davolash usullarining mavjud emasligi bilan ham ajralib turadi. Shu bois, kasallikning oldini olish, hayvonlar bilan bevosita aloqa qilishdan saqlanish va oziq-ovqat gigiyenasiga qat’iy rioya qilish eng samarali profilaktik choralar hisoblanadi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz