
Gipertoniya (yuqori qon bosimi) muntazam shifokor nazorati va dori vositalarini qabul qilishni talab etadigan jiddiy kasallikdir. Biroq kundalik turmush tarzi va ovqatlanish ratsioni ham bu borada muhim ahamiyatga ega. Olimlar an’anaviy davolash choralariga samarali qo‘shimcha bo‘la oladigan hamda qon bosimi keskin ko‘tarilishining oldini oluvchi 7 ta oddiy ertalabki odatni sanab o‘tishdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
1. Kunni xotirjamlik bilan boshlang
Uyg‘ongach, bir necha daqiqa davomida nafas olish mashqlarini bajarish yoki qisqa meditatsiya qilish organizmni “jang yoki qochish” (stress) holatidan chiqarishga yordam beradi. 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 4-8 hafta davomida muntazam bajarilgan ongli nafas olish amaliyoti qon bosimining yuqori ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada pasaytiradi.
2. Nonushtada tuz o‘rniga kaliyga e’tibor bering

Organizmda natriy (tuz) miqdorining ortiqcha bo‘lishi suvni ushlab qoladi va bosimni oshiradi. Kaliy esa, aksincha, buyraklarga ortiqcha tuzni haydashda ko‘maklashadi. Tomirlar tonusini yumshoq saqlash uchun nonushtaga kaliyga boy mahsulotlar: banan, apelsin, kartoshka, ismaloq, dukkaklilar, sut mahsulotlari va donli yormalarni kiritish tavsiya etiladi.
3. Kletchatkani unutmang
Kletchatka ichakdagi foydali bakteriyalarni oziqlantirib, yallig‘lanish darajasini pasaytiradi, xolesterinni normallashtiradi va qon tomirlarini bo‘shashtiradi. Kuniga atigi 5 gramm qo‘shimcha kletchatka iste’mol qilish bosimni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Uning eng yaxshi manbalari: rezavor mevalar, po‘stli olma, avokado, chia urug‘lari va to‘liq donli nondir.
4. Yoga va stretching (cho‘zilish mashqlari)

Yoga asab tizimini tinchlantirish orqali stressni jilovlaydi. Sakkizta mustaqil tadqiqot natijalariga ko‘ra, “yoga-nidra” (yotgan holda tananing bo‘shashi) amaliyoti sistolik va diastolik bosimning pasayishiga xizmat qiladi. Bir necha hafta davomida har kuni 20-40 daqiqa davomida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yuqori samaradorlikni ko‘rsatgan. Shuningdek, oddiy cho‘zilish mashqlari ham qon aylanishini yaxshilaydi.
5. Izometrik mashqlarni bajaring
Statik holatda bajariladigan qisqa mashqlar, masalan, devorga tayanib o‘tirib turish (stulcha mashqi) yoki “planka” qon bosimini tushirishda yordam beradi. Bunday mashqlar hech qanday maxsus asbob-uskunani talab qilmaydi va vaqtingiz kam bo‘lgan ertalabki soatlarda ham bajarish uchun juda qulaydir.
6. Yurak va qon tomirlarni mashq qildiring
Muntazam kardiomashqlar qon bosimini barqarorlashtirishi ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan isbotlangan. Qisqa sayr, yugurish, velosiped haydash yoki aerobika yurak-qon tomir tizimini kun bo‘yi samarali ishlashga tayyorlaydi. Muhimi — doimiylik. Haftada kamida yarim soat ochiq havoda, ayniqsa, daraxtzorlar va tabiat qo‘ynida sayr qilish gipertoniya xavfini kamaytiradi.
7. Kofein iste’molini cheklang

Kofein qon bosimini qisqa muddatga ko‘tarishi mumkin, ayniqsa qahvani kam ichadigan insonlarda bu yaqqol seziladi. Agar sizda gipertoniyaga moyillik bo‘lsa, kunlik kofein miqdorini 300 mg (taxminan 2-3 finjon) bilan cheklang. Kasallik belgilari kuchli bo‘lganda esa qahva o‘rniga choylar yoki limonli iliq suv ichish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa o‘rnida: Yuqorida sanab o‘tilgan barcha odatlarni bir vaqtning o‘zida boshlash shart emas. O‘zingizga eng ma’qul keladigan 2-3 tasini tanlab, ularni muntazam ravishda bajarishni boshlang, shunda natija uzoq kuttirmaydi.

