
“Verba Mayr” salomatlik markazining shifokor-endokrinologi va eksperti Natalya Kirdyankina haddan tashqari uzoq tush ko‘rish qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntirdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
O‘rta Yer dengizi hududlarida qadimdan shakllangan va “siyesta” deb nom olgan kunduzgi uyqu ko‘pincha salomatlik bilan bog‘lanadi. Isroilda o‘tkazilgan bir nechta tadqiqotlar keksa yoshdagilar orasidagi o‘lim darajasining ortishi aynan siyesta bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. AQSH olimlarining tadqiqotlari ham erkaklar va ayollarda o‘lim xavfining oshishi kunduzgi uyqu bilan bog‘liqligini aniqlagan.
Shu bilan birga, General Psychiatry jurnalida chop etilgan boshqa bir tadqiqot mualliflari bo‘lgan xitoylik olimlar atigi besh daqiqalik kunduzgi uyqu aqliy qobiliyatni yaxshilab, demensiyaning oldini olishga yordam berishi mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq jamoa ushbu tadqiqot uyqu va aqliy qobiliyatni saqlash o‘rtasida aniq sabab-oqibat bog‘liqligini o‘rnatmagani haqida ogohlantirdi.

Tadqiqot qancha ko‘p bo‘lsa, fikr ham shunchalik turlicha. Ularning har biridan kelib chiqib, insonlar uchun kunduzgi uyquning quyidagi afzalliklarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
- hordiq chiqarish;
- toliqishni kamaytirish;
- kayfiyatni ko‘tarish;
- ish samaradorligini oshirish, jumladan, reaksiya tezligini va xotirani yaxshilash.
Biroq kunduzgi uyquning salbiy oqibatlari ham bor, masalan: tunda uxlash bilan bog‘liq muammolar. Kunduzgi qisqa uyqu odatda ko‘pchilikning tungi uyqusi sifatiga ta’sir qilmaydi. Ammo agar odam tunda uyqusizlikka duchor bo‘lsa yoki uyqusi sifatsiz bo‘lsa, kunduzi uzoq va tez-tez uxlash (ayniqsa, soat 15:00 dan keyin) bu muammolarni yanada kuchaytirishi mumkin.
Qancha uzoq uxlasangiz, shundan so‘ng o‘zingizni horg‘in va ezilgan his qilish ehtimolingiz shuncha ortadi. Shu bois kunduzgi uyqu davomiyligini bir soatgacha cheklash va kun oxirida bunday mudrashdan saqlangan ma’qul.

Odatiy kunduzgi va tungi uyqudan tashqari, bir qator noxush oqibatlarni keltirib chiqaradigan surunkali kasallik — narkolepsiya ham mavjud. Ushbu kasallikka chalingan odamlar kun davomida uyqusirab yuradi va to‘satdan uxlab qolishi mumkin. Bunday uyqu buzilishiga ega odamlar uchun uzoq vaqt uyg‘oq yurolmaydi.
Shu sababli agar sizda kuchli uyquchanlik kuzatilsa, shifokor-somnolog bilan maslahatlashish, tekshiruvdan o‘tish hamda qalqonsimon bez faoliyatidagi patologiya, temir tanqisligi va D vitamini yetishmovchiligini tekshirish tavsiya etiladi.
Sifatli uyqu uchun tavsiyalar
Uyqu uchun 7 soatdan 8 soatgacha vaqt ajrating (bu katta yoshdagi sog‘lom odam uchun tavsiya etilgan me’yor). Aksariyat odamlarga yaxshi dam olish uchun sakkiz soat shart emas. Uyquning uzoq davom etishi (8 soatdan ortiq) esa ko‘pincha sog‘liq yomonlashganining alomati bo‘ladi.
- Har kuni, shu jumladan, dam olish kunlari ham bir vaqtda yotib, bir vaqtda turing.
- Uxlashdan bir necha soat oldin ovqatlanmang.
- Spirtli ichimliklar miqdorini nazorat qiling. Garchi u dastlab uyquni keltirishi mumkin bo‘lsa-da, tungi uyquni buzadi xolos.

