Oddiy bir stakan sharbat yoki smuzi nafaqat «5 porsiya meva va sabzavot» qoidasiga amal qilishga, balki ruhiy salomatlikni qoʻllab-quvvatlashga ham yordam berishi mumkin.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Nyu-kasl universiteti mutaxassislarining tajribasida odatda kam meva va sabzavot — kuniga ikki porsiyadan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol qiladigan 42 nafar kattalar ishtirok etdi. Barcha ishtirokchilar isteʼmolni tavsiya etilgan besh porsiyagacha oshirish uchun yordam oldilar. Shu bilan birga, ularning bir qismidan ratsionga har kuni qoʻshimcha ravishda bir stakan meva sharbati yoki smuzi kiritish soʻraldi.
Toʻrt haftadan soʻng har ikkala guruh ham isteʼmol qilinadigan meva va sabzavotlar miqdorini oshirdi, bu umuman olganda ularning salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi, ammo ratsionga sharbat yoki smuzini kiritgan ishtirokchilar, boshqa narsalar qatorida, depressiya koʻrsatkichlari sezilarli darajada past ekanligini namoyish etdilar. Ularning 27 ballik standartlashtirilgan shkala boʻyicha ballari nazorat guruhidagiga qaraganda 2,52 ballga past boʻldi — bu kichik, ammo statistik jihatdan ahamiyatli farqdir.
«Katta yoshli odamlarning koʻpchiligi kuniga besh porsiya meva va sabzavot isteʼmol qilish salomatlik uchun foydali ekanligini bilishadi, ammo koʻpchilikka bu qoidaga amal qilish qiyin kechadi, — deb taʼkidladi Nyu-kasl universitetida tadqiqotni amalga oshirgan va hozirda Liverpul universitetida ishlayotgan doktor Kortni Nil. — Bizning sinovimiz shuni koʻrsatdiki, oddiy va iqtisodiy jihatdan samatali yechimlar, masalan, har kuni kichik bir stakan 100%li meva sharbati yoki smuzi isteʼmol qilish odamlarga ruhiy farovonlik uchun potentsial afzalliklar bilan “kuniga 5 porsiya” maqsadiga erishishga yordam berishi mumkin».

Muhimi, ratsionga sharbatning kiritilishi ishtirokchilarga ratsionga kletchatkaga boy boʻlgan boshqa meva va sabzavotlarni qoʻshishga xalaqit bermadi. Parhezshunoslik yozuvlari shuni koʻrsatdiki, har ikkala aralashuv guruhi ham kunlik kletchatka isteʼmolini 8−10 grammga oshirgan. Meva sharbatlaridagi shakar miqdori boʻyicha xavotirlarga qaramay, olimlar toʻrt haftalik sharbat yoki smuzi isteʼmolidan soʻng metabolik salomatlik belgilari (markerlari)ga nojoʻya taʼsirni aniqlamadilar.
Nyu-kasl universitetining ovqatlanish va qarish masalalari boʻyicha oʻqituvchisi Oliver Shennonning soʻzlariga koʻra, ayniqsa amaliy jihati muhimdir: yashash narxining oshishi fonida yangi uzilgan meva va sabzavotlar kamroq hamyonbop boʻlib bormoqda, vaholanki nafaqat yangi, balki muzlatilgan xomashyodan ham tayyorlanishi mumkin boʻlgan sharbatlar va smuzilar ratsionga foydali komponentlarni qoʻshishning oddiy va samarali usuli boʻlishi mumkin. Olimlar tadqiqot kichik boʻlganini va bor-yoʻgʻi bir oy davom etganini, shuning uchun uzoq muddatli effekt haqida gapirishga hali erta ekanligini taʼkidlamoqdalar. Ammo olingan maʼlumotlar ovqatlanishni ruhiyat holati bilan bogʻlaydigan ortib borayotgan ishlar qatoriga mos keladi va hatto ratsiondagi kichik va real oʻzgarishlar ham ruhiy holatimizga sezilarli taʼsir koʻrsatishga qodir ekanligiga ishora qiladi.
Ilgari olimlar ommabop sport qoʻshimchasi depressiyaga qarshi yordam berishini aniqlashgan edi.

