Источник: Google Gemini

Vaksina har bir bemor uchun alohida tayyorlanadi. U operatsiyadan keyin saratonning qaytalanish xavfini kamaytirishga mo‘ljallangan.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

AQSHda teri saratoniga qarshi vaksina sinovdan oʻtkazildi: kasallik qaytalanish xavfi 42 foizga kamaydi
Foto Addenbrooke’s Hospital

AQSHning Moderna va Merck farmatsevtika kompaniyalari teri saratonining xavfli turi — melanomaga qarshi ishlab chiqilgan eksperimental vaksina sinovlari muvaffaqiyatli oʻtganini e’lon qildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, vaksina Keytruda preparati bilan birga qoʻllanganda, operatsiyadan keyin saratonning qaytalanishi yoki bemorning vafot etishi xavfi 42 foizga kamaygan. Bu haqda CNN xabar berdi.

1,1 ming nafardan ortiq bemor ishtirok etgan tadqiqotda yangi davolash usuli saratonning tanadagi boshqa qismlarga tarqalishi yoki oʻlim xavfini ham 38 foizga kamaytirgani aniqlangan.

Ikki yillik kuzatuv natijalariga koʻra, vaksina va Keytruda bilan davolangan bemorlarning 82 foizdan ortigʻida saraton qaytalanmagan, shuningdek, kasallikdan oʻlim holati kuzatilmagan. Faqat Keytruda olgan bemorlarda esa bu koʻrsatkich 70 foizni tashkil etgan.

Vaksina qanday ishlaydi?

Intismeran autogene deb nomlangan vaksina har bir bemor uchun alohida tayyorlanadi. Buning uchun operatsiya vaqtida olib tashlangan oʻsimta tekshiriladi va undagi genetik oʻzgarishlar aniqlanadi. Soʻng shu maʼlumotlar asosida bemorga mos vaksina ishlab chiqiladi.

Preparat immunitet tizimiga saraton hujayralarini tanib olish va ularga qarshi kurashishda yordam beradi. Unda Moderna kompaniyasining COVID-19 vaksinasida qoʻllangan mRNK texnologiyasidan foydalaniladi.

Memorial Sloan Kettering saraton markazi mutaxassisi Maykl Postou CNN bilan suhbatda yangi vaksina oʻzining ishlash usuli va samaradorligi jihatidan ilgari kuzatilmagan natijalarni koʻrsatganini taʼkidladi.

Muhimi shundaki, bu sogʻlom odamlarni saratondan himoya qiluvchi profilaktik vaksina emas. U melanoma tashxisi qoʻyilib, oʻsimtasi jarrohlik yoʻli bilan olib tashlangan bemorlarda kasallikning qaytalanish xavfini kamaytirish uchun moʻljallangan.

Tadqiqotning batafsil natijalari Madridda boʻlib oʻtadigan Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati kongressida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Moderna va Merck kompaniyalari sinovdagi natijalarga asoslanib vaksinani ommaviy ishlab chiqish uchun ruxsat olish masalasini tegishli nazorat organlari bilan muhokama qilmoqda. Shuningdek, ushbu texnologiya oʻpka va oshqozonosti bezi saratoni kabi boshqa kasalliklarda ham sinovdan oʻtkazilmoqda.

SM

Muallif

Surayyo Majidova

От qwert.uz