Источник: Google Gemini

Mutaxassislar Toshkentda harorat inversiyasi yana 10 kun davom etishi mumkinligini bildirmoqda. Nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari bor fuqarolarga imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Changli havoda qanday ehtiyot choralariga amal qilish kerak? SSV tavsiyalari
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kunlarda Toshkent va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida havo ifloslanishi kuchaygani munosabati bilan aholiga tibbiy tavsiyalar berdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tahliliga ko‘ra, mintaqaning bir qator shaharlarida havo sifati indeksi (AQI) 100 birlikdan oshgan. Bunga oktabr oxirida shakllangan antisiklon, shamolning susayishi, yog‘ingarchilik kuzatilmagani va harorat inversiyasi sabab bo‘lgan.

Natijada transport, sanoat va energetika sohalaridan chiqadigan zararli moddalar hamda tabiiy chang atmosferaning quyi qatlamida to‘planib qolgan. Mutaxassislarga ko‘ra, Toshkentda harorat inversiyasi yana 10 kun saqlanib qolishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikovaning ta’kidlashicha, havo sifati yomonlashgan paytda ochiq havoda bo‘lish vaqtini imkon qadar qisqartirish lozim.

“Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyunktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak”, deyiladi xabarda.

Bunday kasalliklari bor fuqarolarga shifokor tavsiyasi asosida allergiyaga qarshi dori vositalarini qabul qilish tavsiya etildi.

Vazirlik changli havo sharoitida quyidagi tavsiyalarga amal qilishni maslahat berdi:

  • Ochiq havoda bo‘lish vaqtini imkon qadar kamaytirish;
  • Derazalarni yopiq holda saqlash;
  • Xonalarni nam latta bilan tozalab turish;
  • Uy va binolarda suv solingan idishlar qo‘yish, nam sochiqlar osish;
  • Konditsioner va havoni tozalash tizimlaridan foydalanish;
  • Ko‘proq suv ichish va dush qabul qilish;
  • Og‘iz hamda burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish.

Agar chang ta’sirida nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘z va tomoqda qichishish, qizarish yoki yo‘tal paydo bo‘lsa, oilaviy shifokorga murojaat qilish kerakligi bildirildi.

Zarurat tug‘ilganda fuqarolar “103” xizmatiga murojaat qilib, tunu kun shoshilinch tibbiy yordam olishlari mumkin. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlari zarur dori vositalari bilan ta’minlangan.

Toshkentda 21–26-oktabr kunlari havo sifati indeksi 93 dan 164 gacha ko‘tarilib, 76 foizga oshgani xabar qilingandi. Ekoqo‘mita mutaxassislari tahliliga ko‘ra, poytaxt havosidagi PM2.5 zarrachalari tarkibining 39,7 foizini mineral chang, 42,6 foizini esa transport, sanoat va energetika tizimidagi yonish jarayonlari bilan bog‘liq zarrachalar tashkil etgan.

От qwert.uz