Ko‘pchilik ish haftasidagi uyqu yetishmovchiligini shanba va yakshanba kunlari to‘ldirishga harakat qiladi. Biroq mutaxassis tushgacha uxlash odati biologik soatni izdan chiqarib, odamni yanada horg‘in qilib qo‘yishini bildirdi.
— Манба: «Daryo» нашри.

Aksariyat odamlar ish kunlaridagi uyqu yetishmovchiligini dam olish kunlari to‘ldirishga harakat qiladi. Somnolog (uyqu bo‘yicha mutaxassis) Ilya Smirnov bunday tarzda uxlash salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi. U shanba-yakshanba kunlari qanday xatolardan qochish kerakligini tushuntirib berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari tushgacha uxlash odati sutkalik ritmni (odamning ichki biologik soatini) buzadi. Oqibatda odam o‘zini horg‘in va charchagan his qiladi, yakshanba kechasi esa uxlab qolishga qiynaladi.
Shifokor bunday oqibatlarning oldini olish uchun dam olish kunlari odatdagidan ko‘pi bilan bir soat kechroq uyg‘onishni tavsiya qiladi.
Agar ish haftasi o‘ta og‘ir o‘tgan bo‘lsa, yo‘qotilgan hordiqni kunduzgi qisqa uyqu bilan to‘ldirish mumkin. Smirnovning ta’kidlashicha, kunduzgi uyqu 20 daqiqadan oshmasligi kerak. Shuningdek, soat 15:00 yoki 16:00 ga qadar dam olib olish maqsadga muvofiqdir.
Somnolog yana bir ko‘p uchraydigan xatoni ajratib ko‘rsatdi: serial ko‘rish, ishlash yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirish uchun yotish vaqtini ortga surish. Agar har kuni ertalab bir xil vaqtda turish kerak bo‘lsa, uxlashga kech yotish odati sekin-asta surunkali uyqu yetishmovchiligiga olib keladi.
Shuningdek, mutaxassis uxlashdan oldin kompyuter o‘yinlari o‘ynamaslikni, xavotirli yangiliklarni o‘qimaslikni va ziddiyatli masalalarni hal qilmaslikni maslahat berdi. Bunday harakatlar miyani faol ushlab turadi va xotirjam bo‘lishga xalaqit beradi.
Bundan tashqari, kechqurun yog‘li ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish, kuchli ochlik hissi hamda kechki paytdagi og‘ir jismoniy mashqlar ham uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Psixolog Sofiya Qasimovaning bildirishicha, uxlab qolishdagi qiyinchiliklar aksariyat hollarda asab tizimining ortiqcha qo‘zg‘alishi va uxlashdan oldingi noto‘g‘ri odatlar bilan bog‘liq.
