Источник: Google Gemini

Avstraliyalik olimlar 193 ta mamlakatdagi salomatlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib chiqdi. Izlanishlar natriy o‘rniga boshqa modda bilan boyitilgan mahsulotdan foydalanish gipertoniya hamda insult xavfini keskin kamaytirishini ko‘rsatdi.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Tuzni muqobiliga almashtirish yiliga 3 mln inson hayotini saqlab qolishi mumkin — tadqiqot
Foto: Firstpoint

Osh tuzini kaliy bilan boyitilgan muqobiliga almashtirish dunyo bo‘yicha har yili qariyb 3 million inson o‘limining oldini oladi. Avstraliyaning Jorj nomidagi Global sog‘liqni saqlash instituti tadqiqotchilari o‘tkazgan yangi tadqiqotda shunday xulosaga kelindi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Olimlar 193 ta davlatdagi holatni o‘rganib chiqdi. Unga ko‘ra, kaliyli tuzga o‘tish har yili 2,96 millionta o‘lim hamda 10,17 millionta yurak-qon tomir va buyrak kasalliklarining oldini olishi mumkin.

Kaliyli tuzning afzalligi nimada?

Ko‘p miqdorda natriy (osh tuzi tarkibida bor) iste’mol qilish va kaliy yetishmovchiligi qon bosimi oshishiga olib keladi. Bu esa insult va infarkt xavfini keskin oshiradi.

Kaliy bilan boyitilgan tuz oddiy tuz bilan bir xil maza va ko‘rinishga ega. Unda natriy xloridning bir qismi kaliy xlorid bilan almashtirilgan.

“Bu turdagi tuzga o‘tish har ikki muammoni bir vaqtning o‘zida hal qiladi hamda salomatlikka katta foyda keltiradi”, deydi tadqiqot rahbari Bryus Nil.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 30 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan balog‘atga yetganlarning har uchinchisi gipertoniya (qon bosimi yuqoriligi)dan aziyat chekmoqda. Yurak-qon tomir kasalliklari esa dunyoda birinchi raqamli o‘lim sababchisi bo‘lib qolmoqda.

Qisman o‘tish ham katta foyda beradi

Tadqiqotchilar bir nechta ssenariylarni ko‘rib chiqdi. Faqat uyda ishlatiladigan tuzni almashtirishning o‘zi har yili 1,85 million kishining hayotini saqlab qoladi. Tayyor oziq-ovqatlar va restoranlardagi tuzni almashtirish esa yana 1,56 million o‘limning oldini oladi.

Yevropa va Shimoliy Amerikada tuzning 70 foizdan ortig‘i tayyor mahsulotlar hamda restoran ovqatlari orqali iste’mol qilinadi. Shu sababli mutaxassislar oziq-ovqat sanoatini ham ushbu tuzga o‘tishga chaqirmoqda.

Taklif etilayotgan usul, ayniqsa, aholisi ko‘p davlatlarda yuqori natija beradi. Kaliyli tuzga to‘liq o‘tish Xitoyda har yili 1,08 million, Hindistonda esa deyarli 400 ming o‘limning oldini olishi mumkin. Buyuk Britaniyada esa bu ko‘rsatkich qariyb 13 mingni tashkil etadi.

Ehtiyotkorlik va xavflar

Kaliyli tuzning xavfli tomoni ham bor. Buyrak kasalligi og‘ir kechayotgan va kaliy darajasini oshiruvchi dori ichadigan bemorlarda qonda kaliy miqdori ko‘payib ketishi mumkin.

“Bu xavfni bemorlarni tushuntirish, mahsulotga ogohlantiruvchi yorliqlar qo‘yish va shifokor nazorati orqali bartaraf etish mumkin”, deydi hindistonlik nefrolog Vivek Jha.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2025-yilda kaliyli tuzdan foydalanishni ma’qullagandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘ylab oddiy tuzdan muqobiliga o‘tish dori-darmonlar bilan davolashdan ko‘ra arzonroq va samaraliroq yechim hisoblanadi.

Dilafruz Mirzayeva

muxbir

Dilafruz Mirzayeva

От qwert.uz