Источник: Google Gemini

Ushbu tavsiyalarga amal qilish ko‘zdagi charchoqni kamaytirib, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Kompyuter qarshisida ko‘p o‘tirganda ko‘z toliqsa nima qilish kerak? Oftalmolog tavsiyalari

Kompyuter va telefon ekranlari ko‘rish qobiliyatiga qanday ta’sir qilishi, uzoq vaqt ishlagandan so‘ng ko‘zda noqulaylik paydo bo‘lish sabablari hamda muammoni bartaraf etish yo‘llari ma’lum qilindi. Bu haqda shifokor-oftalmolog Natalya Temnenko “Ledi Mail” nashriga ma’lumot berdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ko‘rish qobiliyatiga ekranga qaralgan umumiy vaqt emas, balki yaqin masofadan turib 20 daqiqadan ko‘p tanaffussiz davom etadigan har qanday yuklama salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunga telefon, planshet, televizor (agar u 6 metrdan yaqin masofada bo‘lsa) va kitob o‘qish kiradi. Boshqa xavfli omillar bo‘lmaganda, ekranga uzoq tikilishning o‘zi ko‘z to‘r pardasi yoki ko‘rish nervlari kasalliklarini keltirib chiqarmaydi.

Lady mail

Shunga qaramay, kompyuterda ishlagandan so‘ng ko‘z toliqishi, noqulaylik va nigohni bir joyga jamlashga qiynalish holatlari kuzatiladi. Tibbiyotda ushbu muammolar “kompyuter ko‘rish sindromi” deb ataladi. Statistikaga ko‘ra, har kuni kompyuterdan 2 soatdan ortiq foydalanadigan katta yoshli insonlarning 60 foizida bu sindrom uchrashi mumkin.

Sindrom belgilari quyidagilardan iborat:

  • bel, yelka va bo‘yin sohasida og‘riq hamda qotib qolish, bosh og‘rig‘i;
  • ko‘z xiralashishi, narsalarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi;
  • ko‘z ichi va atrofida kuchlanish hamda charchoq;
  • ko‘z achishishi, qurishi, qizarishi va yoshlanishi.

Ushbu sindrom ko‘proq ko‘rishida nuqsoni (yaqinni yoki uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik, astigmatizm) bor, ikki ko‘z bilan baravar ko‘rish qobiliyati buzilgan hamda “quruq ko‘z” kasalligiga chalingan shaxslarda ko‘proq uchraydi.

Vaziyatni yaxshilash uchun quyidagi ergonomik qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

• Ish joyini to‘g‘ri tashkil etish: ekrandan cho‘zilgan qo‘l masofasida, taxminan, 60 sm uzoqlikda o‘tirish lozim. Ekranning yuqori qismi ko‘z bilan bir xil chiziqda yoki biroz pastroqda bo‘lishi kerak;

• Ekran sozlamalarini to‘g‘rilash: tasvir aniqligi va shriftlar o‘qishga qulay bo‘lishi, ekranning miltillash tezligi kamida 50 Gts (Hz) ni tashkil qilishi zarur;

• Yorug‘likni sozlash: ekran ortiqcha yorug‘ bo‘lmasligi lozim;

• Maxsus mashqlarni bajarish: Har 20 daqiqada ekrandan chalg‘ib, 20 soniya davomida ko‘zni tez-tez yumib-ochish va kamida 6 metr uzoqlikdagi obyektlarga tikilish tavsiya etiladi;

• Tibbiy korreksiya: Ko‘zda nuqsonlar bo‘lsa, shifokor tavsiya etgan ko‘zoynak yoki linzalardan foydalanish hamda aniqlangan ko‘z kasalliklarini vaqtida davolatish lozim.

Ushbu qoidalarga amal qilish ko‘zdagi charchoqni kamaytirib, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Asila Aliboyeva

muxbir

Asila Aliboyeva

От qwert.uz