“Tolibon” harakati Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx viloyati ma’muriy markazi hisoblangan Mozori-Sharif shahri uning nazorati ostiga o‘tganini e’lon qildi. Bu haqda xorijiy ommaviy axborot vositalari toliblar rasmiy vakili Zabihulla Mujohidning Twitter’dagi rasmiy sahifasiga asoslanib xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Mozori-Sharifga “Tolibon”ning oq bayrog‘i o‘rnatilmoqda.
Foto: Telegram / @tolo_news
“Hozirgina Mozori-Sharif shahri — Balx viloyati poytaxti bizning nazoratimiz ostiga o‘tdi. Bir necha daqiqa avval viloyat gubernatori, politsiyasi boshlig‘i, razvedka xizmati yetakchisi… va viloyatning boshqa rahbarlari qo‘lga olindi”, — deyiladi Mujohidning axborotida.
Al Arabiya telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston hukumat kuchlari Mozori-Sharifni amalda jangsiz topshirgan, ular o‘z postlari, qurol-yarog‘larini tashlab, qochishga tushgan. Shahar atrofida kichik to‘qnashuvlar davom etayotgani aytilmoqda.
Reuters agentligining Balx viloyati mahalliy kengashi rahbari Muhammad Afzal Hadidga tayanib aniqlik kiritishicha, hozirgi vaqtda Mozori-Sharifdan qochgan hukumat qo‘shinlari O‘zbekiston bilan chegara tomon harakatlanmoqda.
“Amerika ovozi” muxbiri Ayoz Gul Amudaryo ustidan o‘tgan hamda Afg‘onistonning Hayraton va O‘zbekistonning Termiz shaharlarini bog‘lab turuvchi “Do‘stlik” avtomobil va temiryo‘l ko‘prigidan olingan kadrlarni e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chekinayotgan afg‘on xavfsizlik kuchlari allaqachon O‘zbekiston chegarasiga yetib kelgan.
The New York Times’ning yozishicha, “Tolibon” shimoldagi so‘nggi tayanch shaharni shahar chegarasidagi front chizig‘ini yorib o‘tganidan atigi bir soat o‘tar-o‘tmas qo‘lga kiritgan. Front chizig‘i yorib o‘tilganidan ko‘p o‘tmay hukumat xavfsizlik kuchlari va ko‘ngillilar qochgan.
Qochganlar orasida marshal Abdulrashid Do‘stum va Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur kabi dala qo‘mondonlari ham borligi aytilmoqda.

“Tolibon” nazorati ostidagi, bahsli va hukumat nazorati ostidagi hududlar xaritasi.
Xarita: The New York Times
“Tolibon” joriy haftada yirikligi bo‘yicha Afg‘onistonning ikkinchi shahri hisoblangan Qandahor va eng yirik viloyatlardan biri — Hirotni egallagan edi. Mozori-Sharif qulaganidan so‘ng, hukumat nazorati ostida faqat ikki yirik shahar — Kobul va mamlakat sharqidagi Nangarhar viloyati poytaxti Jalolobod qoldi, xolos.