Makkajo‘xori ko‘plab davlatlarda keng tarqalgan mavsumiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. U alohida iste’mol qilinganda ham, ziravorlar, sabzavotli salatlar yoki go‘sht taomlari bilan qo‘shib yeyilganda ham mazali bo‘ladi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Makkajo‘xori tarkibida sog‘liq uchun muhim bo‘lgan noyob vitaminlar, minerallar hamda biologik faol moddalar majmuasi mavjud bo‘lib, mazkur sabzavotni haqiqiy “superfood” deb atasa bo‘ladi. Quyida qaynatilgan makkajo‘xori iste’mol qilish uchun yettita sababni keltiramiz.

1. Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi

Makkajo‘xori tarkibida lyutein va zeaksantin kabi karotinoidlar ko‘p. Ular ko‘z to‘r pardasida to‘planib, ultrabinafsha nurlaridan tabiiy himoya hosil qiladi hamda katarakta va yoshga bog‘liq ko‘rish kasalliklariga chalinish xavfini kamaytiradi. Muntazam ravishda lyutein va zeaksantin iste’mol qiluvchi insonlar qarilik davrida ko‘rish bilan bog‘liq muammolarga 43 foiz kamroq duch keladi.

2. Ovqat hazm qilish tizimi uchun foydali

Foto: iStock

Makkajo‘xori tarkibidagi o‘simlik tolalari ichak faoliyatini rag‘batlantiradi, qabziyatning oldini oladi va toksinlarning chiqishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, u foydali ichak mikroflorasi rivojlanishi uchun qulay muhit yaratadi, bu esa immunitetni mustahkamlashga va umumiy salomatlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

3. Qarish jarayonini sekinlashtiradi

Makkajo‘xori tarkibida mavjud ferul kislotasi kuchli antioksidant bo‘lib, u erkin radikallar ta’sirini neytrallaydi, hujayralarni oksidlovchi stressdan himoya qiladi va erta qarish jarayonining oldini oladi. Shuningdek, ushbu mahsulot kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, terining tarangligi va elastikligini ta’minlaydi.

4. Yurak-qon tomir tizimini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: iStock

Makkajo‘xorida mavjud bo‘lgan magniy, kaliy va B guruhi vitaminlari yurak hamda qon tomirlar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular qon bosimini me’yorlashtiradi, xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tromb hosil bo‘lishining oldini oladi. Mazkur mahsulotni sog‘lom ovqatlanish qoidalari bilan uyg‘un holda muntazam iste’mol qilish ateroskleroz xavfini kamaytiradi.

5. Ishchanlik va diqqatni oshiradi

Makkajo‘xori murakkab uglevodlarga boy bo‘lib, organizmni uzoq vaqt davomida energiya bilan ta’minlaydi. B guruhi vitaminlari esa energiya almashinuvini faollashtiradi, asab tizimini yaxshilaydi hamda diqqatni jamlashni osonlashtiradi. Makkajo‘xorini muntazam iste’mol qilish charchoqni ham kamaytiradi.

6. Vaznni nazorat qilishga ko‘maklashadi

Foto: iStock

Shirin ta’miga qaramay, 100 gramm qaynatilgan makkajo‘xorida atigi 95–110 kilokaloriya mavjud. Uning uglevodlari sekin parchalanadi, bu esa to‘qlik hissini uzoq vaqt saqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, tarkibidagi tolalar hazm jarayonini sekinlashtiradi, ishtahani tartibga soladi va vaznni nazorat qilishga yordam beradi. Shu bois makkajo‘xori parhez tutish uchun mos mahsulot sanaladi.

7. Qimmatli mikroelementlarga boy

Makkajo‘xori mikrodozalarda oltinni o‘zida jamlagan yagona don mahsuloti hisoblanadi. Uning tarkibida qon hosil bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan temir, immunitetni mustahkamlovchi rux, suyak to‘qimalari uchun kerak bo‘lgan fosfor va boshqa qator foydali elementlar mavjud. Shu sababli makkajo‘xori bolalar, sportchilar hamda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar uchun ayniqsa foydali.

Tavsiya etilgan iste’mol miqdori

Mutaxassislar mavsumda haftasiga 2–3 marta, kuniga 1 dona jo‘xori iste’mol qilinishini tavsiya etadi. Ushbu miqdor ovqat hazm qilish tizimiga ortiqcha yuk tushirmaydi. Makkajo‘xori hazm qilish uchun nisbatan og‘ir mahsulot sanalgani bois uni kunning birinchi yarmida iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.

От qwert.uz