Kuzda shamollashdan himoyalanishni uyqu rejimini tartibga solishdan boshlash kerak.
— Манба: «Daryo» нашри.

Kuzda shamollashdan himoyalanishni uyqu rejimini tartibga solishdan boshlash kerak. Bu haqda oilaviy shifokor, endokrinolog va preventiv integrativ tibbiyot bo‘yicha mutaxassis Anastasiya Samoylova News.ru nashriga so‘zlab berdi. Uning aytishicha, sutkasiga olti soatdan kam uxlaydigan odamlar rinovirusga duch kelganidan keyin boshqalarga qaraganda to‘rt baravar ko‘proq O‘RVIga chalinadi.
San Fransiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari ham shunga o‘xshash natijaga erishgan. Ularning tadqiqoti 2015-yilda Sleep jurnalida chop etilеgan. Tadqiqotchilar bir hafta davomida 164 nafar ko‘ngillining uyqusini treker-bilaguzuklar va uyqu kundaliklari yordamida kuzatib borishgan, so‘ngra ishtirokchilarning burniga rinovirusli eritma tomizib, ularni besh kun davomida karantinda kuzatishgan. Olti soatdan kam uxlaganlar yetti soat va undan ko‘proq uxlagan ishtirokchilarga qaraganda 4,2 baravar ko‘proq kasallangan. Shamollash xavfi yosh, stress, daromad yoki chekishdan ko‘ra ko‘proq uyqu davomiyligiga bog‘liq bo‘lib chiqdi.
Samoylova bu holatni immunitet faoliyati bilan bog‘laydi. Uyquning chuqur fazalarida organizm melatonin va sitokinlarni ishlab chiqaradi. Sitokinlar — bu immun hujayralar ishini muvofiqlashtiruvchi oqsillardir. Shu bois soat 23:00 gacha uyquga yotish, yotoqxona butunlay qorong‘i bo‘lishi kerak.
Uyqudan tashqari, shifokor gigiyenaga ham amal qilishni tavsiya etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ifloslangan yuzalarga teggandan so‘ng qo‘llarni sanitayzer bilan dezinfeksiya qilish kasallik yuqtirish xavfini kamaytiradi. Shifokor maslahatiga ko‘ra, birov aksirganda chetga qarab qisqa nafas chiqarib, nafasni besh soniya ushlab turish lozim.
Shifokor xonadondagi havo masalasiga alohida to‘xtalib o‘tadi. Optimal namlik darajasi 40–60% ni tashkil etadi, biroq isitish mavsumida bu ko‘rsatkich 20 foizgacha tushib ketadi. Yana bir chora burun parvarishi bilan bog‘liq: metrodan chiqqandan hamda savdo markazlariga borgandan so‘ng burunni izotonik tuzli eritma bilan yuvish maqsadga muvofiq.
