
Gulkaram inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab ozuqaviy moddalarga ega. Uning tarkibida C va K vitaminlari, kaliy, magniy, o‘simlik tolasi, shuningdek, antioksidant xususiyatga ega biofaol birikmalar mavjud.
— Manba: «Daryo» nashri.
Ushbu komponentlar immunitetni qo‘llab-quvvatlash, yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilash, suyak va bo‘g‘imlarni mustahkamlash, ovqat hazmini me’yorlashtirish hamda organizmni tabiiy detoksikatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Quyida gulkaramni muntazam iste’mol qilish uchun yettita ilmiy asoslangan sabab ko‘rib chiqiladi.

Foto: Hi-tech.mail.ru
1. Immunitetni mustahkamlaydi
100 gramm gulkaram kunlik C vitamini me’yorini beradi. Bu kuchli antioksidant organizmni yallig‘lanishdan himoya qiladi va immunitetni oshiradi. Sabzavot tarkibidagi foydali moddalar himoya fermentlari ishlab chiqilishini rag‘batlantiradi va infeksiyalarga qarshi kurashishga yordam beradi.
2. Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish uchun eng yaxshi tanlov
Gulkaram 92 foiz suv va o‘simlik tolasiga boy. Shu tufayli u to‘yimli, kaloriyasi esa juda past. Kartoshka yoki guruch o‘rniga gulkaramni qo‘shimcha taom sifatida iste’mol qilish orqali vaznni nazorat qilish mumkin.
3. Yurak va qon tomirlarni himoya qiladi
Gulkaramdagi sulforafan qon bosimini pasaytiradi va tomirlardan xolesterin to‘planishining oldini oladi. Kaliy yurak mushaklarini qo‘llab-quvvatlaydi, antioksidantlar esa yurak-qon tomir kasalliklariga sabab bo‘luvchi oksidlanish jarayonlarini kamaytiradi.

Foto: Hi-tech.mail.ru
4. Ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi
Oddiy karamga qaraganda gulkaramdagi o‘simlik tolalari yumshoqroq. Pektin va organik kislotalar foydali ichak bakteriyalarini ko‘paytiradi, tolalar esa ichak faoliyatini yaxshilaydi.
5. Bosh miya uchun foydali
Gulkaram xolin moddasi ko‘p bo‘lgan kam sonli sabzavotlardan biri. Xolin nerv signallari yetkazuvchi moddalar hosil bo‘lishi, xotira va diqqatni yaxshilash uchun zarur. Atigi bir porsiya gulkaram xolinga bo‘lgan kundalik ehtiyojning o‘ndan bir qismini ta’minlaydi.

Foto: Hi-tech.mail.ru
6. Suyak va bo‘g‘imlarni mustahkamlaydi
K vitamini suyaklarni mustahkam qiladi va osteoporoz xavfini kamaytiradi. C vitamini esa kollagen ishlab chiqilishini rag‘batlantiradi, bu esa bo‘g‘imlarni yallig‘lanish va shikastlanishdan himoya qiladi.
7. Tabiiy detoksikatsiya vositasi
Gulkaram tarkibidagi glyukozinolat moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, toksinlarni chiqarishda yordam beradi. Ular detoks fermentlari ishini faollashtiradi va organizmning tabiiy tozalanish jarayonlarida yordam beradi.

Foto: Hi-tech.mail.ru
Gulkaramni qancha iste’mol qilish mumkin?
Diyetologlar vaziyatga qarab porsiya tanlashni maslahat berishadi. Garnir sifatida 200–250 gramm, salat yoki bo‘tqalarda esa 50–100 gramm yetarli bo‘ladi. Ratsionda xilma-xillik muhim, shuning uchun faqat gulkaram bilan cheklanib qolmaslik kerak.
Muhim: ichaklari o‘ta sezgir bo‘lgan odamlarda gulkaram gaz to‘planishini kuchaytirishi mumkin. Qalqonsimon bez bilan bog‘liq kasalliklari bor bemorlar esa shifokor bilan maslahatlashib iste’mol qilishlari kerak, chunki gulkaramdagi ayrim moddalar yod o‘zlashtirilishiga ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, ba’zilarda sabzavotdagi salitsilat moddasiga allergiya bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
