Sog‘lom ovqatlanish haqida gap ketganda, yong‘oqlar deyarli har doim foydali mahsulotlar ro‘yxatning boshida turadi. Ular to‘yimli, vitamin va minerallarga boy, organizm uchun koni foyda. Ular orasida grek yong‘og‘i alohida ajralib turadi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Uning tarkibida stressni kamaytirishga, diabetni nazorat qilishga va kamqonlikning oldini olishga yordam beradigan moddalar mavjud. Mutaxassislar uni bejizga “tabiiy vitaminlar ombori” deb atashmaydi.

Aslida yong‘oq emas

Qiziq fakt: grek yong‘og‘i botanika nuqtai nazaridan yong‘oq emas, balki danakli mevadir. U shaftoli, gilos yoki olchaga ko‘proq qarindosh.

Nega “grek” yong‘og‘i deb ataladi?

Foto: iStock

Nomining kelib chiqishiga bu yong‘oqning Rossiyaga Gretsiyadan olib kelingani sabab. Aslida esa u Xitoydan Hindistongacha, Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqacha bo‘lgan hududlarda ham o‘sadi.

“Xudolarning taomi”

Qadimgi Yunonistonda grek yong‘og‘i “xudolarning taomi” deb atalgan. Bunga uning shifobaxsh xususiyatlari sabab bo‘lgan. O‘sha davrlarda yong‘oqni oddiy xalq emas, faqat zodagonlar iste’mol qilishi mumkin edi.

Yurak va qon tomirlar uchun

Kuniga atigi bitta grek yong‘og‘i iste’mol qilish ham ateroskleroz xavfini kamaytiradi. Tarkibidagi omega-3 yog‘ kislotalari yurak urishini normallashtiradi, xolesterinni kamaytirib, tomirlarda quyqa hosil bo‘lishining oldini oladi. Shuningdek, yurak xuruji va insult xavfini kamaytiradi.

Qand kasalligida yordamchi

Foto: iStock

Diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun grek yong‘og‘i nihoyatda foydali. U ovqatdan keyin qondagi shakar darajasining keskin oshib ketishini oldini oladi, yallig‘lanishni kamaytiradi va moddalar almashinuvini yaxshilaydi.

Vitamin va minerallar xazinasi

Grek yong‘og‘ida temir, rux, mis, yod, selen, magniy va boshqa o‘nlab muhim elementlar mavjud. Shuningdek, A, E, C, PP, K va B guruhi vitaminlari bor. Ular asab tizimini mustahkamlaydi, stressni kamaytiradi, kamqonlikning oldini oladi va immunitetni kuchaytiradi.

Go‘zallik manbai

Yong‘oq tarkibidagi biotin (B7 vitamini) terini silliq va nam qiladi, soch to‘kilishining oldini oladi, tirnoqlarni mustahkamlaydi. Vitamin E esa soch va tirnoqlarga sog‘lom jilva bag‘ishlaydi, teriga esa tabiiy yorqinlik beradi.

Foto: iStock

Me’yorni unutmang

Yong‘oqlar kaloriyaga boy bo‘lgani uchun me’yorni saqlash kerak. Mutaxassislar kuniga 6–12 donadan oshirmaslikni tavsiya etadi. Ularni alohida iste’mol qilish, qahva, salat, bo‘tqa, desert va boshqa taomlarga qo‘shish mumkin.

От qwert.uz