
Kuz-qish mavsumida shamollash, gripp kabi respirator kasalliklar ko‘p uchraydi. Ularning dastlabki belgilari bir-biriga o‘xshash bo‘lgani uchun, odamlar ko‘pincha kasallikni e’tiborsiz qoldiradi yoki o‘zini noto‘g‘ri davolaydi. Aslida esa ilk simptomlarni to‘g‘ri tushunish, o‘z vaqtida choralar ko‘rish va shifokorga murojaat qilish — sog‘ayishning eng muhim kalitidir.
— Manba: «Daryo» nashri.
Shamollash boshlanishining ilk belgilari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- burunning bitishi;
- aksirish;
- tomoq og‘rig‘i;
- yo‘tal;
- bosh og‘rig‘i;
- holsizlik.
Bu simptomlarga yana quyidagilar qo‘shilishi mumkin: yuqori harorat, mushaklar og‘rig‘i, hid va ta’m bilishning yo‘qolishi, quloqlarda bosim sezilishi yoki burun atrofidagi boʻshliqlarda noqulaylik.

Odatda, shamollashga turli viruslar sabab bo‘ladi. Dastlabki alomatlar yuqtirgandan bir necha kun o‘tib namoyon bo‘ladi va kasallik odatda hech qanday asoratsiz 10–14 kun ichida o‘tib ketadi.
Shu bilan birga, gripp va koronavirus ham xuddi shunday belgilarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu kasalliklarni oddiy O‘RVI (yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi)dan ajratish har doim ham oson emas.
Odatda, gripp yuqori harorat, tanada og‘riq, bosh og‘rig‘i va ko‘z soqqalarida og‘riq belgilari bilan boshlanadi. Bunday holatda ko‘pincha burun bitishi, ko‘z yoshlanishi yoki yo‘tal kuzatilmaydi.
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, gripp hammada bir xil kechmaydi. Ba’zida bemorda isitma bo‘lmasligi yoki faqat biroz ko‘tarilishi mumkin, ammo burun oqishi va ko‘z yoshlanishi kabi alomatlar bo‘ladi.
COVID-19ni ham simptomlariga qarab aniqlab bo‘lmaydi, chunki u ham oddiy shamollash belgilariga ega bo‘lishi mumkin.
Agar kasal bo‘lsangiz, nima qilish kerak?
Boshqalarga yuqtirmaslik uchun to‘liq sog‘ayguningizcha uyda qoling. Belgilarni yengillashtirish uchun quyidagi usullarni sinab ko‘ring.

- Dam olish.
- Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish.
- Burunni oz miqdorda tuz qo‘shilgan suv yoki dorixonadagi fiziologik eritma bilan yuvish.
- Burun bitishini yengillashtirish uchun tomir toraytiruvchi dorilarni qo‘llash. Bunday dorilarni 2–3 kundan ko‘p ishlatmaslik kerak, aks holda burun bitishi yanada kuchayishi mumkin.
- Tomoq og‘rig‘ini yengillashtirish uchun lozenglar (shirin shakl) yoki spraylardan foydalanish.
- Uyda havoni namlash, nafas olishni osonlashtirish uchun.
- Xonani muntazam shamollatib turish.
- Agar isitma yoki bosh og‘rig‘i paydo bo‘lsa, og‘riqni kamaytiruvchi va isitmani tushiruvchi dorilarni qabul qilish.
Shuningdek, ahvolingizni diqqat bilan kuzatib borish muhim. Quyidagi holatlar yuz bersa, albatta shifokorga murojaat qiling:
- Yuqori harorat 3 kundan ko‘proq davom etsa.
- Shamollik alomatlari 10 kundan keyin ham yaxshilanmasa, aksincha, yomonlashsa.
- Nafas qisishi yoki ko‘krakda og‘riq sezsangiz.
- Yo‘tal 3 haftadan ortiq davom etsa.
- Sizda qandli diabet, yurak, o‘pka yoki buyrak bilan bog‘liq surunkali kasalliklar bo‘lsa.
- Sizning immun tizimingiz zaif bo‘lsa (masalan, kimyoterapiya tufayli).
Agar zarur bo‘lsa, shifokordan kasallik varaqasi rasmiylashtirib berishni so‘rang, shunda davolanib, ish haqida o‘ylamasdan to‘liq sog‘ayishingiz mumkin.
