Kaliforniya va Florida universitetlari psixologlari salbiy yangiliklarni tinimsiz o‘qish (“dumskroling”) organizmning tahdidlarga javob reaksiyasini o‘zgartirib, tashvish, charchoq va hatto PTSR alomatlari xavfini kuchaytirishini aytdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, cheksiz yangiliklar oqimidagi vahimali sarlavhalar va zo‘ravonlik tasvirlari nafaqat kayfiyatni buzadi, balki miyaning ishlashini ham o‘zgartiradi. Organizm “urish yoki qochish” rejimiga o‘rganib qoladi, bu esa stress tizimining buzilishiga va ruhiy salomatlikning yomonlashishiga olib keladi.

“Biz evolyutsion jihatdan tahdidlarni payqashga moslashganmiz. Ming yillar oldin bu yirtqichlardan qutulishga yordam bergan bo‘lsa, bugun xavotirli sarlavhalarga e’tibor qaratishga undamoqda”, deydi Kaliforniya universiteti psixologi E. Elison Xolman.

Olimlar ta’kidlashicha, doimiy salbiy xabarlar oqimi sababli stress tizimi tiklanishga ulgurmaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu holat odatiy mashg‘ulotlarga qiziqishni pasaytiradi, tashvish va umidsizlikni kuchaytiradi.

Tadqiqotchi Roksana Koen Silver bu zararli ta’sirni ilk bor 1999-yilda “Kolumbayn” maktabidagi fojia ortidan sezgan. Keyinchalik u buni 11-sentyabr teraktlari oqibatlari bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotida isbotladi: yangiliklarni ko‘proq kuzatgan odamlar ko‘proq sog‘liq muammolaridan shikoyat qilgan.

2013-yilda Boston marafonidagi teraktdan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarga senzurasiz, dahshatli suratlarni ko‘rsatdi.

“Biz bunday narsani ilgari hech qachon ko‘rmagan edik”, dedi Silver. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tasvirlar hatto voqea joyida bo‘lmagan odamlarda ham posttravmatik stress buzilishi alomatlarini (PTSR) yuzaga keltirishi mumkin.

От qwert.uz