So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan mouth taping, ya’ni tunda og‘izga maxsus skotch yopishtirib uxlash odati xorijiy shifokorlarni tashvishga solmoqda.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Xurrak otmaslik maqsadida tavsiya qilinadigan bunday usul tarafdorlari fikricha, u charchoqni kamaytiradi, uyquni yaxshilaydi va hatto nafasni tozalashga yordam beradi. Hatto ayrim kompaniyalar uyqu uchun mo‘ljallangan maxsus yopishqoq tasmalar ishlab chiqarishni boshlagan.

Ammo mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilmiy tadqiqotlar bu usulning foydasini isbotlamagan. Oregon universiteti shifokori Kimberli Hyutisonning aytishicha: “Bu mavzuda o‘tkazilgan tadqiqotlar juda kam, foydasi isbotlanmagan, qolaversa, xavfli bo‘lishi mumkin”.

Foto: Amazon

Asosiy xavf uyqudagi apnoe (tunda nafas olish to‘silib qolishi yoki tez-tez to‘xtab qolishi) kabi kasalliklarning yanada kuchayishi va hatto bo‘g‘ilish ehtimoli mavjudligidadir. Shifokorlar so‘ziga ko‘ra, og‘izdan nafas olib uxlash unchalik ham katta muammo emas, lekin baribir burun orqali nafas olish foydaliroq. Biroq og‘iz ochiq holda uyquga ketish ertalab og‘iz qurishi, tomoq qichishi va og‘iz gigiyenasi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Buni hal qilish uchun og‘izni lenta bilan yopish esa ta’sir qilmaydi.

Emori universitetidan doktor Devid Shulman so‘zlariga ko‘ra, maxsus tibbiy ko‘rsatma bo‘lganida yoki og‘ir hollarda CPAP (doimiy musbat havo bosimi beruvchi) apparatini qo‘llashni tavsiya qiladi. Bundan tashqari, chekishni tashlash va ortiqcha vazndan qutulish ham foyda beradi.

Foto: Everyday Health

Uyqu sifatini oshirishning eng to‘g‘ri yo‘li bu mutaxassis maslahatiga amal qilish, zarur bo‘lsa, uyqu testidan o‘tish va individual mos bo‘lgan davolash usullarni tanlashdir.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz