Proteinli qo‘shimchalar fitnes va bodibilding bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan mushak massasini oshiruvchi vosita yoki ovqat o‘rnini bosuvchi mahsulot sifatida iste’mol qiladi. Biroq so‘nggi tadqiqotlar oqsilli batonchiklar va kokteyllarning sog‘liq uchun jiddiy xavflarini borligini tasdiqlamoqda.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Times nashriga ko‘ra, ortiqcha protein iste’moli oshqozon-ichak tizimini ishdan chiqarishi, buyrakda toshlari paydo bo‘lishi va onkologik kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Kattalar uchun kunlik oqsil me’yori tana vaznining har bir kilogrammiga 0,75 grammni, o‘smirlar uchun esa 1 grammni tashkil etadi. Bu miqdordan ortiq protein tanaga ortiqcha yuk bo‘lib, zaharli moddalarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Oqsillar organizmda parchalanganda, yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiruvchi va hujayralarning genetik tuzilmasiga zarar yetkazuvchi yon mahsulotlar hosil bo‘ladi. Bu esa ichak saratoni kabi xavfli kasalliklarning rivojlanish ehtimolini oshiradi.

Foto: Healthline

Proteinli batonchiklar va kukunlar asosan qayta ishlangan mahsulotlar turiga kiradi. Ularning tarkibida emulgatorlar, quyuqlashtiruvchi moddalar, sun’iy hid beruvchi va ta’m beruvchilar mavjud. Mayo Clinic mutaxassislarining fikricha, bunday mahsulotlar sog‘lom odamlarda muammo tug‘dirmasligi mumkin, biroq ularni uzoq muddat va me’yordan ortiq iste’mol qilish ichak mikrobiomini buzadi, foydali bakteriyalar sonini kamaytiradi va yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi.

Medical News Today va Food Network nashrlarida e’lon qilingan maqolalarda ko‘rsatilishicha, proteinli qo‘shimchalarning ko‘pchiligi “foydali” degan yozuv bilan sotilsa-da, ularning aksariyati tuz, shakar va to‘yinmagan yog‘ miqdoriga to‘la. Ba’zilarida esa og‘ir metallar yoki xavfli kimyoviy moddalar ham aniqlangan.

Foto: iStock

Shu sabablo diyetolo va nutritsiologlar quyidagi tavsiyalarni beradi:

• Proteinli qo‘shimchalarni asosiy ovqat o‘rnida emas, balki qo‘shimcha sifatida iste’mol qilish kerak;

• Mahsulot yorlig‘idagi tarkibni diqqat bilan o‘qish, sun’iy qo‘shimchalar, shakar va yog‘ miqdoriga e’tibor berish lozim;

• Oqsilning asosiy manbai tabiiy mahsulotlar — go‘sht, baliq, tuxum, loviya, yong‘oq va sut mahsulotlari bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz