
Bel og‘rig‘i bugungi kunda eng keng tarqalgan muammolardan biri hisoblanadi. Uni ko‘pchilik oddiy charchoq yoki vaqtinchalik noqulay holatda qolishning asorati sifatida qabul qiladi, biroq mutaxassislar bunday yondashuvning xavfli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
— Manba: «Daryo» nashri.
Rossiyalik neyrolog, bel churrani davolash mutaxassisi Aleksandr Tkachyov bel og‘rig‘i bo‘yicha eng mashhur, ammo foydasiz maslahatlarni sanab o‘tdi.
Inson tanasining asosiy tayanchi bo‘lgan umurtqa pog‘onasi murakkab tuzilishga ega. U harakatlanish, muvozanatni saqlash va ichki a’zolarni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli bel sohasidagi har qanday o‘zgarish va og‘riqlarga mas’uliyat bilan e’tibor qaratish zarur.
Bel og‘rig‘iga olib keluvchi asosiy omillar
Neyrologlar fikricha, bel og‘rig‘ining kelib chiqishida tashqi va ichki omillar muhim rol o‘ynaydi. Ular orasida:
- doimiy og‘ir jismoniy yuklama;
- badantarbiya qilinmasdan bajarilgan keskin harakatlar (burilish, egilish, aylanish);
- harakatsiz turmush tarzi va o‘tirib ishlash;
- ortiqcha vazn;
- homiladorlik davri;
- suyak zichligini kamaytiruvchi osteoporoz kabi kasalliklar bor.
Bularning barchasi umurtqa pog‘onasiga ortiqcha bosim yuklaydi va og‘riqni keltirib chiqaradi.
Belni davolashda qo‘llanadigan 5 ta samarasiz usul
.jpg)
Ko‘pchilik bel og‘rig‘i paytida “xalq tomonidan sinovdan o‘tgan” deb hisoblanadigan usullarga murojaat qiladi. Ammo tibbiy nuqtai nazardan bu usullar nafaqat foydasiz, balki ayrim hollarda sog‘liq uchun xavfli hamdir.
1. Uyda og‘riq qoldiruvchi dorilar bilan davolanish
Ha, ba’zida og‘riq bir necha kundan so‘ng o‘tib ketadi. Ammo bu dorining ta’siri emas, balki organizmning o‘zini tiklash qobiliyatidir. Agar og‘riq uzoq davom etsa, uni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. O‘zboshimchalik bilan davolanish surunkali yallig‘lanish, churraning shakllanishi yoki harakatlanish cheklanishiga olib kelishi mumkin.
2. Manual terapevtga (suyaklarni o‘rniga soluvchi) murojaat qilish
So‘nggi yillarda manual terapevtlar soni ortib bormoqda. Ammo ularning aksariyati tibbiy diplomga ega emas. Ular umurtqa bilan bir qatorda paylar, asab tolalari yoki orqa miya disklarini ham shikastlashi mumkin. Eng yaxshi holatda siz faqat mablag‘ yo‘qotasiz, yomon holatda esa jiddiy nevrologik muammolarga duch kelasiz.
3. Nazoratsiz uqalash bilan davolanish
Massaj foydali fizioterapevtik usul bo‘lishi mumkin, biroq u faqat malakali mutaxassis tomonidan, to‘g‘ri tashxis asosida va kerakli vaqtda o‘tkazilgandagina samarali bo‘ladi. Aks holda, qo‘pol harakatlar yallig‘lanishni kuchaytirib, shish va og‘riqni yanada oshiradi.
4. Issiqlik yordamida (grelka yoki kompress bilan) davolanish
Issiqlik mushaklarni bo‘shashtiradi, lekin yallig‘lanish yoki yangi jarohat paytida bu usul og‘riqni kuchaytiradi. Bunda issiqlik qon oqimini faollashtirib, shishni ko‘paytiradi va og‘riqni yanada kuchaytiradi. Shuning uchun og‘riq sababi aniqlanmaguncha bunday usulni qo‘llash tavsiya etilmaydi.
5. Faol jismoniy mashqlar bilan og‘riqni “bosish”
Harakatning o‘zi foydali bo‘lsa-da, bel og‘rig‘i kuchaygan paytda jismoniy yuklama xavfli bo‘lishi mumkin. Bunda mushaklar bo‘shashadi, bo‘g‘imlar qotadi, qon aylanishi yomonlashadi. Ayniqsa, keskin mashqlar yoki og‘ir yuk ko‘tarish og‘riqni kuchaytiradi. Reabilitatsiya davrida esa yengil mashqlar tavsiya etiladi.
Bel og‘rig‘i paytida to‘g‘ri harakatlar qilish
.jpg)
Belda og‘riq paydo bo‘lishining sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: mushak spazmi, osteoxondroz, churra, yallig‘lanish yoki ichki a’zolardagi patologiyalar. Ammo na oddiy massajchi, na bemorning o‘zi aniq tashxis qo‘ya olmaydi.
Shuning uchun neyrolog yoki orqa miya mutaxassisiga murojaat etish zarur. Malakali shifokor batafsil tekshiruv o‘tkazadi, zarur laborator va instrumental tahlillarni belgilaydi va aniq tashxis asosida individual davolash rejasini tuzadi.
Bel og‘rig‘ining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar
- Faol turmush tarziga rioya qiling, biroq jismoniy mashqlarni shifokor tavsiyasiga ko‘ra tanlang.
- Qulay yotoq tanlang. Yonboshlab uxlaganda tizzangiz orasiga kichik yostiq qo‘ying; orqangizda uxlaganda esa tizzangiz ostiga yostiq joylashtiring. Bu umurtqa uchun eng tabiiy holatni yaratadi. Qorin bilan uxlash esa umurtqaga ortiqcha bosim beradi.
- Sog‘lom ovqatlaning. O‘rta Yer dengizi parheziga yaqin ovqatlanish modeli tavsiya etiladi. U suyak va mushak to‘qimalarining mustahkamligini ta’minlaydi.
- Tana vaznini nazoratda tuting. Ortiqcha vazn umurtqaga bosimni oshiradi va og‘riq xavfini ko‘paytiradi.

Sevara Soliyeva
