
Kuz kelishi bilan ko‘pchilik tongda uyg‘onishga qiynaladi, kun bo‘yi diqqatni jamlash oson kechmaydi va bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati cheksizdek tuyuladi. Bunday paytda ko‘pincha kofe yoki shirinliklarga suyanib olishga shoshilamiz, lekin energiyaga to‘lishning tabiiy va foydali yo‘llari ham mavjud.
— Manba: «Daryo» nashri.
Quyida sizga uyqusizlik va charchoqni yengib o‘tishda yordam beradigan eng samarali 10 ta mahsulotni taqdim etamiz.
1. Bananlar — tabiiy energetik

Banan darhol energiya beradigan meva. U B6 va B9 vitaminlariga boy bo‘lib, asab tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va kayfiyatni ko‘taradi. Shuningdek, kaliy va magniyga boyligi tufayli mushaklarning tonusda bo‘lishiga va kun davomida tetiklikni saqlashga yordam beradi.
Bananning foydasi uzoqroq davom etishi uchun meva bilan bir chimdim yong‘oq ham yeyish mumkin.
2. Suli yormasi — sekin hazm bo‘ladigan uglevodlar manbai

Ko‘pchilik uchun bolalikdan tanish nonushta bo‘lgan suli yormasi murakkab uglevodlar va eruvchan o‘simlik tolalariga boy bo‘lib, uzoq vaqt to‘q tutadi. U B guruhi vitaminlari, magniy, fosfor va kaliyni ham o‘z ichiga oladi, ushbu moddalar esa charchoqni yengishda yaxshi samara beradi.
Suli yormasini past olovda sekin va uzoq qaynatish hamda yong‘oqlar bilan iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.
3. Tuxum — oqsil va vitaminlar koni

Tuxum tarkibidagi oqsillar to‘qimalarni tiklash va o‘sish uchun zarur. Tuxumda selen, fosfor, temir, B guruhi vitaminlari va A vitamini ham mavjud bo‘lib, ular xotira va miyani rivojlantirishga yordam beradi.
Tonggi tuxum bilan pishirilgan sabzavotlar va butun donli non bilan boshlash kun davomida energiyaga to‘la bo‘lishning ideal yechimidir.
4. Ismaloq — tetiklik beradigan ko‘kat

Ismaloq temirga boy bo‘lib, kislorod bilan tanani to‘yintiradi, bu esa miya va mushaklar uchun juda muhim. Ismaloqda kaliy, magniy va B guruhi vitaminlari ham mavjud. Uni smuzi, salatlar yoki tuxumli quymoqlarga qo‘shish mumkin. Limon, yong‘oq va olma bilan birga tayyorlangan ismaloqli smuzi esa bir necha soat davomida sizga energiya beradi.
5. Kinoa — haqiqiy superfud

Kinoa murakkab uglevodlar va o‘simlik oqsili bilan boy bo‘lib, uni tabiiy superfud deb atashadi. Ushbu mahsulot mushaklar uchun zarur bo‘lgan aminokislotalarga ega va tanani energiya bilan to‘yintiradi.
Shuningdek, kinoada temir, magniy va B guruhi vitaminlari mavjud. Kinoa tez tayyorlanadi, yashil sabzavotlar va qizil baliq bilan yaxshi ta’m beradi.
6. Jigarrang guruch — uzoq vaqtga yetadigan energiya asosi

Jigarrang guruch tabiiy va qayta ishlanmagan don bo‘lib, oq guruchga nisbatan foydaliroq. Unda murakkab uglevodlar, B guruhi vitaminlari, magniy, marganets, selen, rux, temir va o‘simlik tolalari mavjud. Bu komponentlar sog‘liqni mustahkamlaydi va energiya beradi.
Jigarrang guruchni parranda go‘shti va sabzavotlar bilan iste’mol qilish lozim.
7. Yunon yogurti — ham oson, ham qulay mahsulot

Agar taom tayyorlash uchun vaqtingiz bo‘lmasa, yunon yogurti qulaydir. U oqsil va probiotiklarga ega bo‘lib, mushaklar va hazm tizimi uchun foydalidir. Yogurtga yong‘oq yoki meva qo‘shish esa quvvatni uzoqroq saqlashga yordam beradi.
8. Yong‘oq va urug‘lar

Keshyu, bodom, yong‘oq, qovoq, zig‘ir va chia urug‘lari omega-3 yog‘ kislotalariga ega, ular miya faoliyati va ishchanlik qobiliyati uchun zarur. Yong‘oq va urug‘larni yoningizda olib yurish ham oson.
9. Qahva

Kofein tezda asab tizimini stimulyatsiya qiladi, diqqatni oshiradi va tetiklik beradi. Ammo qahvaning miqdor va uni ichish vaqtga e’tibor berish muhim. Kuniga 1–2 finjondan ortiq ichmang va kunning birinchi yarmidan keyin qahvadan voz keching.
10. Qora shokolad

Qora shokolad kofein, teobromin va flavonoidlarga boy bo‘lib, qon aylanishini yaxshilaydi va miyani kislorod bilan to‘yintiradi. Shokoladdagi kakao darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, shuncha foydali. Uni ovqatdan keyin iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Sevara Soliyeva
