Bugun, 23-iyul kuni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi majlislar zalida “Haj — 2019” mavsumi oldidan OAV uchun brifing tashkil etildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.

Foto: O‘zA

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan “Haj — 2019” mavsumi haqida batafsil ma’lumot berdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Bir necha yildirki, Haj va Umra tadbirlarining tashkiliy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tavsiyalari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish, o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qaror va takliflari asosida yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

2016-yilda 5 ming nafar ziyoratchi Haj safariga borgan bo‘lsa, 2017-yildan buyon ularning soni 2 ming nafarga ko‘payib, umumiy ko‘rsatkich 7 mingga yetdi. Bu yil ham xuddi shuncha mo‘min-musulmon yurtdoshim Haj ibodatini ado etishi kutilmoqda.

O‘tgan yillardan farqli ravishda bu yil hojilar safar oldidan O‘zbekistonda bo‘lib turgan paytlaridayoq o‘zlarini ham ma’nan, ham ruhan tayyorlab, ulug‘ safarga munosib bo‘lish maqsadida ijtimoiy ko‘makka muhtoj shaxslar, kam ta’minlangan oilalar va aholi uchun xayriya yordami sifatida o‘z tashabbuslari bilan 9 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatdi.

Eng muhimi, hojilik maqomiga erishadigan inson din-u diyonatni yaxshi tushunadigan, mahalla-ko‘yga yordam ko‘rsatadigan, oilasi tinch, har tomonlama munosib shaxs bo‘lishiga e’tibor qaratildi.

Bu yilgi ziyoratchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, haj ibodati bilan bog‘liq amallarni tartibli ado etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida guruh rahbarlari va ziyoratchilar uchun safaroldi o‘quvlari tashkil etildi.

Joriy yildan e’tiboran Saudiya Arabistonida barcha turdagi xizmatlarga 5 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i va mehmonxonalarga yana 2,5 foizlik soliq kiritildi. Bu, o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish narxlari oshishiga sabab bo‘ladi. Lekin o‘zbekistonlik har bir ziyoratchi uchun belgilagan xizmatlar narxi oshirilishi o‘rniga, sezilarli darajada tushirildi.

Prezident tashabbusi bilan Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi bo‘yicha har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ 33 million 300 ming so‘m etib belgilandi. Ya’ni narx 5 million so‘mga arzonlashtirildi.

Bu taraqqiyotning yangi davrida davlat rahbari tomonidan islom dini arkonlarini ado etish uchun ulkan shart-sharoitlar yaratib berilayotgani va xalqga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Yana bir muhim yangilik, bu yil o‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida birinchi marotaba “Masjid an-Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan besh yulduzli “Pulman zamzam” mehmonxonasiga joylashadi. Makka shahrida esa Haramdan uzoq bo‘lmagan to‘rt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qiladi. Hojilar uchun 24 soat davomida zamonaviy avtobuslar bepul xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston hojilari joriy yilning 24-iyul — 3-avgust kunlari Toshkent—Madina, Buxoro—Madina, Samarqand—Madina, Qarshi—Madina, Urganch—Madina, Namangan—Madina Nukus—Madina yo‘nalishlarida haj safariga kuzatiladi. Hojilar 17-avgust — 1-sentyabr kunlari mamlakatga qaytib kelishi rejalashtirilgan.

От qwert.uz