Immunitetni mustahkamlovchi giyohli choylar

Tarkibida kofein bo‘lmagani sabab ham giyohli choylar organizm uchun foydali sanaladi. Turli o‘simliklar barcha a’zolar tizimi faoliyatini me’yorlashtirib, uyqu bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishi, hatto qarish jarayonini ham sekinlashtirishi mumkin. Shamollash avj olgan, kasalliklarni yuqtirib olish xavfi, ayniqsa, yuqori bo‘lgan kuz-qish mavsumida immunitetni mustahkamlovchi, organizmni virus va bakteriyalardan himoya qiluvchi giyohli choylar har qachongidan ham dolzarb bo‘ladi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Harper’s Bazaar

Chakanda (oblepixa)li choy

A va E vitaminlarga boy bo‘lgan mazkur choy hujayralarni zararli radikallardan himoya qilib, yallig‘lanishni bartaraf qiladigan, regeneratsiya jarayonini jadallashtiradigan tabiiy antioksidantlarning koni ekani bilan o‘ziga xosdir. Tarkibidagi C vitamini hisobiga immunitetni yaxshilaydi, undagi K vitamini esa yurak va qon tomir devorlarni mustahkamlab, elastikligini oshiradi.

Jo‘ka (lipa)dan tayyorlangan choy

Jo‘ka (lipa)dan tayyorlangan choy immunitetni mustahkamlaydigan, terining go‘zal va sog‘lom ko‘rinishini ta’minlab, erta ajin tushishining oldini oladigan C vitaminining koni sanaladi. Undagi flavonoidlar yurak bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olib, hazm tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, organizmdan shlak va toksinlarni chiqaradi. O‘simlik tarkibidagi efir yog‘i asablarni tinchlantirib, charchoq va zo‘riqishga qarshi samara beradi.

Karkade choyi

Ajib rang va ta’mga ega bo‘lgan karkade arterial qon bosimni me’yorlashtirib, qon tomirlar devorini mustahkamlaydigan antotsian va rutin moddalarini o‘z ichiga oladi. Karkadedan tayyorlangan ichimlik “yomon” xolesterinni eritib, “yaxshi”si ishlab chiqarilishiga hissa qo‘shadi. C vitamin bisyor ekani hisobiga virus va kasalliklarga qarshi kurashishda yordam beradi. Undagi temir, kaliy, fosfor, natriy, rux va magniy mikroelementlari esa miya faoliyati va asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi. Shuning hisobiga iste’molidan keyin diqqat qilish va ish samaradorligining oshishi kuzatiladi.

Qorag‘at (smorodina) yaproqlaridan tayyorlangan choy

Qorag‘at (smorodina) yaproqlarida immunitet va teri holati uchun ahamiyatli bo‘lgan C vitaminidan tashqari, bo‘g‘imlar salomatligi uchun foydali bo‘lgan antotsianlar ham serob bo‘ladi. Omega-3 kislotasining koni ekani hisobiga xolesterinning erishi kuzatiladi, bu esa yurak-qon tomir tizimiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Tarkibidagi magniy esa asab tizimi faoliyatini me’yorlashtirib, miyaning kislorod bilan yaxshi ta’minlanishiga hissa qo‘shadi.

Malina yaproqlaridan tayyorlangan choy

Malina yaproqlaridan tayyorlangan ichimlik ayollarga xos kasalliklar va spazmga qarshi eng yaxshi vositalardan biri sanaladi. Yurak va hazm kasalliklarini davolashdan tashqari, milk bilan bog‘liq muammolarni ham bartaraf qiladi. Bir qancha foydali xususiyatlarga ega ekaniga qaramay, buyrak kasalliklari, surunkali qabziyat, ichaklar va oshqozonida muammosi bor, bronxial astmadan aziyat chekadiganlarga bunday choy ichish tavsiya qilinmaydi.

Dalachoy (zveraboy)dan tayyorlangan choy

Dalachoy mikroblarga qarshi faol kurashuvchi, hatto eng xavfli bakteriyalarni ham yo‘q qiluvchi mitseren moddasini o‘z ichiga oladi. Undagi geraniol esa ichaklar bilan bog‘liq muammolardan tashqari, oshqozon kasalliklarining ham oldini oladi. Ushbu giyohli choy uyqusizlik, asabiylashish va depressiyada yaxshi samara beradi. Tarkibidagi C va B vitaminlari moddalar almashinuvini yaxshilab, immunitetni mustahkamlaydi.

Momaqaymoy (qoqi o‘t)li choy

Momaqaymoyli choy kofeinsiz qahva o‘rnini bosishi mumkinligi bilan o‘ziga xosdir. Ushbu ichimlik miyaga ijobiy ta’sir qilib, ichaklar faoliyatini yaxshilaydi. A vitaminining manbayi ekani tufayli ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq muammolarning oldini oladi. Xlorafill mujassam ekani sabab jigar ahvoli ham me’yorlashadi, A, C va K vitaminlari esa yallig‘lanishga qarshi kurashadi.