Ozish bilan bog‘liq tarqalgan tushunchalar orasida kech soat oltidan keyin ovqatlanmaslik kerak degani, ayniqsa, keng tarqalgan. Aslida, bu unchalik yanglish tushuncha emas. Kechasi ovqatlanish darhaqiqat zararli, ammo bu aynan soat 18:00 dan keyin odam o‘zini butkul cheklashi kerakligini bildirmaydi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

So‘nggi iste’mol qilingan ovqat uyqudan 4 soat avval yeyilgan bo‘lishi kerak. Agar 10 da uxlasangiz, unda 6 da ovqatlansangiz bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, nima uchun kechasi ovqatlanish organizm uchun zararli hisoblanadi, Harper’s Bazaar nashri bu haqida ma’lumot berib o‘tadi.

Foto: Freepik

Tunda nafaqat miya, balki butun organizm uyquga ketadi. Uyqu vaqtida organizmdagi barcha jarayonlar, shu jumladan, hazm tizimi ham sekinlashadi. Agar uxlashdan avval biror nima iste’mol qilingan bo‘lsa, deyarli “uyquda” bo‘lgan ichaklar bor kuchi bilan ovqatni hazm qilmoqchi bo‘ladi, ammo buning uddasidan chiqa olmaydi.

Odatdagidek hazm bo‘la olmagan taom ingichka ichaklar devorida so‘rilmaydi va yo‘g‘on ichakda patogen mikroflora ta’sirida toksinga aylanadi. Bu kishi o‘zini yomon his qilishi, qorinda og‘riq va og‘irlik hissining paydo bo‘lishi, shuningdek, vazn ortishiga olib keladi.

Kechasi ovqatlanishning yana bir zararli tomoni insulin bilan bog‘liq. Gap shundaki, har safar ovqatlangandan keyin insulin ajraladi. Tunda esa organizmga energiya kerak bo‘lmaydi. Shuning hisobiga jigar va yog‘ hujayralaridagi shakarning qayta taqsimlanish jarayonida muammo kuzatiladi. Qolaversa, ovqatlangandan keyin darhol uxlagan odam yomon kayfiyat bilan uyg‘onadi.

Agar uyqudan 1-2 soat biror nima yegingiz kelib qolsa, unda 1 stakan kefir ichish tavsiya qilinadi. Uning butkul hazm bo‘lishi va organizm undan maksimal foyda olishi uchun 1,5-2 soat kifoya. Kalsiyga boy hisoblangan kefirda laktoza sutdagidan ancha kamroq bo‘ladi. Kaloriyasi ham ko‘p emasligi hisobiga vazni ortib ketmasligini istovchilar uchun u ayni muddao.

От qwert.uz