10 kunlik to‘g‘ri ovqatlanishdan keyin tanada qanday o‘zgarish yuz beradi?

Ko‘pchilik o‘ziga vazn kamaytirish va salomatlikni yaxshilash uchun yangi yildan to‘g‘ri ovqatlanishni boshlashga va’da beradi. Biroq bu fikrdan tezda voz kechadiganlar ham bor, chunki ular kutgan natijani darrov ko‘ra olmaydi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Haqiqatan ham, muvozanatli ovqatlanib, darhol vazn yo‘qotish yoki o‘zini yaxshi his qilishga erishib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, atigi 10 kun ichida tanada ijobiy o‘zgarishlar allaqachon ro‘y berishni boshlaydi. Qolaversa, quyidagi ma’lumotlar uzoq vaqt davomida motivatsiyaga ega bo‘lmaganlarga ratsionini kuzatishga yordam beradi.

Foto: Pinterest

Ko‘pgina sog‘lom ovqatlanish tizimlarining asosiy tamoyillaridan biri ratsiondan shakar va tez uglevodlarni cheklashdir. Dastlab, bu cheklov ayrim alomatlarni keltirib chiqarishi mumkin. “Shakar miya faoliyatini rag‘batlantiradi, bu ko‘proq shakarli ovqatlar iste’mol qilishga olib keladi, – deydi diyetolog Rob Xobson The Telegraph nashriga.  – Shakarni cheklashda ba’zi odamlar charchoq, kayfiyatning pastligi va konsentratsiyaning pasayishi kabi ma’lum alomatlarga duch kelishi mumkin”.

Biroq bu faqat qisqa muddatli bo‘lib, ular umumiy salomatlikning yaxshilanishi bilan to‘liq qoplanadi. Shunday qilib, Xobsonning so‘zlariga ko‘ra, shakar va uglevodlarni cheklash qo‘shimcha kilogrammni yo‘qotishga yordam beradi, ichak faoliyatini yaxshilaydi, energiya darajasini oshiradi va qandli diabet va yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi.

To‘g‘ri ovqatlanishga o‘tishda ko‘pchilik o‘z oldiga qo‘ygan yana bir maqsad go‘sht iste’mol qilmaslikdir. Bu ham bir necha kun ichida yaxshi natija beradi.

Yozuvchi va o‘simliklardan tayyorlanadigan retseptlar muallifi Reychel Amaning ta’kidlashicha, go‘shtdan voz kechgandan 10 kun o‘tgach, u o‘zini ancha yengil va baquvvat his qila boshlagan. “Men avval ovqatdan keyin o‘zimni juda og‘ir his etardim, lekin go‘sht iste’mol qilmaganimda odatda bo‘ladigan og‘irlik va noqulaylikni his qilmadim”, – deydi Reychel.

Ammo butunlay vegetarian bo‘lish shart emas. Yog‘li go‘shtdan voz kechish ham yaxshi fikr. Bu ovqat hazm qilish tizimining ishiga ijobiy ta’sir qiladi, chunki diyetologlar go‘shtni almashtirishni tavsiya qiladigan sabzavotlar, mevalar va donlar ichaklarda foydali bakteriyalarning ko‘payishiga yordam beradi.

To‘g‘ri ovqatlanishning deyarli har bir tizimi spirtli ichimliklarni majburiy rad etishni ham talab qiladi. Ko‘rinib turganidek, bosh og‘rig‘idan tashqari, bu qaror boshqa bir qator o‘zgarishlarga olib keladi.

Birinchidan, yuz rangi yaxshilanadi va shish yo‘qoladi, ikkinchidan, energiya va konsentratsiya darajasi oshadi. Uchinchidan, uyqu sifatiga ijobiy ta’sir etadi. “Uyqu yaxshilanadi va ertalab o‘zingizni ko‘proq dam olgandek his qilasiz”, – deydi professor Devid Natt. Bundan tashqari, professorning fikriga ko‘ra, alkogol mahsulotlarisiz bor-yo‘g‘i o‘n kun ichida jigar faoliyatini tiklaydi va qon bosimini me’yorga keltiradi.