Avokadoning qanday foydali xususiyatlari bor?

Bir qancha foydali xususiyatlarga ega avokado uy bekalarining oshxonalaridan tezgina joy egalladi. Bu meva, sabzavot yoki hatto rezavor bo‘ladimi, bunisi muhim emas. Asosiysi, avokadolar juda foydali va sog‘liqning barcha ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Pinterest

Avokado, ehtimol, dunyodagi eng mashhur super mahsulotdir. U eng foydali o‘simlik mahsulotlaridan biri hisoblanib, u asosiy va shirin taomlarda, dunyoning an’anaviy oshxonalarida va zamonaviy retseptlarda keng qo‘llaniladi.

Oziq moddalarning ajoyib manbai

Avokado sog‘lom yog‘lar va kletchatkaning konsentrlangan manbai, shuningdek, vitamin va minerallar omboridir. Avokado odamlarning ratsionida yetishmaydigan ozuqa moddalariga boy, jumladan magniy, B6, vitamin C, E vitamini va foliy kislotasi. Shuningdek, sog‘lom immunitet tizimi uchun zarur bo‘lgan oziq moddalarni o‘z ichiga oladi: C, B6 va E vitaminlari.

Qolaversa, avokadoning yarim bo‘lagi yallig‘lanishni bostirishga va tana hujayralarini oksidlovchi shikastlanishdan himoya qilishga yordam beradigan B6 vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojning 30 foizini ta’minlaydi. B6 ni yetarli darajada iste’mol qilmaslik immunitet funksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va kasalliklarga moyilligini oshirishi mumkin.

Ichak salomatligi uchun foydali

Avokado kletchatkaga boy – har bir mevada taxminan 14 gramm. Bu ichaklarning sog‘lom ishlashi va undagi foydali bakteriyalarning ko‘payishi uchun zarur bo‘lgan kunlik qiymatning deyarli yarmidir.

Ortiqcha vaznli 163 nafar kattalar ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 12 hafta davomida har kuni 175 gramm (erkaklar) yoki 140 gramm (ayollar) avokado iste’mol qilgan odamlarda safro kislotasi konsentratsiyasi pastroq bo‘lgan.

Ma’lumot uchun: o‘t kislotalarining yuqori konsentratsiyasi ichakning yallig‘lanishiga olib keladi. Bu salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan va hatto yo‘g‘on ichak saratoni xavfini oshiradigan mikroblarning ko‘payishi bilan bog‘liq.

Yurak kasalliklarida xavf omillarini kamaytirishga yordam beradi

Avokado kabi ozuqaviy moddalarga boy oziq-ovqatlarni muntazam iste’mol qilish yurak kasalliklaridan himoya qiladi. Avokado tarkibidagi vitamin, mineral, sog‘lom yog‘ va kletchatkalar yurak-qon tomir salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, avokadoga boy ratsion yurak kasalliklarida xavf omillarini kamaytirishga yordam beradi

Bundan tashqari, avokadolar yurakni himoya qiluvchi HDL (yuqori zichlikdagi lipoprotein) xolesterinini oshiradi, shuningdek, asosan ateroskleroz va bakterial devorlarda quyqa to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan LDL (past zichlikdagi lipoprotein) xolesterinini kamaytiradi. Avokado tarkibidagi kaliy va magniyning yuqori miqdori qon bosimini tartibga solish va yurak kasalliklarining oldini olish uchun ham foydalidir.

Antioksidant va yallig‘lanishga qarshi birikmalar koni

Qo‘shimcha ravishda avokado tarkibida karotenoid, C, E vitaminlari va fenollar kabi bioaktiv birikmalar mavjud. Ushbu moddalar sezilarli antioksidant, neyroprotektiv va kardioprotektiv ta’sirga ega.

Avokado tarkibida antioksidantlar ko‘p bo‘lganligi sababli ularni muntazam iste’mol qilish tananing himoya kuchlarini oshirishga yordam beradi. Shunday qilib, 45 kishi ishtirok etgan bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, avokadolarni har kuni iste’mol qilish avokadosiz odatdagi ratsionga nisbatan qondagi lutein darajasini oshiradi. Bundan tashqari, avokadolarda mavjud bo‘lgan yuqori darajadagi antioksidant, masalan, C vitamini va karotinoid, idrok, yurak salomatligini yaxshilash va boshqa ko‘plab foydalarga boy.

Sog‘lom tana vaznini saqlashda yordam beradi

To‘yimli va muvozanatli ovqatlanish salomatlikni saqlash uchun eng muhimi hisoblanadi. Avokadoning kaloriyasi yuqori bo‘lsa-da, ozuqaviy moddalarga boy bo‘lib, tezda to‘yinganlik hissini beradi.

Umuman olganda, ko‘proq kletchatka iste’mol qiladigan odamlar, ratsionda bu ozuqaviy moddalarga ega bo‘lmaganlarga qaraganda sog‘lom tana vaznini saqlab qoladi. Bundan tashqari, bir qator tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, avokado iste’moli vazn yo‘qotish, qorin bo‘shlig‘idagi yog‘ miqdori kamayishi va ortiqcha ovqatlanmaslik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Homiladorlik va laktatsiya davrida parhez uchun ajoyib mahsulot

Homiladorlik va laktatsiya davrida ozuqaviy moddalariga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada oshadi. Afsuski, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab homilador ayollar tavsiya etilgan miqdorda foliy kislotasini olmaydi va bu asoratlar xavfini oshirishi mumkin.

Bir dona avokado homiladorlik paytida tavsiya etilgan foliy kislotasining 27 foizini ta’minlaydi. Bundan tashqari, avokado tarkibidagi kletchatka homilador ayollar orasida keng tarqalgan qabziyatning oldini oladi.